Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:21

Koronavirusdan “komaga tushgan” mehmonxonalarni hukumat foizsiz ssudalar bilan “tiriltirmoqchi”


Koronavirus tarqalgani Toshkent shahridagi “Nurziyo” oilaviy mehmon uyi egasiga qo‘l keldi: martning oxirida ketishi kerak bo‘lgan ukrainalik mehmon, chegaralar yopilib qolgani uchun, yana bir oy qolib yashashga majbur bo‘ldi.

Biroq ukrainalik mehmon mayning boshida ketganidan buyon, “Nurziyo”da mehmon yo‘q. Boshqa oilaviy mehmon uylari, kattaroq mehmonxonalar ham, ba’zi istisnolarni inobatga olmaganda, bo‘sh turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, davlat rahbarining turizmni rivojlantirishga oid so‘nggi qarorida oilaviy mehmon uylarini ham qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.

Toshkentning Yunusobod tumanida yashovchi 42 yashar Farhod otasidan qolgan uyning ikkita xonasini “Nurziyo” oilaviy mehmon uyi”ga o‘tgan yili aylantirgan. Aytishicha, u mehmon uyini chet ellik mehmonlar talabiga javob beradigan darajada jihozlash uchun uch ming dollar sarflagan.

Ozodlik muxbiri Farhod bilan avvaliga mijoz sifatida gaplashdi. “Nurziyo”ning egasi kelasi shanba-yakshanba uchun mehmonxonasi bo‘shligini, ikki kishi – er-xotinni bir kecha-kunduzga 350 mingga qo‘yishi mumkinligini, bu pul evaziga nonushta ham berilishini bildirdi.

Suhbat davomidan ma’lum bo‘lishicha, “Nurziyo” may boshida ukrainalik mehmoni ketganidan buyon bo‘sh, yaqin bir necha oyga buyurtma ham yo‘q.

Farhod bilan yozib olingan quyidagi suhbatda u soliqchilarning "mehmon keladimi-yo‘qmi - bundan qat’i nazar o‘zingga oylik yozib soliq to‘la, degan mantiqsiz talablari”dan xayron qolishini, biznesini boshlaganidan buyon ishi bir marta sudgacha ham yetib ulgurganini aytib beradi.

"Нурзиё" оилавий меҳмон уйи эгаси Фарҳод билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:03 0:00
Бевосита линк

Jizzax viloyat Zomin tumanidagi mehmon uylaridan birida bir kecha tunash+nonushta, uy ma’murining aytishicha, 200 ming so‘m turadi. Qariyb 10 yildan buyon ishlayotgan bu mehmonxona (ma’mur mehmonxona nomini keltirmaslikni so‘radi) oilaviy mehmon uyidan (10 kishigacha mehmon qabul qiladigan uy “oilaviy mehmon uyi”dir) kattaroq – ikki qavatli binoda 18 ta o‘rin bor.

“Karantin davrida umuman yopiq turdik. Shu bugun bittagina mehmonim bor. Ish boshlashga ruxsat olganimizga endigina ikki kun bo‘ldi. Mehmon ko‘payib qolar deb umid qilib turibmiz” dedi Zomindagi mehmonxona ma’muri.

Toshkent viloyat, Bo‘stonliq tuman, Chimyon qishlog‘idagi “Nebesa” mehmonxonasi Zomindagi mehmonxonadan kattaroq, qimmatroq, mijozlari ham ko‘proq ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mehmonxona ma’murining aytishicha, ikki kishilik yarim- lyuks xona begim kunlarda 1 mln 200 ming so‘m, dam olish kunlarida 1 mln 500 so‘m turadi. Agar mehmon kamida uch kun turadigan bo‘lsa, u bu pul evaziga uch mahal ovqatlanishi mumkin.

Ma’murining aytishicha, mehmonxona karantin davrida yopiq turdi va barcha tekshiruvlardan o‘tgach, 1 iyundan qayta ochildi.

“Begim kunlarda 10 -15 kishi bo‘ladi. So‘nggi dam olish kunlarida, shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi mehmonxonamiz to‘ldi” dedi ma’mur. Mehmonxonada jami qancha joy borligini aytgisi kelmagan ma’mur mehmonlar ko‘pligini Chimyonning toshkentliklar yozda salqinlaydigan hudud ekanligini bilan izohladi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 19 iyunda “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qat’iy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorda, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mulozimi Akbar Ikromovning Ozodlikka bildirishicha, maqolamiz qahramoni Farhod va u kabi oilaviy mehmon uyi ochganlar uchun ham yangilik bor.

“Oilaviy mehmon uyi egasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi yoki uning hududiy bo‘linmalariga tegishli hujjatlarni ilova qilib, murojaat qilsa, har bir joy uchun eng kam ish haqining (223 000 so‘m) 50 baravari miqdorida foizsiz ssuda olishi mumkin”.

Turizm qo‘mitasi mulozimining bu gapidan keyin "Nurziyo" oilaviy mehmon uyi egasi Farhod bilan yana bog‘landik. Yangilikni Ozodlikdan eshitgach, Farhod "Yaxshi gap. Qani men surishtirib ko‘raychi, agar sharti yaxshi bo‘lsa, olaman, nega olmas ekanman?" dedi.

Prezident 19 iyunda imzolagan qarorda agar chet ellik sayyoh koronavirus infeksiyasini yuqtirib olsa, unga 3000 AQSh dollari miqdorida kompensatsiya puli berilishi aytilgan.

Qarorning xuddi shu jihati u imzolanganidan beri o‘tgan uch kunda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Natijada Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov prezident qarorini izohlashga majbur bo‘ldi. Prezident qarori pandemiya davrida sayyohlarni jalb qilish uchun qabul qilingan “PR yurish” ekanini aytarkan, qo‘mita raisi bunday dedi:

"O‘zbekistonga kelib koronavirus yuqtirib olgan sayyohlarga 3 ming dollar miqdorida kompensatsiya to‘lab berilishiga izoh berishdan oldin bitta narsani - turizm eng avvalo PR ekanini eslatib o‘tmoqchiman. Ya’ni O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini butun dunyoda targ‘ibot qilishimiz kerak. Shu ma’noda prezident qarorida ko‘zda tutilgan bu tadbir aslida o‘ziga xos "PR yurish" edi. Hozirgi vaqtda dunyoda sayyohlarni jalb qilish uchun O‘zbekiston tomonidan ko‘rilgan ushbu chora juda katta rezonansga sabab bo‘lmoqda, xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Demak, O‘zbekistonni PR qilish uchun qo‘yilgan ushbu qadam o‘zining natijalarini bera boshladi".

XS
SM
MD
LG