Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:52

Kuchli shamoldan talafot ko‘rgan Lebap hanuz yordam kutmoqda, rasmiylar ma’lumot tarqalishini jilovlashga urinmoqda (VIDEO)


27 aprel kungi kuchli shamol aholi uylarining tomini uchirib ketdi, eng katta talafot Lebap viloyatida kuzatildi, 2020
27 aprel kungi kuchli shamol aholi uylarining tomini uchirib ketdi, eng katta talafot Lebap viloyatida kuzatildi, 2020

Aprel oyi oxirida kuchli shamoldan katta talafot ko‘rgan Lebap viloyatida hali-hanuz aholiga kuniga ikki soatdan elektr toki berilmoqda, Internet va mobil aloqa deyarli ishlamayapti.

Ko‘plab aholi punktida odamlar uylarini qayta qurish va hayotini qayta yo‘lga qo‘yiga kurashar ekan, hukumat ularga yordam ko‘rsatmayotganidan shikoyat qilmoqda.

27 aprel kuni sodir bo‘lgan kuchli shamol va u keltirib chiqargan qum bo‘roni oqibatida yuzlab oilaning xonadoni vayron bo‘ldi, o‘nlab odam nobud bo‘ldi. Ammo, bu holatni Turkmaniston rasmiylari tan olmayotir.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov kuchli shamol va qum bo‘ronini biror marta tilga olmadi. Hukumat chizig‘idan chiqmaydigan mahalliy matbuot nashrlari esa fojiani umuman yoritmadi.

Lebap viloyati rasmiylari bugunga qadar ofat oqibatlarini bartaraf etish harakatlari hamda aholining yordam yo‘qligi haqidagi shikoyatlarini izohlashdan bosh tortib keladi.

Qayta qurish va tozalash ishlari boshlanmagan qishloqlarda politsiya va razvedka zobitlari aholini nazorat qilib, tashqaridan kelgan shaxslarni so‘roq qilmoqda. Bu haqda ushbu qishloqlar turg‘unlari Ozodlikka so‘zlab berdi.

27 aprel kungi qattiq shamolda vayron bo‘lgan turar-joy, Lebap, 2020
27 aprel kungi qattiq shamolda vayron bo‘lgan turar-joy, Lebap, 2020

Ularning aytishicha, vayronalar suratlari tarqalishini oldini olish maqsadida rasmiylar qishloqqa kelgan shaxslarning mobil telefonlarini ularni qishloqqa kiritishdan va chiqarib yuborishdan oldin tekshirmoqda.

Ozodlikka intervyu bergan lebapliklarning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar ko‘p aholi punktlarida ma’lumot tarqalishi oldini olish uchun Internet xizmatini atayin to‘xtatib qo‘ygan.

Bu orada mahalliy aholi viloyat poytaxti Turkmanobod shahrida hamda tuman markazlarida rasmiylariga shikoyat qilgani xabar qilindi.

Hukumatdan norozi mahalliy aholi hatto 14 may kuni norozilik aksiyasini o‘tkazdi. Xususan, yuzlab odam hukumat binosi oldida to‘planib, suv va elektr toki xizmati tiklanishini talab qildi.

Bu holat Turkmanistonda kamdan-kam uchraydi. Ayrim manbalarga ko‘ra, kuchli shamol va qum bo‘roni kamida 37 nafar kishi umriga zomin bo‘lgan. Aslida bu ko‘rsatkich bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Lebapda ko‘plab qishloqda vayron bo‘lgan uylar qayta ta’mirlangani yo‘q.

Turkmaniston rasmiylari sukut saqlab kelayotgani uchun Turkmaniston tashqarisidagi dunyo sodir bo‘lgan fojia haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdi.

Fojiani bir necha oydan beri sharhlamay kelayotgan Berdimuhamedov iyun oyi boshida Mari va Lebap viloyatlariga bordi.

Ammo davlat matbuoti keng yoritgan tashrifi davomida Berdimuhamedov talafot ko‘rgan aholi punktlariga bormadi.

Tabiiy ofat shusiz ham moliyaviy bo‘hron, ishsizlik hamda oshib borayotgan narxlar tufayli aziyat chekayotgan turkmanistonliklarni mushkul ahvolga solib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG