Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:55

Nukusda IIB xodimining niqob taqmagan yigitga kuch qo‘llashi norozilikka sabab bo‘ldi (VIDEO)


Niqob taqmagan yigitga nisbatan IIB xodimining shafqatsizligi ijtimoiy tarmoqlarda qoralandi.
Niqob taqmagan yigitga nisbatan IIB xodimining shafqatsizligi ijtimoiy tarmoqlarda qoralandi.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida IIB xodimining yigirma yoshlar atrofidagi yigitni yerga yotqizib, bo‘ynini tizzasi bilan bosib olgani aks etgan video 16 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Jamoat joyida niqob taqmagan yigitga bu qadar shafqatsiz munosabatda bo‘linishi tarmoqlarda keng qoralanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan qoraqalpog‘istonliklarning aytishicha, voqea 14 iyun kuni Nukus shahrining eski shahar qismidagi avtovokzal hududida "maska operatsiyasi" payti ro‘y bergan.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi o‘z xodimining videoda aks etgan harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazayotganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Vazirlik matbuot xizmati mulozimi tibbiy niqobini taqmagan, karantin qoidalariga amal qilmay taksichilik faoliyati bilan shug‘ullangan 22 yoshli yigit IIB xodimining​ qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatganini ham aytdi.

16 iyun kuni Telegram tarmog‘ining "Qaraqalpaqstan jaslari" kanalida tarqalgan videoda IIB xodimi 20 yoshlar atrofidagi yigitni tizzasi bilan yerga bosib olgani aks etgan.

Atrofga to‘plangan odamlar militsiya xodimidan "bo‘g‘ma bolani, o‘ldirib qo‘yasan", deb so‘raydi.

Нукусда ИИБ ходимининг ниқоб тақмаган йигитга куч қўллаши норозиликка сабаб бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:08 0:00

"Qaraqalpaqstan jaslari" kanalida videoni ulashgan nukuslik Sanjar ismli foydalanuvchi IIB xodimi niqob taqmagan yigitga oshig‘ich kuch qo‘llaganini aytdi:

- To‘g‘ri koronavirus tarqalishi oldini olish uchun maska taqish kerak, lekin buning uchun qo‘lini qayirib, yerga yotqizib, bosish kerak emas. IIB va SES xodimlari "Gazel" avtobuslarida yashirinib o‘tirib, issiqda havo yetmay maskasini tushirganni shunday qilib ushlab bosib olib ketishmoqda. IIB xodimlariga plan qo‘yilgan ekan, shtrafini qilsin, takrorlansa yana shtraf qilsin. Qonunlar borku,?!

"Qaraqalpaqstan jaslari" kanalining Jarqinay ismli foydalanuvchisi video ostiga: - Militsiya o‘g‘rilarni ushlash bilan shug‘ullanmaydimi, deb izoh qoldirdi.

Nukusdagi "Chiroq" inson huquqlari tashkiloti rahbari Azimboy Otaniyozov IIB xodimining qo‘lida quroli bo‘lmagan shaxsni bo‘ynidan bosib, yerga yotqizishi qonunga xilof ekanini aytdi:

- Qo‘lida quroli bo‘lmasa oyog‘i bilan bo‘ynidan bosishi qonunga zid. Biron kasali bo‘lsa o‘lib qolishi ham mumkin, keyin kim javob beradi o‘lib qolsa? Ko‘ryapsizku, AQShda nimalar bo‘lib ketdi. Politsiyachi Jorj Floyd ismli qora tanlini yerga bosib o‘ldirib qo‘ydiku!

Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida koronavirus tarqalishi oldini olish uchun mart oyi ohiridan tibbiy niqoblarsiz yurish taqiqlangan.

Qoidani buzganlar bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining uch barobari (669 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.

Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati mulozimi 14 iyun kuni Nukusda aholi orasida karantin qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha reyd o‘tkazilganini Ozodlikka tasdiqladi.

Mulozim videoda aks etgan holatni Ozodlikka izohlar ekan bunday dedi:

- Nukusning eski shahar hududidagi avtoturargohdagi tekshiruv payti “Matiz” taksi avtomashinasi haydovchisi bo‘lgan 22 yoshli yigit tibbiy niqobini taqmagan, karantin qoidalariga amal qilmay faoliyat olib borayotganligi aniqlangan. U xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan, atrofdagi odamlar shu holatni videoga olgan. Hozir bu yigitga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Ayni paytda vazirlik matbuot xizmati, IIB xodimining videoda aks etgan harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

- Katta leytenant xatti-harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi ham tayinlangan, - dedi Qoraqalpog‘iston IIV matbuot hizmati mulozimi.

O‘tgan hafta Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

Nukusdagi holat jahon bo‘ylab afroamerikalik Jorj Floydning o‘limi ortidan boshlanib ketib, qariyb ikki haftadan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida sodir bo‘ldi.

Floydning oq tanli politsiyachi tomonidan 25 mayda o‘ldirilishi nafaqat AQShda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Qo‘shma Shtatlarning asosiy ittifoqchilari bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda ko‘plab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG