Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:35

Jurnalist Said-Abdulaziz Yusupov qamoqdan ozod etildi


Саид-Абдулазиз Юсупов.
Саид-Абдулазиз Юсупов.

O‘zbekiston DXX hibsxonasida saqlanayotgan jurnalist, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi sobiq direktori, 38 yashar Said-Abdulaziz Yusupov 8 iyul kuni qamoqdan ozod etildi.

Said-Abdulaziz Yusupov 2019 yilning sentabrida Jinoyat kodeksining 167- ("O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish"), 168- ("Firibgarlik") hamda 28- ("Jinoyat ishtirokchilarining turlari") va 211- ("Pora olish-berishda vositachilik qilish") moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, sud hukmi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Yusupovning ozodlikka chiqarilgani yuzasidan Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan izoh olish imkoni bo‘lmadi.

Said-Abdulaziz Yusupov 8 iyul kuni DXXning tergov izolyatoridan ozodlikka chiqarilgani to‘g‘risidagi xabarni uning advokati Arslon Shaymardonov Ozodlikka tasdiqlab, bunday dedi:

“Hozir mana uylarida xudoyi qilib o‘tiribmiz. Yetkazilgan zarar qoplangani uchun ozodlikka chiqarildi. Sog‘lig‘i yaxshi, hech qanday bosim yo‘q, oldingidek tazyiq ham bo‘lgani yo‘q, boshqa ham bo‘lgani yo‘q, hammasi qonun doirasida bo‘ldi”.

Said-Abdulaziz Yusupov 2019 yilning 10 mayida hibsga olinganidan boshlab shu kunga qadar DXX ning izolyatorida saqlangan.

Bosh prokuratura rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ Said-Abdulaziz Yusupov “o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati mas’ul xodimi deb tanishtirib, firibgarlik yo‘li bilan odamlardan juda katta miqdorlarda pul olgan”likda ayblangan.

Norasmiy manbalarning o‘z vaqtida xabar qilishicha, 2019 yil kuzida yopiq o‘tgan sud Yusupovni 6,5 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.

Hibsga olinganidan so‘ng Yusupovning onasi va xotini uning tergov davomida qiynoqqa solingani va shoshilinch tibbiy yordamga muhtojligini bildirgan¸ ammo prokuratura bu iddaolarni rad qilgan edi.

O‘tgan yilning 9 sentabrida ijtimoiy tarmoqlarda Said-Abdulaziz Yusupovga taalluqli ekani ishonilgan, uning oila a’zolariga hibsxonadan chiqargan maktubi tarqalgan edi.

"U yerda "Temur", "Oybek", "Berdak"lar 6,5 sutka davomida menga nisbatan jismoniy, ruhiy, psixologik tazyiq o‘tkazishdi. Meni hatto zo‘rlamoqchi bo‘lishdi. Ya’ni dubinka bilan nomusimga tajovuz qilmoqchi bo‘lishdi. Meni sindirgan narsa – ayajonim va ayolimni qamash, xo‘rlash, keyin esa bola chaqamu otamgacha qanday qilib o‘ldirib yuborishlarini aytib ishontirishgani bo‘ldi", deb yozilgan edi maktubda, jumladan.

Joriy yil boshida esa, Yusupov mahkumlikdagi hayotiga oid maqolasida , jazo muddatini o‘tash uchun koloniyaga kelganidan o‘zining “yaxshi ma’nodagi shok”ka tushganini ëzgan.

2019 yilning 12 mayida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Yusupov o‘ziga nisbatan ochilgan jinoyat ishi jurnalistik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganini iddao qilgan, o‘zini prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatning ashaddiy himoyachisi ekanini bildirgan edi.

Said-Abdulaziz Yusupov 2017 yilning dekabridan hibsga olingunga qadar O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat jamg‘armasiga rahbarlik qilgan.

XS
SM
MD
LG