Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:41

Joylarda Covid-19ga qarshi kurashayotgan tibbiyotchilardan “virusni yuqtirsam, o‘zim aybdorman” degan tilxat olinmoqda


Covid-19ga qarshi kurashayotgan o‘zbek shifokorlari. Suratning tilxat olish voqeasiga aloqasi yo‘q.
Covid-19ga qarshi kurashayotgan o‘zbek shifokorlari. Suratning tilxat olish voqeasiga aloqasi yo‘q.

Koronavirus aniqlangan bemorlar davolanayotgan kasalxonalarning shifokor-hamshiralari va Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlaridan tilxat olinmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan hamshiralarga ko‘ra, “Covid-19ni yuqtirsam, o‘zim aybdorman” mazmunidagi tilxatlarni yozdirish joriy oy boshidan boshlangan.

Ozodlik bog‘langan shifoxonalar mas’ullari o‘z xodimlaridan ayni mazmundagi tilxat olinganini inkor qilishdi.

Covid-19 ga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan Toshkentdagi shifoxonalaridan biri hamshirasining Ozodlikka aytishicha, ulardan ayni mazmundagi tilxat olinganiga 10 kuncha bo‘ldi:

“4 oydan beri ishlab bunaqa narsa yozdirishmagan. Karantinda ikki hafta o‘tirib kelsam, shu narsani yozdirishdi. 10 kuncha bo‘ldi. Aytib turishdi men yozdim. So‘zma-so‘z esimda yo‘q. “Ish payti koronavirus yuqtirsam, hech kimga da’voim yo‘q” degan mazmunda. Qo‘shnim boshqa bolnitsada sanitarka bo‘lib ishlaydi. Undan ham olishgan”, dedi ishdan haydalish xavfi sabab ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan toshkentlik hamshira qiz.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining Toshkentdagi bo‘limlaridan birining Ozodlik bog‘langan xodimi ham ayni mazmundagi tilxat yozganini aytdi:

“Bu tilxat seschilar bilan shifokorlardan olinmoqda. Bular kompensatsiya to‘lanmasligi uchun shu fitnani qilishmoqda. Lekin jonini riskka qo‘yib ishlayotgan bizmizku.?! Seschilar va shifokorlar orasida qancha odam kasallikni yuqtiryapti. Lekin hammasini yashirishmoqda. Hozirda shifoxonalarda xaos yuzaga kelgan. Bizda ham shu ahvol. Odam yetishmayapti. Bu ketishda kim ishlaydi?”.

Feysbukda ham SEOA xodimlaridan tilxat olingani haqida yozildi.
Feysbukda ham SEOA xodimlaridan tilxat olingani haqida yozildi.

Toshkent shahar Ibn Sino nomidagi 1-son klinik shifoxonasi (1-gorbolnitsa)da oilasi bilan koronavirusdan davolanayotgan ayol - @Dilafruz Yunusova Zoirova tibbiyot xodimlaridan tilxat olingani sabab ular ishlashni istamayotgani haqida Feysbukda yozdi:

“Biz yotgan bo‘limda bir doktor va bir hamshira ishlamoqda. Butun boshli 5 ta etaj uchun ular javobgar. “Nega ikkigina kishi ishlayapsizlar deb so‘rasam, ko‘pchilik hamshira va doktorlar ishga kelishdan bosh tortishdi, deyishdi. Sababi “agarda kasallikni yuqtirib olsak, o‘zimiz javob beramiz” deya tilxat olingan ekan”.

@Dilafruz Yunusova Zoirova shifokor va hamshiralarning kechayu kunduz bemorlar uchun jon kuydirayotganini tasvirlar ekan, tibbiyot xodimlaridan tilxat olish emas, aksincha ularga tovon puli to‘lash lozimligini yozadi:

"Bunday tilxatni yirtib tashlab, oylik maoshlari oshirilsin. Kasallik yuqtirib olsa, kompensatsiya to‘lansin".

Feysbukdagi Xalq bilan muloqot /Dialog s narodom guruhiga joylangan ushbu postga 800ga yaqin izoh qoldirilgan bo‘lib, 1-son klinik shifoxonasi xodimlari bilan bog‘liq holat poytaxtning boshqa kasalxonalarida ham kuzatilayotgani aytilgan.

Jumladan, Toshkent Tibbiyot akademiyasi xodimi ham tibbiyotchilardan tilxat olingach, shifoxonalarda vaziyat og‘irlashayotgani haqida yozgan.

Ozodlik tarmoqda tilga olingan shifoxonalardan ikkitasi: 1-son klinik shifoxona va 1-Tibbiyot akademiyasi mulozimlariga bog‘landi. Ikkalasi ham o‘z xodimlaridan tilxat olinganini inkor qilishdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligidan hamshira va SEAO xodimlarining tilxat bilan bog‘liq shikoyatlari borasida biror ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri poytaxt va viloyatlardagi bir qancha shifoxonalar xodimlari bilan bog‘lanib, tilxat olish amaliyoti ommaviy ko‘rinishda emasligi, faqat ayrim joylardagina bu holat mavjudligini aniqladi.

Epidemiya payti ishlayotgan tibbiyot xodimlari bilan bog‘liq achinarli vaziyat haqida Ozodlikka ko‘plab murojaatlar bo‘lgan.

Karantin davrida himoya kiyimlari va vositalari vaqtida yetkazib berilmagan buxorolik tibbiyot xodimlaridan 5 nafari COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgani, ammo belgilangan to‘lovlarni ololmaganidan shikoyat qilishgan.

Surxondaryolik tibbiyot xodimlaridan ham ayni mazmundagi shikoyat bo‘lgan:

Ayni paytda prezident Mirziyoyev tibbiyot sohasida yuzaga kelgan muammolar, jumladan, soha xodimlari bilan bog‘liq vaziyat achinarli ekanini kecha tan oldi.

15 iyul kuni o‘tgan yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga hayfsan e’lon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.

XS
SM
MD
LG