Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:36

Mirziyoyev postsovet davlatlar yeriga ko‘z tikayotgan Putin bilan G‘alaba paradini qabul qiladi


O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev va Rossiya prezidenti V.Putin - surat 2017 yil 5 aprelida Kremlda olingan.
O‘zbekiston prezidenti Sh.Mirziyoyev va Rossiya prezidenti V.Putin - surat 2017 yil 5 aprelida Kremlda olingan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan 24 iyunda Moskvada o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadi.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiya poytaxtiga safari Vladimir Putinning sobiq sovet respublikalari Rossiya yerlarini o‘zlashtirib olgani to‘g‘risidagi bayonoti fonida kechmoqda.

Shavkat Mirziyoyevning Rossiya bilan munosabatlarda Moskvadan masofalanishga harakat qilib kelgan Islom Karimovdan farqli siyosat yuritayotganini ba’zi tahlilchilar uning “sovetparastligi” bilan izohlasa, boshqalar Mirziyoyev geosiyosat bilan emas, geoiqtisodiyot bilan shug‘ullanayotgani bilan tushuntirishga urindi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin "Rossiya 1" telekanalida 21 iyunda o‘tgan navbatdagi "Moskva. Putin. Kreml" ko‘rsatuvida sobiq sovet respublikalarini Rossiya yerlarini o‘zlashtirib olganlikda aybladi.

Putinning hududiy da’volari

Putinga ko‘ra, Sovet Ittifoqi tuzilayotgan paytda uning tarkibiga qo‘shilgan respublikalar “Rossiyaga tegishli katta yerlarni” va “an’anaviy tarzda Rossiya hududi hisoblangan joylarni olgan”.

Putinning ta’kidlashicha, shundan kelib chiqqan holda Sovet Ittifoqi parchalangach, uni tark etgan respublikalar “nima bilan kelgan bo‘lsa, o‘sha narsa bilan chiqishi” va “rus halqidan olingan hadyani qaytarishi lozim” edi.

Rossiya prezidenti o‘z so‘zida muayyan bir davlat nomini tilga olmadi.

Rossiya rahbarining iddaolari yangragan kunning ertasigayoq uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov: “Rossiyaning qo‘shni davlatlarga hududiy e’tirozlari mavjud emas, deb bayonot berdi.

Putinning da’volari qozog‘istonliklar tashvishini uyg‘otdi

Kreml matbuot kotibi o‘z shefi bayonoti zahrini qanchalik kesishga urinmasin, Putinning gaplari sobiq sovet mamlakatlari, ayniqsa, Rossiya bilan chegaradosh Qozog‘istonda o‘ta negativ reaksiya uyg‘otdi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Putinning bayonotidan keyin Toqayev Moskvaga, harbiy paradga bormasligi kerak”, “Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan chiqishi kerak” degan talablar yangray boshladi.

Rossiya Qrimni bosib olgani kabi Qozog‘istonning shimoliy qismini bosib oladi, degan xavfsirash bor.

Qozog‘istonlik tahlilchi Shalkar Nurseitov paydo bo‘lgan vaziyat yuzasidan Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga bunday dedi:

“Rossiya Qrimni bosib olgani kabi Qozog‘istonning shimoliy qismini bosib oladi, degan xavfsirash bor. Biz qachonlardir mustamlaka bo‘lganimiz uchun , aftidan, bunday reaksiya genlarimizda saqlanib qolganga o‘xshaydi. Boz ustiga jamiyatning hokimiyatga ishonchi oz”.

Putinning hududiy da’volariga rus tarixchisi Sergey Abashin o‘zining Facebookida bunday munosabat bildirdi:

“Aslida bizning yerlar” degan narsa bo‘lmasligini unga (Putinga) birov tushuntirib qo‘ysaydi.

“Aslida bizning yerlar” degan narsa bo‘lmasligini unga (Putinga) birov tushuntirib qo‘ysaydi. Turli elat va xalqlar, bir joydan ikkinchi joyga ko‘charkan, birining o‘rnini ikkinchisi egallab, yerlarga qachonlardir egalik qilgan. U “aslida bizning yerlar” deb atayotgan yerlarni Moskoviya va keyin Rossiya imperiyasi ham qachonlardir bosib olgan, mustamlakaga aylantirgan, mahalliy xalqlarni supurib tashlagan, bo‘ysundirgan yoki ruslashtirgan. Rossiya imperiyasi yerlari “rus xalqiga” emas, rus chorlari sulolasi – 18 asrdan boshlab, kelib chiqishi nemis bo‘lgan Romanovlarga tegishli bo‘lganini, nimanidir egasi deb bilingan ”rus xalqi” g‘oyasi 19-asrda paydo bo‘lganini va imperiyaning parchalanishiga sabab bo‘lgan omillardan biri ekanligini unga birov tushuntirib qo‘ysaydi”.

Putin tilidagini aytdimi, dilidaginimi?

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi jurnalisti, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis Bryus Pannier Putinning bayonotini ichki iste’mol uchun, shu oy oxirida bo‘lib o‘tadigan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritishga doir umumxalq ovoz berishi arafasida qilingan bayonot, deb bilishini aytdi.

“Putin bundan oldin ham shunga o‘xshash bayonotlar qilgan. Ruslar qayerda yashamasin, biz ularga g‘amxo‘rlik qilamiz, biz ularni himoya qilamiz degan. Referendum arafasida u patriotik hislarni uyg‘otish orqali xalqni ovoz berishga qatnashishga undamoqchi”.

1 iyulda o‘tkaziladigan Butunrossiya umumxalq ovoz berish jarayonida ma’qullanishi kutilayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan o‘nlab o‘zgartishlar orasida Putinning shu paytgacha bo‘lgan prezidentlik muddatlari “nol”ga tenglashtirish¸ ya’ni u yana ikki muddatda saylanishiga yo‘l ochadigan takliflar ham bor.

Fransiyada yashayotgan o‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Bryus Pannierdan farqli o‘laroq, Putinning bayonotida Markaziy Osiyo uuchun real xavf ko‘rmoqda:

“Putinning bu bayonotini yaqin yillarda Rossiyaning Markaziy Osiyoga, jumladan Qozog‘istonga mo‘ljallagan katta rejasining debochasidir, bu mamlakatlarga ishoradir, deb bilaman. Shu paytgacha Putin Belarus bilan ittifoq tuzishga urindi va bu loyihadan ish chiqmadi. Endilikda u Markaziy Osiyoga ko‘z tikmoqda”.

Toshkentlik tarixchi Anvar Nazirning fikricha, Putinning hududiy da’volari zamirida uning neoimperialistik rejalari yotibdi.

Putinni bugun ko‘rib turganimiz yo‘q. Bir paytlar u Ukrainaning hududiy daxlsizligi haqida gapirgan edi, lekin keyin Qrimni bosib oldi.

“Putinni bugun ko‘rib turganimiz yo‘q. Bir paytlar u Ukrainaning hududiy daxlsizligi haqida gapirgan edi, lekin keyin Qrimni bosib oldi. Putin o‘zicha yangi bir hudud paydo qilib, uni o‘zi boshqarmoqchi, nimaligini tushunib bo‘lmaydigan yarim chor, yarim sovetcha ideologiya – neoimperialistik mafkurani ilgari surmoqchi bo‘lyapti. Ayni paytda, bu albatta, ichki iste’mol uchun ham qilingan bayonotdir. Chunki Rossiya jamiyatida imperialistik, shovinistik g‘oyalar kuchli bo‘lgan qalin qatlam bor”.

Kimgadir "sovetparast", kimgadir "dono diplomat" Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyevning koronavirus tufayli 9 maydan 24 iyunga ko‘chirilgan harbiy paradda ishtirok etish uchun Rossiya poytaxtiga safari Vladimir Putinning sobiq sovet respublikalari Rossiya yerlarini o‘zlashtirib olgani” to‘g‘risidagi bayonoti fonida kechmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatni sharhlar ekan, ba’zi tahlilchilar buni Mirziyoyevning “sovetparastligi” bilan izohlasa, boshqalar Mirziyoyev geosiyosat bilan emas, geoiqtisodiyot bilan shug‘ullanyapti, degan fikrni bildirdi.

“Shavkat Mirziyoyevning mamlakatdagi epidemologik vaziyat og‘ir bo‘lib turgan bir paytda Moskvaga safar qilishi uning mutlaq sovetparast, rossiyaparastligi belgisidir”.

Tarixchi Anvar Nazirning bu fikridan farqli fikrni Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi jurnalisti, Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mutaxassis Bryus Pannier bildirdi:

Shavkat Mirziyoyevga Rossiya¸ birinchi navbatda¸ iqtisodiy hamkor sifatida kerak.

“Shavkat Mirziyoyevga Rossiya¸ birinchi navbatda¸ iqtisodiy hamkor sifatida kerak. Axir Moskva Toshkentning eng asosiy savdo hamkori. Qolaversa, Rossiyaning O‘zbekiston ichki ishlariga aralashishining oldini olish lozim. Chunki agar Moskva O‘zbekiston ichida muammo yaratgisi kelib qolsa, buni qilishi mumkin. Shuning uchun Mirziyoyevning safarini diplomatik qadam, prezidentning dono qadami deb baholagan bo‘lardim. Butun dunyo iqtisodiyoti abgor ahvolga tushib turgan bir paytda, ertaga nima bo‘lishni hech kim bilmayotgan bir paytda dushman orttirishning nima keragi bor?

Shunga o‘xshash fikrni Kamoliddin Rabbimov ham bildirdi:

“Mirziyoyevning kun tartibidagi bugungi masala geoiqtisoddir, geosiyosat emas. Biror bir davlatga qarshi gapirish, uning ichki ishlariga oid fikr bildirish Mirziyoyevning diplomatiyasiga xos unsur emas. Mirziyoyevning diplomatiyasi markazida O‘zbekistonga kimdan nima foyda bor, degan savol turadi”.

Rus tarixchisi Sergey Abashin Putinning 21 iyun kungi bayonotiga javoban Facebookida qoldirgan posti davomida mana bunday degan:

Va nihoyat tarixni, mamlakatni va madaniyatni sharmanda qilishini, zo‘rlashini to‘xtatishi uchun uning (Putinning) ovozini birov o‘chirib qo‘ysaydi.

Imperiyaning milliy respublikalar va avtonomiyalarga bo‘linib ketishi “tuhfa” emas, balki murakkab muzokaralar va o‘zaro yonbosishlar, manfaatlar muvozanatini izlash bo‘lganini, bu jarayonda o‘zini “rus” deb mutlaqo bilmagan markaz joylardagi kayfiyatni hisobga olishga majbur bo‘lganini va buning evaziga o‘z ulushini olganini unga (Putinga) birov tushuntirib qo‘ysaydi.

Hozirgi Rossiya Federatsiyasining Rossiya imperiyasi yerlariga hech qanday tarixiy, boz ustiga yuridik huquqi yo‘qligini, Rossiya Federatsiyasi boshqa davlat ekanligini, uning mafkurasi boshqa, siyosiy tizimi boshqa, huquqiy legitimligi boshqa ekanligini unga (Putinga) birov tushuntirib qo‘ysaydi.

Va nihoyat tarixni, mamlakatni va madaniyatni sharmanda qilishini, zo‘rlashini to‘xtatishi uchun uning (Putinning) ovozini birov o‘chirib qo‘ysaydi.

Moskvada bo‘lib o‘tadigan harbiy paradda O‘zbekiston prezidentidan tashqari Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Serbiya, Tojikiston prezidentlari, shuningdek, o‘zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan Abxaziya va Janubiy Osetiya prezidentlari ishtirok etadi.

Armaniston, Ozarbayjon va Turkmaniston prezidentlari o‘z mamlakatlaridagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, Moskvadagi tadbirlarda qatnashmasligini bildirgan.

XS
SM
MD
LG