Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:24

Prezident qarorini SSV profpatologi bekor qildi: buxorolik tibbiyotchilarga 100 mln so‘mlik to‘lov berilmadi


Buxorodagi “Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi” kichik tibbiyot xodimi Nargiza Naimova, mart, 2020
Buxorodagi “Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi” kichik tibbiyot xodimi Nargiza Naimova, mart, 2020

Buxoroda xorijdan olib kelinganlar saqlangan karantin muassasasida ishlagan va koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlari prezident va’da qilgan rag‘batlantirish to‘lovlarini ololmayotir.

Bir necha hamkasbi nomidan Ozodlikka gapirgan tibbiyot xodimi Nargiza Naimovaga ko‘ra, u Istanbuldan olib kelingan va Buxorodagi “Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi”ga joylashtirilgan ilk yirik guruhga xizmat qilgan.

14 kunlik karantin davrida himoya kiyimlari va vositalari vaqtida yetkazib berilmagan tibbiyot xodimlaridan 5 nafari COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgan, ammo hanuz belgilangan to‘lovlarni ololmagan.

Ozodlikka bu tibbiyot xodimlari taqdim qilgan rasmiy javob xatlaridan birida, prezident qarori bilan tayinlangan rag‘bat pullari Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh profpatologi tavsiyasiga binoan to‘lanmasligi aytilgan.

Buxorodagi “Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi” MChJda kichik tibbiy xodim - sanitarka bo‘lib ishlashini aytgan 33 yashar Nargiza Naimovaga ko‘ra, u shu yilning 22 martidan to 4 aprelga qadar shu sanatoriyga karatinga qo‘yilgan 239 kishiga xizmat qilgan:

- Istanbuldan kelgan ilk gruppani qo‘ydilar bizning sanatoriyga. 22 martdan 4 aprelgacha ishladik. O‘shanda tekshirishganida mendan koronavirus chiqdi. Chunki, bizga himoya kiyimlari yetkazib berilmagandi, oxirgi kunlari bemorlarni oldiga himoya kiyimlari kiymasdan ham chiqib, ishlashga majbur bo‘lgan kunlarimiz bo‘lgandi. O‘shanda jami 11 ishchi xodimdan chiqdi. Bulardan 5 nafari sanatoriy xodimi, 1 vrach, 2 hamshira va 2 nafar IIV xodimidan virus chiqdi. Keyin bizni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib ketishdi, u yerda davolandik.

Nargizaning aytishicha, unda COVID-19 infeksiyasi nisbatan og‘ir kechgan. U 25 kun shifoxonada qolgan:

- Davolanib chiqqanimdan keyin ham yana bir necha marta kasallandim. Menda koronavirusni oqibatlari qolgan, deb o‘ylayapman. Lekin, doktorlar hali bu kasallikni bilmaymiz, aniq bir narsa deyolmaymiz, deyishyapti. Men juda kuchsiz bo‘lib qolganman, ishga ham yaramay qolganman. Xo‘jaynim ham ishini yo‘qotgan, 3 ta bola bilan hammamiz uyga qamalib qoldik. Shuning uchun shifoxonadan chiqqanimdan beri, to‘lovlarni undirish uchun harakat qilyapman. Mening hisobim bo‘yicha, 14 kunlik karantin uchun kichik tibbiy xodim sifatida 10 million so‘m olishim kerak, bemorlar bilan ishlab, kasalga chalinganim uchun bir martalik 100 million so‘mlik to‘lovni olishim kerak. Hozirgacha faqat 6 foiz ustama to‘lovni oldim, xolos.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:37 0:00
Бевосита линк

2020 yil 26 martda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4652-sonli "Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi.

Qarorga muvofiq, koronavirusdan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan:

- vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m;

- o‘rta tibbiyot xodimlari, hamshira-laborantlarga –15 million so‘m;

- kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m;

- boshqa xodimlarga – 5 million so‘m.

Maxsus to‘lovlarni xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga bir martalik 100 million so‘m, virus yuqishi natijasida sog‘lig‘iga shikast yetkazib, og‘ir ahvolga tushgan va sog‘lig‘i tiklanmagan taqdirda bir martalik 250 million so‘mlik to‘lov belgilangan.

Nargiza Naimovaning fikricha, u yuqorida ko‘zda tutilgan to‘lovlardan biri - bir martalik 100 million so‘mlik rag‘batlantiruvchi to‘lovni olishga haqli.

Naimova buni tasdiqlovchi hujjatlarni ham Ozodlikka taqdim qildi.

Bu hujjatlarni o‘rganish asosida, shu kungacha N. Naimova kabi va’da qilingan to‘lov pullarini ololmayotganidan shikoyat qilgan boshqa tibbiyot xodimlari savollariga ham javob berishi mumkin bo‘lgan tafsilotlar o‘rtaga chiqdi.

Jumladan, hujjatlardan birini “Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi” direktori U. Sherov imzolagan.

Unda qayd etilishicha, 22 martdan 7 aprelgacha ushbu muassasaning 16 xodimi karantinga olinganlarga xizmat ko‘rsatgan va bu asnoda 5 xodim COVID-19 infeksiyasiga chalingan.

Hujjatga ko‘ra, kasallanganlardan biri feldsher, qolgan 4 nafari kichik tibbiy xodim.

Ya’ni bu hujjat, tibbiy xodim bevosita koronavirusga chalingan kishilar bilan ishlagani va ularni “davolashda” ishtirok etish jarayonida virusga chalinganini tasdiqlaydi.

Nargiza Naimova o‘z hamkasblari bilan ish jarayonida tushgan surat, mart, 2020
Nargiza Naimova o‘z hamkasblari bilan ish jarayonida tushgan surat, mart, 2020

Naimovaga O‘zbekiston Sanator-kurortlar boshqarmasidan yo‘llangan hujjatda aytilishicha, Nargiza Naimova 6 foizlik ustama to‘lov hamda bir martalik 100 million so‘mlik to‘lovni olishga haqlidir.

“Sitorai Moxi Xosa sanatoriysi” MChJ xodimlariga “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risida”gi Vaqtinchalik Nizomning 1 bob 2 bandi 3 qism va 4 bob bilan balgilangan bir yo‘la beriladigan to‘lovlar berilishi uchun barcha choralar amalga oshirilmoqda”, deyiladi bu maktubda.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) va vazirlikning Buxoro viloyat boshqarmasidan yo‘llangan javob xatlarida ham sanatoriyda ishlab, koronavirus yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga bir martalik to‘lovlar to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Xususan, SSV yo‘llagan javob xatida, N. Naimova ishini viloyat boshqarmasi va tegishli tashkilotlar bilan birga tuzilgan komissiya tasdiqlashi lozimligi aytilgan.

Ozodlikka kelib tushgan hujjatlardan birida ana shunday komissiya xulosasi qayd etilgan.

Xulosadan ma’lum bo‘lishicha, SSV va uning viloyat boshqarmasi prezident qarori hamda Maxsus komissiya Nizomi asosida N. Naimova va uning 4 hamkasbiga berilishi ko‘zda tutilgan 100 million so‘mlik to‘lov, bitta profpatolog xulosasi bilan bekor qilingan.

Hujjatda shunday deyiladi:

“Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh profpatologi tomonidan yo‘llangan javob xatida Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 15 fevraldagi 60-sonli qarorining 2-ilovasida keltirilgan kasb kasalliklari ro‘yxati surunkali kasalliklar hisoblanib, tibbiyot xodimlarining “COVID-19” koronavirusini yuqtirish holati o‘tkir kasallik bo‘lib, davolanganidan so‘ng bemor organizmida virus aniqlanmaydi, davolanishdan keyin xodim ish qobiliyatini yo‘qotmaydi, ya’ni davolanib ish faoliyatini davom ettirishi mumkinligi, kasbiy faoliyati natijasida kelib chiqqan o‘tkir kasalliklar “Kasb kasalliklari” ro‘yxatiga kiritilmagani ma’lum qilingan”.

Hujjatga ko‘ra, mana shu bandga asoslangan holda N. Naimova va uning koronavirusga chalingan bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan boshqa hamkasblariga bir martalik 100 va 250 million so‘mlik to‘lovlar to‘lanmasligi aytilgan.

Ushbu hujjatga imzo chekkan Davlat moliyaviy nazorati Buxoro viloyat boshqarmasining bo‘lim boshlig‘i Furqat Shukurov SSV profpatologi nomidan shunday maktub yo‘llanganini tasdiqladi, ammo boshqa savollarga vazirlik yoki uning viloyat boshqarmasidan javob olishni tavsiya qildi.

SSV Buxoro viloyat boshqarmasining boshlig‘i Ilhom Narziyev bilan kunlar davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Xususan, 9 iyul kuni boshqarma xodimasi I. Narziyev tumanlardan biriga xizmat safariga chiqib ketganini aytib, boshqarmaning iqtisodiy masalalarga mas’ul rahbari Rahima Arzixanovaning telefon raqamini berdi. Bu xodimadan ham biror javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Shu tariqa, koronavirus pandemiyasi sharoitida 4 oydan buyon muttasil og‘ir bosim ostida ishlayotgan va xastalanayotgan tibbiyot xodimlariga prezident qarorida ko‘zda tutilgan to‘lovning SSV bosh profpatologining bitta xulosasi bilan bekor qilinishi haqidagi hujjatga Ozodlik Buxoro viloyatidagi mutasaddilardan biror javob ololmadi.

Ajablanarlisi, bu savolga Sog‘liqni saqlash vazirligidan ham javob olishning imkoni bo‘lmadi. Ozodlik vazirlik buxorolik tibbiyot xodimlariga taqdim qilingan hujjatlardagi - (+99871) 2411691, 2394643, 2410366 telefon raqamlariga bog‘lanib, javob ololmadi. Shuningdek, vazirlikning yagona ishonch telefoni, deb taqdim qilingan - +998 (71) 239-47-95 raqamidan ham biror rasmiy javob olishning imkoni bo‘lmadi. Vazirlik matbuot kotibi Furqat Sanayev esa Ozodlik murojaatlarini javobsiz qoldirmoqda.

Ozodlikdagi hujjatlarda profpatologning ismi keltirilmagan. Ammo, rasmiy manbalarga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh profpatologi, tibbiyot fanlari doktori Muqaddas Hamroqulovadir.

Ma’lum bo‘lishicha, M. Hamroqulova 8 iyun kuni Kun.uz nashriga intervyu bergan va unda: " Bizga hujjatlari bilan murojaat qilgan tibbiyot xodimlarining kasallik tarixlari o‘rganib chiqilganda, ularda davolanganlaridan so‘ng virus aniqlanmagani va kasallik asorat qoldirmagani aniqlandi", deb javob bergan.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash ishlariga turli manzillar – sanatoriy, karantin markazlari, mahallalardagi profilaktika va uy karantiniga olinganlar bilan ishlash jarayoniga jalb qilingan tibbiyot xodimlaridan ularga prezident qarori bilan va’da qilingan ish haqi va rag‘bat to‘lovlari berilmayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

Shu paytgacha, barcha xodimlariga koronavirusga qarshi kurash doirasidagi har bir ish kuni uchun 6 foizlik ustama to‘lov to‘lanmoqda, xolos. Ammo, rasmiylar prezident qarorida ko‘zda tutilgan rag‘batlantirish to‘lovlarini to‘lab bermayotgani sababini ochiq izohlamayotgan edilar.

Vaholanki, prezident qarorida bu to‘lovlar koronavirusga qarshi kurash tadbirlari paytida kasallikni yuqtirib olganlar va kasallik og‘ir kechgan tibbiyot xodimlarini nazarda tutadi. Prezident qarorida, COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlarga rag‘bat pullarining berilishi profpatolog xulosasi bilan tasdiqlanishi lozimligi va umuman, bu kasallikni kasb kasalliklari sirasida bo‘lishi shartligi haqida hech nima deyilmagan.

XS
SM
MD
LG