Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:44

Belarusda 100 dan oshiq muxolifat tarafdori va voqeani yoritayotgan jurnalistlar qo‘lga olindi


Minskda qo‘lga olinganlar, 19 iyun, 2020
Minskda qo‘lga olinganlar, 19 iyun, 2020

Belarusda politsiya poytaxt Minsk va boshqa shaharlarda muxolifat aksiyasiga chiqqan 100 dan oshiq shaxsni qo‘lga oldi.

Avvalroq mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenka mamlakatda to‘ntarish urinishi oldi olinganini iddao qilgan edi.

Belarusni 1994 yildan beri boshqarib kelayotgan Lukashenka 9 avgustga belgilangan saylovda 6 marta prezidentlikka nomzod bo‘ladi.

19 iyun kuni Minskda yuzlab odam ko‘chaga norozilik aksiyasiga chiqdi. Politsiya tez orada ularni tarqatdi, ayrimlarni, jumladan, matbuot vakillarini qo‘lga oldi.

Hodisani jonli efirda yoritayotgan Ozodlik muxbiri Aleksandra Dinko hamda uning operatori Andrey Rabchik ham qo‘lga olindi.

Ozodlikning amaldagi prezidenti Deyzi Sindelar jurnalistlar qo‘lga olinganini «mustaqil matbuotga hamda Belarus fuqarolarining o‘z mamlakatlaridagi muhim hodisalar haqida ma’lumot olish huquqlariga qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum» deya qoraladi.

Xabarlarga ko‘ra, 19 iyun kuni Minskda Internet aloqasi bir necha soat davomida ishlamagan. Mogilyov shahrida politsiya namoyishchilarni qo‘rqitgani, Gomel shahrida esa namoyishchilarga ularning aksiyasi noqonuniy ekanligi aytilgan xabar qilindi.

«Vyasna» nodavlat tashkilotining ma’lum qilishicha, 19 iyun kuni Belarus bo‘ylab 140 nafar odam qo‘lga olingan.

O‘sha kuni Lukashenka «Sharq va G‘arbdagi kuchlari Belarusni beqarorlashtirishga urinayotganini», ularning «niqobi ochilganini» ta’kidladi.

Lukashenkaning bu sharhlaridan avvalroq prezidentlik saylovida raqibi bo‘lishi kutilayotgan, ko‘pchilik qo‘lloviga ega Viktar Babarika qo‘lga olingan, natijada Minskda ko‘plab odam norozilik aksiyasiga chiqqan edi.

Rossiyaning «Gapzprom» shirkati va «Gazprombank» bankiga tegishli «Belgazprombank»ning 20 yillik yetakchisi Babarika moliyaviy jinoyatlarda gumonlanib qo‘lga olindi. Babarikaning saylov kampaniyasiga yetakchilik qilib kelayotgan o‘g‘li ham qo‘lga olindi.

15 iyun kuni Belarus rasmiylari bank boshqaruvini qo‘lga olib, uning o‘ndan oshiq ishchisini hibsga oldi.

19 iyun kuni Yevropa Ittifoqi Belarusni zudlik bilan Babarika va uning o‘g‘lini qo‘yib yuborishga va qonun ustuvorligini ta’minlashga chorladi. Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati matbuot kotibi Peter Stano «Har qanday tergov betaraf va siyosiy bosimsiz o‘tishi kerakligini» ta’kidladi.

Minskdagi AQSh elchixonasi esa Lukashenka hukumatini xalqaro majburiyatlarini bajarishga hamda aholining fundamental erkinliklarini hurmat qilishga chorladi.

Aholisi taqriban 9,5 million bo‘lgan Belarus koronavirusga chalinish eng ko‘p qayd etilgan Yevropa davlatlaridan biridir. Lukashenka koronavirusni ommaviy psixoz deya ta’riflab, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga pisand qilmay keladi.

Joriy yil Lukashenka uchun mushkul bo‘lishi kutilmoqda. Jahon banki hisoblariga ko‘ra, bu yil pandemiya tufayli Belarus iqtisodi 4 foizga qisqaradi.

Norasmiy onlayn so‘rovlar esa Lukashenkaning reytingi atigi 3 foiz ekanligini ko‘rsatdi.

Lukashenka raqibi Babarikaning saylov kampaniyasi bugunga qadar 435 ming imzo to‘plagani aytilmoqda. Bu prezidentlikka nomzodlar to‘plashi kerak bo‘lgan minimal imzo sonidan to‘rt barobarga ko‘pdir.

XS
SM
MD
LG