14 iyul kuni Ozarbayjonning Armaniston bilan chegarasida uch kundan beri tinchimayotgan janglarda 7 nafar ozarbayjonlik harbiy, jumladan, mamlakat armiyasining general-mayori hamda 4 nafar armanistonlik harbiy halok bo‘ldi.
Har ikki mamlakat bir-birini to‘qnashuvni keltirib chiqarganlikda ayblamoqda.
14 iyul kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi halok bo‘lganlar orasida armiya general-mayori Polad Qasimov hamda polkovnik Ilqar Mirzayevlar borligini ma’lum qildi.
Armaniston Mudofaa vazirligi esa bir nafar mayor va bir nafar kapitan halok bo‘lganini bildirdi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligining matbuot kotibi Anna Nagdalyan chegara yaqinidagi Berd shahriga Ozarbayjon kuchlari artilleriya hujumini uyushtirganini, ammo Armaniston kuchlari hujum ortida turgan Ozarbayjon bazalarini «yakson qilganini» bildirdi.
12 iyul kuni boshlangan to‘qnashuvlarda bugunga qadar umumiy hisobda 16 nafar harbiy halok bo‘ldi.
14 iyul kuni kech yuzlab odam Bokuda Ozarbayjon armiyasi hamda prezident Ilhom Aliyevni qo‘llab namoyishga chiqdi.
Ammo aksiya ishtirokchilarining ayrimlari Ozarbayjon Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Najmaddin Sadiqov iste’fosini talab qildi.
Bur guruh aksiya ishtirokchisi parlament binosi ichiga kirishga muvaffaq bo‘lgan, ammo tez orada politsiya ularni quvib chiqargan va bino oldidagi olomonni tarqatish uchun ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va to‘qmoqlarni ishga solgan.
Polkovnik Mirzayevni dafn qilish marosimida yuzlab Boku turg‘uni ishtirok etdi.
13 iyul kini Ozarbayjon prezidenti Aliyev:
- Armanistonning siyosiy va harbiy yetakchilari ushbu provokatsiya uchun to‘liq javob beradi, - dedi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan esa, o‘z navbatida, Ozarbayjonni provokatsiyalarda ayblab, bu holat «javobsiz qolmasligini» ta’kidladi.
Ozarbayjon va Armaniston armiyalari o‘rtasida so‘nggi yirik qurolli to‘qnashuv 2016 yil aprelida ro‘y bergandi. O‘shanda har ikki tarafdan o‘nlab harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan. Armaniston bilan Ozarbayjon 1992 yildan beri urush holatida yashab kelmoqda.
13 iyul kuni Yevropa Ittifoqi, AQSh va Rossiya har ikki tarafni zudlik bilan to‘qnashuvlarni to‘xtatishga chorladi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston va Ozarbayjondagi hamkasblari bilan telefon orqali suhbatlashib, zo‘ravonliklarni to‘xtatishga chaqirdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi to‘qnashuvlar borasida «jiddiy xavotir» izhor qilib, ular mintaqa barqarorligiga tahdid solishini bildirdi.
AQSh Davlat departamenti esa har ikki tarafni o‘t ochishni to‘xtatishga chorlab, Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga tinch yechim topish uchun kurashishga chorladi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish to‘qnashuvlardan «chuqur xavotirga tushganini» aytib, Ozarbayjon va Armanistonni zo‘ravonlikni va provokatsion ritorikani to‘xtatishga chaqirdi.
To‘qnashuvlar boshlanishidan bir necha kun oldin Ozarbayjon prezidenti Aliyev to‘xtab qolgan tinchlik muzokaralarini qoralab, yangi urush boshlanishi mumkinligini aytgan edi.
7 iyul kuni Aliyev muzokaralar biror yechimga yetaklamasa, Boku ularni tark etishini aytib tahdid soldi.
Asosan etnik armanlar yashaydigan Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. Urushda 30 mingga yaqin odam o‘lgan, minglab odam ko‘chib ketishga majbur bo‘lgan.
1994 yildan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlar boshqarib keladi. Boku ular saflarida Armaniston harbiylari borligini ta’kidlab keladi.
Tog‘li Qorabog‘ mustaqilligini birorta davlat tan olmagan.