Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:37

So‘xliklar: Toshkentdagi City qurilishlari boshliqlari Bosh vazir bergan va’dani inobatga olmayapti


Toshkentda so‘xlik quruvchilar joylashtirilgan Olmazor City qurilish maydonchalaridan biri, 16 iyun, 2020
Toshkentda so‘xlik quruvchilar joylashtirilgan Olmazor City qurilish maydonchalaridan biri, 16 iyun, 2020

Poytaxtdagi Olmazor City va Yunusobod Business City qurilish maydonlariga joylashtirilgan so‘xliklar, ularga Bosh vazir So‘xda va’da qilgan oylik maosh Toshkentga kelishganida, 4 million so‘mdan 2 million so‘mga tushirilganini aytmoqda.

Bundan tashqari, ayrim so‘xlik ustalar, ish boshida va’da qilingan 1 million so‘mlik avans ham berilmagani, ba’zilari hanuz ish boshlamasdan, konteynerlarda qamalib yotganini aytmoqda.

Qurilish maydonchalariga mas’ul Discover Invest shirkati ma’muriyati faqat elektron maktub orqali qilingan murojaatga javob berilishini bildirgan. Bunday murojaatga hanuz javob kelgani yo‘q.

Shu yilning 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining bahsli hududidagi Chashma bulog‘i ustida ikki davlat vatandoshlari o‘rtasida to‘qnashuv chiqqan va buning ortidan So‘xga borgan Bosh vazir Abdulla Aripov, 500 so‘xlikka Toshkentdan yaxshi maoshli ish va’da qilgan edi.

Chegaradagi to‘qnashuv ortidan, shu yilning 2-3 iyun kunlari, Bosh vazir So‘xga yuborgan vazirlar delegatsiyasi tuman ahli bilan uchrashib, quruvchi usta va oddiy ishchilarni poytaxtga ishga taklif qilgan edi.

Toshkentdan borgan rasmiylar bilan shaxsan uchrashganini aytgan bir necha so‘xlik ustaga ko‘ra, o‘shanda ularga 4 million so‘mgacha oylik maosh va’da qilingan.

Ammo Toshkentga olib kelinib, Olmazor City qurilish maydoniga joylashgan kuniyoq, ular maosh haqidagi va’da yolg‘on, degan xulosaga kelishgan. 4 mln so‘mlik oylikni mo‘ljallab kelgan ustalardan biri bunday dedi:

“Bizga qora ishga 2 – 2 yarim million, masterlar ishiga 3 – 4 million so‘mdan oylik olasizlar, deyishgan. Borishingiz bilan qo‘lingizga 1 million so‘mdan avans beramiz, bola-chaqangizga jo‘natasiz ham, deyishgandi. O‘sha va’daga ishonib, So‘xdan yo‘l bosib keldik. Qarasak, bu yerda umuman boshqa gap - avans haqida aslo gap yo‘q. Birinchi oyda hammangiz 2 million oylikka ishlaysiz, keyin ishingizga qarab, oylikni oshiramiz, deyishdi. Qanchaga oshishini aytishmadi. Aksincha bu yerda odamlar 1 yarim million so‘mga g‘isht teryapti, sizlar 2 millionga norozimisiz, degan gaplarni qilishyapti hozirdan”.

Ismini oshkor qilishni istamagan ustalar – mohir suvoqchi, bo‘yoqchi ekani, bir uyni poydevordan boshlab, to‘liq bitira oladigan quruvchilar ekanligini aytmoqda.

Ustalardan birining aytishicha, ularga shartnoma imzolatishgan, ammo shartnoma matni bilan tanishish imkonini berishmagan:

“Shartnomaga qo‘l qo‘ydirishdi, o‘qitibam o‘tirishmadi, biz ham o‘qimadik. Lekin, biz qora ishchimasmiz – ustamiz. Qo‘limizga bergan asboblari esa eski, 10-15 kishiga bitta perforator. Bunaqada biz yaxshi ish qilolmaymiz, demak oyligimiz ham oshmaydimi shunda? Bu savollarga javob yo‘q. Shartnomaning nusxasiniyam qo‘limizga berishmadi. Buning ustiga, ish yaxshi chiqmasa, zoye ketgan materialning pulini ham to‘laysiz, deyishibdi suvoqchi bolalarga. Agar shu oylik va shu shartlarni So‘xda ochiq aytishganida, biz bu yerga kelib o‘tirmasdik, to‘g‘risi”.

Bu ustalar So‘xdan olib chiqilganida aynan qaysi qurilish maydonchasiga, qaysi shirkat tasarrufidagi obyektga olib ketilayotganidan ham bexabar bo‘lganini aytishmoqda.

Bundan tashqari, so‘xliklar Toshkentga kelib tushganidan beri ular bilan uchrashgan biror mulozim o‘zining kimligi va qaysi shirkatning vakili ekanini aytmaganini iddao qilmoqda:

“Shuncha odam kelib ketyapti, birortasi ismini aytmaydi. Bizni qaysi shirkat ishga yolladi, kim ish beryapti, bir dardimiz bo‘lsa, kimga aytaylik – hech qanaqa gap yo‘q. Agar So‘xda berilgan va’dasiga qarasak, bizga katta oylikni va’da qilib, aldab Toshkentga olib kelib, endi qora ishchi qilib, yarim oylikka ishlatishmoqchida?! Bugun sahardan 10 ta ishchi cho‘ntagida bir so‘m pulsiz chiqib ketdi bu yerdan. Rozi bo‘lmadi bu sharoitga. 1 yarim - 2 million so‘mni ustalar So‘xda ham topadi, juda bo‘lmasa, Rossiyaga, Qozog‘istonga ketadi. Karantin, deb konteynerlarga tiqib qo‘ygan, kelganimizdan beri na ish, na bir hujjat, na bir mas’uliyatni zimmasiga olgan rahbarni ko‘rdik. Yotibmiz”.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Yunusobod Business City loyihasi doirasidagi qurilish maydonchasiga joylashtirilgan bir necha so‘xlik ishchi ham ayni sharoitga tushib qolganidan arz qildi.

“Kelganimizga bir necha kun bo‘ldi, haliyam ish boshlamadik. Oylikni 2 million so‘m, deyishyapti, unaqa 3 million - 4 million so‘m oylik, avans haqida gap yo‘q. Qayerga keldik, bu qanaqa shirkatning qurilish obyekti, qancha ishlaymiz – hech qanaqa gap yo‘q. So‘xda berilgan va’dalar haqida hech gap yo‘q. Poyezdda kechasi olib kelib tashlashgan, yotibmiz shundan beri”, dedi o‘ndan ortiq ishchi nomidan gapirgan so‘xlik ustalardan biri.

Ozodlikka bu ishchilar joylashtirilgan sharoit aks etgan suratlar ham kelib tushdi. Suratlardan ko‘rinishicha, yozning issig‘ida temir konteynerlarga joylashtirilgan ishchilarning yashash sharoiti sanitariya va gigiyena qoidalariga javob bermaydi.

So‘xlik quruvchilar joylangan konteyner, 16 iyun, 2020
So‘xlik quruvchilar joylangan konteyner, 16 iyun, 2020
So‘xlik quruvchilar joylangan konteyner, 16 iyun, 2020
So‘xlik quruvchilar joylangan konteyner, 16 iyun, 2020

Ozodlik Toshkent shahar hokimligi tomonidan Olmazor City va Yunusobod Business City loyihalari doirasidagi qurilishlarni olib borayotgani aytilgan Discover Invest shirkatiga murojaat qildi.

Shirkat vakili so‘xlik ishchilar murojaati ortidan paydo bo‘lgan savollarga faqat elektron pochta orqali yo‘llangan rasmiy maktubdan so‘ng javob berilishini bildirdi. Ozodlik muxbiri taqdim qilingan elektron manzilga savollarni yo‘lladi. Savollarga hozircha javob kelgani yo‘q.

Shuningdek, bu ishchilar murojaatiga So‘x tumani hokimligidan ham hozircha biror rasmiy munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Hokimlik Axborot xizmati shu yilning 8 iyun kuni 230 yosh so‘xlik ishchi avtobuslarda tumandan Farg‘onaga yo‘l olganini xabar qilgan edi:

“Faollar yig‘ilishida Bosh vazir tomonidan 500 nafar so‘xlik yoshlarni Vatanimiz poytaxti – Toshkent shahridagi qurilishlarga safarbar etish ta’kidlangandi. Bugun tuman markazidan ro‘yxatga olingan 230 nafar yoshlarimizning birinchi guruhi avtobuslar orqali Farg‘ona shahriga jo‘nab ketishdi. Yoshlarimiz Farg‘onadan Toshkent shahriga – Tashkent City tomon yo‘l olishadi”.

So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati tarqatgan surat, 8 iyun, 2020
So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati tarqatgan surat, 8 iyun, 2020

So‘x tuman hokimligi 8 iyun kuni e’lon qilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, jami 500 so‘xlik Toshkent shahridagi qurilish obyektlari uchun ishga yollangan.

Toshkentdagi qurilishlarning asosiy qismini esa aynan Discover Invest shirkati amalga oshirmoqda. Shirkatning Facebook tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilinishicha, poytaxtda ko‘pqavatli turarjoy va biznes komplekslari, savdo majmualaridan iborat 20 ga yaqin yangi loyihalarni amalga oshirgan.

Bu loyihalarga ishchi sifatida yollangan o‘zbekistonliklardan, qurilish maydonchalaridagi sharoitning og‘irligi, yegulikning sifatsizligi, maoshning esa past ekani va vaqtida berilmasligi haqida Ozodlikka ko‘plab shikoyatlar kelgan.

Discover Invest, Ozodlik gaplashgan kompaniya rasmiysining aytishicha¸ Akfa Group holdingiga qarashli. Bu holding aksiyalarining 70 foizi esa¸ Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani yoritish loyihasi (OCCRP) ​tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashlidir.

XS
SM
MD
LG