Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:47

AQSh generali Rossiya jangarilarga va’da qilgan mukofot bilan amerikalik askarlar o‘limi o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rmaganini bildirdi


General Frenk Makkenzi
General Frenk Makkenzi

AQSh markaziy qo‘mondonligi yetakchisi general Frenk Makkenzi Rossiya Tolibonga aloqador jangarilarga va’da qilgan mukofot Afg‘onistonda amerikalik harbiylar o‘limiga sabab bo‘lganiga ishonmaydi.

O‘tgan oyda AQSh matbuoti Rossiya harbiy razvedkasi Afg‘onistonda jangarilarga AQSh va AQSh yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlariga hujum qilish evaziga mukofot taklif qilgani haqida xabar tarqatgan edi.

7 iyul kuni muxbirlar oldida so‘zlagan general:

- Ushbu material bilan yaqindan tanishman, jangovar qo‘mondoniman. Uni yaqindan ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Bu holat men uchun juda xavotirli. Ammo [va’da qilingan pul va askarlarimiz o‘limi] o‘rtasida bog‘liqlik topmadim, - dedi.

Makkenzi Rossiya Tolibonni moliyalashtirayotgani yoki yo‘qligidan qat’i nazar, jangari guruh AQSh amaliyotlariga xalal berish uchun kurashib kelayotganini ta’kidladi.

26 iyun kuni The New York Times gazetasi ismi oshkor qilinmagan AQSh rasmiylariga tayangan holda Rossiyaning GRU harbiy razvedkasining maxfiy bo‘limi o‘tgan yilda jangarilarga Amerika qo‘shinlariga qarshi hujum evaziga mukofot va’da qilganini xabar qilgan edi.

Pentagon bu iddaolarni tasdiqlovchi hech qanday dalilga ega emasligini bildirdi.

The Washington Post gazetasi Rossiya va’da qilgan mukofotlar Afg‘onistonda bir necha AQSh harbiyi o‘limiga sabab bo‘lganini xabar qildi. The New York Times gazetasi esa amerikalik tergovchilar ikki hujumni, jumladan, 2019 yilning aprelida uch dengiz piyoda askari o‘limiga sabab bo‘lgan portlashni ko‘rib chiqayotganini xabar qildi.

Makkenzi Rossiya to‘lovlari amerikaliklar o‘limiga sabab bo‘lganiga ishonmasa-da, jang maydonidan olingan razvedka ma’lumotlari har doim ham to‘liq bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

- Ammo aynan ushbu holat bo‘yicha yetarlicha dalil yo‘q. Razvedka xodimlariga buni o‘rganishda davom etishni buyurdim. Ayni damda buning ostiga etish ustida ishlayaptilar, deb ishonaman, - dedi general.

Makkenzi Rossiya Afg‘onistonda AQShning do‘sti emasligini hamda Amerikaga «yaxshilik tilamasligini» qo‘shimcha qildi.

General Rossiya Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida Afg‘onistonda sharmandalarcha mag‘lub bo‘lganini hamda bu holat ruslarning xatti-harakatlariga ta’sir ko‘rsatishini yodda tutish kerakligini ta’kidladi.

Makkenzining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Afg‘onistondan shimolga qarab islomiy ekstremizm tarqalishi haqida xavotirlansa-da, imkon topsa, Amerikaga «chalish berishni» hamda «o‘ng‘aysizliklar yaratishni» xohlaydi.

Oq uy prezident Donald Trampga Rossiya harbiy razvedkasi Tolibonga aloqador jangarilarga Amerika qo‘shinlariga hujumlar evaziga mukofot taklif qilgani haqida bayonot berilganini rad etdi.

Xususan, Oq uy matbuot kotibi Keyli Makenani na Trampga, na davlat kotibi Mayk Pensga Rossiya va’da qilgan mukofot haqida hisobot berilmaganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG