Xitoy Venada AQSh va Rossiya vakillari o‘rtasida yadroviy qurollar bo‘yicha 22 iyunda o‘tkazilgan muzokaralarda qatnashishdan bosh tortdi. Vashington strategik yadroviy qurollarga cheklov qo‘yuvchi New START shartnomasi o‘rniga yangi kelishuv imzolanishi uchun kurashib keladi, chunki 2010 yili imzolangan ushbu kelishuv 2021 yil fevralida o‘z kuchini yo‘qotadi.
Venada bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar ortidan AQSh va Rossiya vakillari iyul yoki avgustda muzokaralarni davom ettirishga umid izhor qilishdi.
Vashington muzokarachisi Marshall Billingslining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov bilan shartnoma yuzasidan o‘tkazilgan muzokaralarda sezilarli siljishlar kuzatilgan. Jumladan, tomonlar yangi shartnomani ishlab chiqish uchun bir necha texnik guruhlarni tashkil etishga kelishib oldi.
Muzokaralar davom etishi kutilayotgan bo‘lsa-da, Vashingtonning ayrim talablari qiyinchilik tug‘dirmoqda. Jumladan, Vashington Rossiya bilan muzokaralarda Xitoy ham qatnashishini, bir shartnoma bilan uchala davlat yadroviy qurollari zaxiralarini cheklashni istaydi.
AQSh prezidenti Donald Tramp uch yildan beri uch taraflama kelishuv imzolanishiga erishishga kurashib keladi.
Bu orada Vashington Rossiyani o‘z majburiyatlarini bajarmaslikda ayblab, boshqa qurol nazorat qilish kelishuvlaridan chiqdi.
Pekin esa yadroviy qurollarni qisqartirish shartnomalarini imzolamagan, shuning uchun AQSh rasmiylari Xitoydagi yadroviy, gipersonik hamda kiber qurollar ko‘lami yuzasidan xavotir izhor qilib keladi.
Vashington, shuningdek, Pekinni o‘z yadroviy kuchlari ko‘lamini oshirishda ayblab keladi. 24 iyun kuni Billingsli Xitoy o‘zining tez sur’atda o‘sib borayotgan arsenalini «dunyodan yashirayotganini» ta’kidladi.
Ushbu uch davlat o‘rtasida kelishuvga erishish oson bo‘lmaydi. AQSh rasmiylari nostrategik qurollarni ham o‘z ichiga oluvchi kelishuvni imzolashni istaydi. Qolaversa, Vashington qurollar zaxirasini qattiq nazorat qilish tarafdori. Mutaxassislar bu talabni amalga oshirish uchun bir necha oy yoki yil talab qilinishini aytmoqda.
Qolaversa, Rossiya va AQSh munosabatlari keskin sovib ketgan. Vashington Moskvani muddati tugagan O‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnomani buzishda ayblab keladi.
Moskva ham, o‘z navbatida, Vashingtonni kelishuv shartlarini buzishda aybladi.
AQSh va Rossiya New START shartnomasini yana besh yilga uzaytirishni muhokama qilishi mumkin. Ammo Vashington kelishuvni uzaytirish Xitoyni qurollarni nazorat qilish jarayoniga jalb qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazishidan xavotirda.
Agar Tramp ma’muriyatining Xitoyni jalb qilish istagi tufayli Moskva va Vashington kelishuvni uzaytirmasa, yarim asrda ilk marotaba bu ikki davlat istaganicha yadroviy qurol ishlab chiqarishiga yo‘l ochiladi.
Vashingtonning chaqiriqlariga qaramasdan, Xitoy hukumati muzokaralarda qatnashishdan bosh tortmoqda.
Venadagi muzokaralar arafasida Xitoy va Vashington rasmiylari Twitterda tortishdi. Xususan, Billingsli Xitoy bayroqlari qo‘yilgan bo‘sh muzokara stoli suratini tirkab, Xitoyni «#buyukmaxfiylikdevori ortida yashirinib, yadroviy zaxiralarini va yana ko‘plab boshqa narsani yashirmoqda» , deb yozdi.
Bunga javoban Xitoy Tashqi ishlar vazirligining qurol nazorati bo‘limi yetakchisi Fu Sung «Qanday qiziq manzara. Xitoyning roziligisiz muzokara stoliga Xitoy milliy bayroqlarini qo‘yibsizlar!», deb yozdi.
Bu orada Rossiyaning Avstriyadagi elchisi Dmitriy Lyubinskiy muzokara o‘tkazilgan xonada Xitoy bayroqlari bo‘lmaganini ta’kidladi.
Tramp ma’muriyati Pekin keyingi o‘n yil ichida o‘z yadroviy qurollari zaxirasini ikki barobarga oshirishga urinayotganini aytib keladi.
Ayni damda Moskva va Vashington umumiy hisobda 12 170 ta yadroviy kallakka ega bo‘lib, bu dunyodagi yadroviy kallaklar zaxirasining 90 foizini tashkil qiladi. Pekinda esa atigi 320 kallak bo‘lib, Xitoy rasmiylari o‘z qurollari sonini cheklovchi kelishuvni imzolashga oshiqayotgani yo‘q.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh va Rossiya o‘rtasidagi shartnomani uzaytirishga rozi ekanligini izhor qildi, ammo muzokaralarga Xitoyni ham jalb qilishga urinayotgan Tramp ma’muriyati hali bir qarorga kelgani yo‘q.