Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:57

Koronavirus testi yakuniy natijasini chiqaradigan SEOAning o‘nlab xodimi kasalga chalindi


O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining bir necha o‘n xodimi Covid-19 tashxisi bilan kasalxonaga yotqizildi.

Bu haqda Ozodlikka agentlikning kasalga chalingan xodimlari xabar qildi. Ozodlik kasalxonaga yotqizilgan xodimlardan to‘rt nafari bilan gaplashdi. Ular Covid-19 ga chalinganini tasdiqladi.

Respublika ixtisoslashgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Semashko) mas’uli ham Agentlikning Covid-19 aniqlangan xodimlari davolanish uchun markazga olib kelinayotganini tasdiqladi.

Agentlik matbuot xizmati rahbari bu ma’lumotni inkor qildi. Uning aytishicha, xodimlar uyidan ishlamoqda.

Ayni paytda O‘zbekistonda Covid-19 bo‘yicha test natijasini aniqlashga mas’ul ushbu agentlikdagi ahvol mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkinligidan xavotirlar ham mavjud.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining Ozodlikka bog‘langan xodimi idoradagi o‘nlab hamkasbi Covid-19 tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganini xabar qildi:

“Agentlikning Markaziy apparatidan juda ko‘pchilik Covid-19 tashxisi bilan Semashko kasalxonasiga yotqizildi. Semashko Covid-19 tasdiqlangan bemorlar uchun kasalxonaga aylantirilgan. Idorada xaos, boshqaruv apparatida deyarli hech kim qolmagan. Hammasi kasalxonada”.

Xavfsizligini o‘ylab ismini ochiqlamaslikni so‘ragan agentlik xodimi o‘z hisob-kitoblariga tayanib, iddao qilishicha, bir necha o‘n hamkasbi kasalxonaga yotqizilgan:

“Bu raqam har kuni oshyapti. Kechaning o‘zida 4 kishi kasalxonaga yotdi. Agentlik to‘la ishlamayotganiga 10 kundan oshdi. Markaziy apparat yopiq desam ham bo‘ladi. De fakto agentlikda 6 kishi qolgan. Ular ham chemodan kayfiyatida”.

Agentlikning matbuot xizmati rahbari Muhammadjon Bozorov Ozodlik bilan suhbatda idora xodimlarida yoppasiga Covid-19 aniqlangani haqidagi xabarni inkor qildi.

Bozorov xodimlar asosan, uydan ishlayotgan bo‘lgani uchun shunday xabar tarqalgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Shuningdek, Bozorov Respublika ixtisoslashgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (Semashko)da agentlikning ikki xodimi yotgani, biroq ularda Covid-19 aniqlanmaganini ta’kidladi.

Ayni paytda Ozodlik agentlikning Covid-19 tashxisi bilan kasalxona (Semashko)ga yotqizilgan o‘ndan ziyod xodimining ism-familiyasi va telefon raqamini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. Ozodlik muxbiri ulardan to‘rt nafari bilan telefon orqali bog‘langanida, to‘rttalasi ham Covid-19 tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi.

“Menda kovid topishdi. Bir necha kundan beri Semashkoda yotibman. Kasalxonada idoramizdan qancha odam borligini bilmadim. Ko‘pchilik yotibmiz. Aniq sonini bilmadim”, dedi ismini ochiqlamayotganimiz agentlik xodimi.

Ozodlik Respublika ixtisoslashgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’uli Agentlikning kasallik aniqlangan xodimlari davolanish uchun markazga olib kelinganini tasdiqladi:

“SESdan kelganlar bizda. Lekin aniq sonini hozir sizga ayta olmayman. Buning uchun daftarga qarashim kerak”

Agentlik xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Covid-19 kasalligini aniqlash bo‘yicha yakuniy xulosani berish uchun mas’ul idora hisoblangan mazkur agentlikdagi ahvol mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishi mumkin:

“Mamlakatning turli burchaklarida o‘tkazilgan Covid-19 testlari musbat chiqqan taqdirda, ular bizning agentlik tekshiruvidan so‘nggina rasman e’lon qilinadi. Qayerda musbat test aniqlansa, maxsus mashinalarda agentlikka yetkaziladi va tekshirilgach, natijasi e’lon qilinadi. Shuning uchun ham odamlar test javobini uzoq kutishiga to‘g‘ri keladi. Agentlikdagi har bir kompyuter oldida DXX va IIBdan bittadan xodim biriktirilgan. Ishimiz keskin nazorat ostida. Ko‘pchilik prezident va’da qilgan mukofot pulini olish uchun dam olishsiz ishlashga majbur bo‘ldi. Aksar xodimlar virusologiyaga aloqasi bo‘lmasa ham mukofot puli uchun tanish-bilish qilib, joylashib oldi. Oqibatda ko‘pchilik kasallikni yuqtirdi. Hozir agentlik deyarli boshqaruvsiz qoldi. Har kim o‘z bilganicha ishlayapti. Kadrlar yetishmayapti. Bu mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuviga olib kelishi mumkin”.

P.S. Maqola e’lon qilinishi oldidan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlaridan qo‘shimcha xabar keldi: Semashkoda yotgan agentlik xodimlaridan 28 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda bo‘lgani uchun kasalxonada qoladi, boshqalari esa uy sharoitida davolanishga o‘tkazilyapti.

XS
SM
MD
LG