Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

Toshkentdagi ishni tashlab qaytgan so‘xlik ustalar uyiga ketish uchun Qirg‘iziston chegarasidan o‘ta olmayapti


Qirg‘iziston orqali So‘x tumaniga olib boruvchi yo‘ldagi Vodil chegara postida turgan so‘xlik ishchilar, 13 iyul, 2020
Qirg‘iziston orqali So‘x tumaniga olib boruvchi yo‘ldagi Vodil chegara postida turgan so‘xlik ishchilar, 13 iyul, 2020

Bosh vazir va’dasi bilan Toshkentdagi Olmazor city qurilishiga ishga yollangan, biroq maoshning ozligi va yashash sharoitining yomonligidan norozi bo‘lib Farg‘onaga qaytgan bir guruh so‘xlik usta hanuz uyiga yetolmayapti.

15 yurtdoshi nomidan Ozodlikka bog‘langan ustalardan biriga ko‘ra, ular 7 iyuldan beri O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi "Vodil" postiga qatnamoqda, ammo So‘x anklaviga o‘tishiga ruxsat berilmayotir.

Bu so‘xlik ishchilar Toshkentdagi ishni tashlab, Farg‘onaga qaytgach, karantin markaziga joylashtirilgani haqida Ozodlik 29 iyun kuni xabar qilgan edi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning aytishicha, hozirda bu 15 kishilik guruh va boshqa so‘xliklarning ro‘yxati tuzilgan va Maxsus komissiyadan ularni So‘xga o‘tkazib qo‘yish uchun ruxsat kutilmoqda.

13 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan so‘xlik usta yigit Shohruzning aytishicha, ular 7 iyul kuni 14 kunlik karantinni tugatib, maxsus avtobusda IIV xodimlari kuzatuvida "Vodil" chegara postiga olib borilgan.

Farg‘ona viloyatining to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan eksklav tumani - So‘xga yo‘l yopiq.

Shohruzga ko‘ra, chegarachilar, so‘xlik ishchilar maxsus ruxsatnoma va So‘x tumani hokimligidan vakil bilangina tumanga o‘tkazilishi mumkinligini aytgan.

- 7 iyul kuni karantindan chiqdik, koronavirusi yo‘q, degan qog‘ozni berishdi. O‘sha kuni melisalar bilan bitta avtobusga solib, "Vodil" chegara postiga olib borishdi. Borsak, chegarachilar o‘tkazmadi. So‘x tumanidan maxsus vakili kelishi kerak edi, kelmadi, deyishdi. Shu bilan Farg‘ona viloyati hokimligi qaytarib olib kelishdi. Ular kimni qoladigan uylari bo‘lsa, borib kutib turishsin, xabar beramiz, deyishdi. Shundan beri sarsonmiz. Chegara postidagi avtobekatda ham tunadik, yomg‘irlar yog‘di, birovlarni issig‘i chiqib ketdi. Haliyam So‘xga o‘tolmayapmiz, - dedi Shohruz.

Quyida Shohruz bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:09 0:00
Бевосита линк

Uyiga ketolmay, Farg‘onada sarson bo‘lib yurgan so‘xlik ustalar taqdiri borasida Ozodlikka ma’lumot bergan Farg‘ona viloyati hokimi matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning aytishicha, hozirda bu 15 kishilik guruh va boshqa so‘xliklarning ro‘yxati tuzilgan.

- 10 iyuldan O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirildi, shuni natijasida chegaralarda ham xuddi shunday chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Buning ustiga, Qirg‘izistonda ham keyingi paytda koronavirus bilan kasallanish keskin ko‘payib ketdi. Shuning uchun qo‘shni davlat ham chegaralarni qattiq qo‘riqlayapti, kirish-chiqish keskin cheklangan. Shuning uchun, chegaradan o‘tishi shart bo‘lganlaring ro‘yxatini qilib, Call-center orqali O‘zbekiston Maxsus komissiyasiga berdik. O‘z navbatida Qirg‘iziston Hukumat komissiyasidagi Call-center ham hamkorlikda ish olib borib, ro‘yxatni Chegara qo‘shinlariga bergan. Hozir Qirg‘iziston tomonidan javob kutilyapti. Har holda javob uzoq kutilmaydi, - dedi matbuot kotibi.

So‘xlik ishchilar shu yilning 8 iyunida Bosh vazir taklifi asosida maxsus avtobuslar bilan So‘x tumanidan olib chiqilgan edi.

Shu yilning 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasining bahsli hududidagi Chashma bulog‘i ustida ikki davlat vatandoshlari o‘rtasida to‘qnashuv chiqqan va buning ortidan So‘xga borgan Bosh vazir Abdulla Aripov, 500 so‘xlikka Toshkentdan yaxshi maoshli ish va’da qilgan edi.

Toshkentdan borgan rasmiylar bilan shaxsan uchrashganini aytgan bir necha so‘xlik ustaga ko‘ra, o‘shanda ularga 4 million so‘mgacha oylik maosh va’da qilingan.

Ammo Toshkentdagi Olmazor City qurilish loyihasi rahbarilari ularga ko‘pi bilan 2 million oylik belgilagan. Buning ortidan 15 so‘xlik usta maoshning ozligi va sharoitning yomonligidan norozi bo‘lib ishni tashlab, 29 iyun kuni Farg‘onaga qaytgandi.

Ishchilarga ko‘ra, Discover Invest shirkatiga qarashli qurilishda ularga bosh vazir va’da qilgan 4 million so‘m o‘rniga 1 million 800 ming so‘mdan oylik belgilashgan, buning ustiga o‘ta og‘ir sharoitda saqlashgan.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan Olmazor City va Yunusobod Business City loyihalari doirasidagi qurilishlarni olib borayotgani aytilgan Discover Invest shirkati so‘xliklarning shikoyati yuzasidan Ozodlikka javob berishni va’da qilgan, bu hanuz javob bermagan.

XS
SM
MD
LG