Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:32

Qo‘qon hokimi byudjet xodimlari va tadbirkorlarga karantin postidagilarni boqishni buyurdi


10 iyuldan 1 avgustga qadar poytaxt Toshkent (suratda) va boshqa shaharlarga kirib-chiqish yo‘llariga qaytadan blok postlar o‘rnatildi.
10 iyuldan 1 avgustga qadar poytaxt Toshkent (suratda) va boshqa shaharlarga kirib-chiqish yo‘llariga qaytadan blok postlar o‘rnatildi.

Qo‘qondagi banklar¸ byudjet tashkilotlari va tadbirkorlarga shahar hokimligi muhri va shahar hokimining 1-o‘rinbosari imzosi bilan yuborilgan “ro‘yxat”ga ko‘ra¸ bu tashkilotlar shaharda tashkil etilgan blok postlarda turganlarni 20 kun davomida tushlik va kechki ovqat bilan ta’minlashi shart.

Ozodlikka nusxasi kelgan bu ro‘yxatda har birida 15 nafargacha mulozim turadigan ochiq postlarga kuniga ikki mahal ovqat yuborish asosan banklar va tadbirkorlik subyektlariga yuklatilgan.

To‘rttacha nazoratchi qo‘yilgan yopiq postdagilarni 10 iyuldan 1 avgustgacha ovqatlantirish esa shahar Madaniyat¸ Ekologiya¸ Xalq ta’limi va Sport bo‘limi kabi byudjetdan oylik oluvchi tizim rahbarlariga buyurilgan.

Karantin postidagilarni har kuni o‘z cho‘ntagidan pul yig‘ib boqayotgan qo‘qonlik mulozimlardan ayrimlari Ozodlik bilan suhbatda noqonuniy “homiylik”ka hujjat orqali majburlashni huquqiy bosh-boshdoqlik namunasi deya talqin qildi.

Mazkur ro‘yxatga imzo chekkan Qo‘qon shahar hokimining 1-o‘rinbosari¸ uning qaysi qonuniy asosda qabul qilinganiga izoh bera olmadi.

Muhrli ro‘yxat

Ozodlikka 17 iyul kuni yuborilgan ro‘yxat Qo‘qon shahar hokimi karantin choralari kuchaytirilishi munosabati bilan o‘tkazgan yig‘ilishning rasmiy bayonidir.

Ro‘yxatning birinchi sahifasi tepasidagi “Tasdiqlayman” degan yozuv ustiga Qo‘qon shahar hokimligi rasmiy muhri bosilgan¸ hokim ismi-sharifi yozilgan; so‘nggi sahifaga esa¸ hokimning 1-o‘rinbosari N.Mirzayev imzo qo‘ygan.

Hujjat “Qo‘qon shahrida Koronavirus pandemiyasi munosabati bilan 2020 yilning 10 iyul kunidan 1 avgust kuniga qadar tashkil etilgan ochiq va yopiq blok postlarda xizmat vazifasini o‘tayotgan xodimlarga tushlik va kechki ovqat tashkil etish uchun biriktirilgan mas’ullar RO‘YXATI” deb nomlangan.

Besh sahifalik bu ro‘yxatda Qo‘qon shahrida faoliyat yurg‘izayotgan banklar¸ aksar byudjet tashkilotlari¸ zavod-fabrikalar¸ xususiy tadbirkorlik korxonalari rahbarlari nomlari va mobil telefonlari yozilgan.

(Ozodlik ilova qilgan suratdagi telefon raqamlari shaxsiy ma’lumot daxlsizligi bois o‘chirildi - tahr.)

Ro‘yxatda ochiq blok postlarda xizmat qilayotganlarni kuniga ikki mahal ovqat bilan ta’minlashga mas’ul tashkilotlarning aynan qaysi kuni qaysi postga ovqat yetkazib berishi ham belgilangan.

Katta blok postlarda sakkiztadan 14 tagacha odam turibdi. Bular¸ IIB¸ Milliy gvardiya¸ SES va ular ishini nazorat qilayotgan hokimlik vakillari. Bizning bank har uch kunda ana shu postlarga ikki mahal osh¸ shashlik olib borib berishi kerak. Hozir restoran¸ kafelar yopilgan. Dostavka xizmati orqali buyurib¸ yetkazib beryapmiz. Bir kunlik xarajat 250-300 ming so‘m bo‘lyapti. Mayli¸ xalq salomatligi uchun oyoqda turibdi shular¸ deb ixtiyoriy ravishda bir marta ovqat yuborish mumkindir. Lekin har uch kunda xodimlardan pul yig‘ib¸ o‘zimiz va bolalarimiz yemaydigan ovqatlarni xizmat vazifasini bajarayotganlarga yetkazib berish¸ bu noqonuniy va majburiy o‘lpon yig‘ishga kiradi. Hokimlik boshliqqa¸ boshliq esa¸ xodimlarga tashlayapti. Bunaqa xarajat oyligimizning kamida to‘rttan birini yeb qo‘ysa¸ biz o‘z oilamizni qanday boqamiz hozirgi vaziyatda”¸ dedi Ozodlik bilan shaxsi sir qolishini so‘rab gaplashgan qo‘qonlik mulozimlardan biri.

Karantin postidagilarni 20 kun boqishga majburlangan tashkilot mulozimlaridan yana biri¸ Qo‘qon shahar hokimligining davlat va nodavlat tizimlariga ochiqchasiga o‘lpon solishini “misli ko‘rilmagan surbetlik” deb atadi.

Shu paytgacha ham hokimlar har xil tadbirlarga pul o‘tkazish¸ pul yig‘ib berishga majburlab kelgan. Lekin bu og‘zaki qilinardi. Bu gal tap tortmay davlat muhrini qo‘yib¸ hokimlik tasarrufiga kirmaydigan tashkilot va xususiy tadbirkorlarni ochiqchasiga majburlayapti. Qo‘qon hokimi o‘zini Qo‘qon xoni deb o‘ylab¸ O‘zbekiston qonunlariga jilla qursa qog‘ozda amal qilishniyam o‘ziga ko‘p ko‘rdi¸ shekilli”.

Hokimlik yuborgan rasmiy ro‘yxatning so‘nggi sahifasida 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin tufayli shaharda o‘rnatilgan yopiq blok postdagilarga biriktirilgan tashkilotlar yozilgan.

Hammasi byudjetdan oylik oladigan Xalq ta’limi¸ Madaniyat¸ Sport¸ Ekologiya¸ Statistika bo‘limlari¸ hatto Yoshlar kelajagimiz jamg‘armasining har biriga bittadan post biriktirilgan va u yerdagi xizmatchilarni 20 kun davomida uzluksiz ikki mahal ovqat bilan ta’minlash buyurilgan.

Ro‘yxatni imzolagan mulozim buni qanday izohlaydi?

17 iyul kuni Ozodlik o‘z ixtiyoridagi hujjatga imzo chekkan Qo‘qon shahar hokimining 1-o‘rinbosari N.Mirzayev bilan bog‘landi.

Hokimlikning o‘z tasarrufiga kirmaydigan davlat va nodavlat tashkilotlarini xizmat vazifasini bajarayotgan boshqa tizim xodimlarini boqishga majburlashning qaysi asosda qilinayotganiga Mirzayev javob berishga qiynaldi.

- Postlarni belgiladik¸ postda har xil tashkilot bor. SES bor¸ sog‘liqni saqlash¸ hamma bor. Endi bularning turganiga homiylik qilib¸ oziq-ovqatlarini ta’minlab berdikda. To‘g‘ri¸ homiylik ixtiyoriy bo‘ladi¸ buyruq bilan qilinmaydi. Bu ham ixtiyoriy.

Qo‘qon shahar hokimi muhri bilan tasdiqlangan ro‘yxatda ixtiyoriylik yo‘qligi¸ ro‘yxatga kiritilgan har bir tashkilot o‘z xodimlaridan pul yig‘ib¸ hokimlik buyrug‘ini bajarishga majburlanayotgani haqidagi e’tirozlarni eshitgan Mirzayev:

- Asosimiz¸ komissiyaning qarori bor. Postlarni boshqarib turadigan egalari bor. Postda turganlar postdan ketolmaydi. Asosiy masala xavfsizlik. Karantin qoidasini saqlab qolish uchun postdagi mas’ullarimiz joyidan ketib qolmasligi uchun tashkil qildik ularning ovqatini¸ dedi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar sonining keskin oshib borishi ortidan hukumat butun mamlakat bo‘ylab 10 iyuldan 1 avgustga qadar karantin qoidalarini kuchaytirishga qaror qildi.

Shu munosabat bilan katta-kichik shaharlarga kirib-chiqish yo‘llariga blok postlar o‘rnatildi¸ IIB¸ Milliy gvardiya va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari karantin qoidalarining nazoratchisi etib belgilandi.

Ozodlikka kelayotgan xabar¸ surat va videolarda bunday blok-postlarning ayrim hududlarda nomigagina qo‘yilgani¸ jiddiy sanitariya nazorati yo‘qligi¸ postda turganlarning pora evaziga tekshirmasdan o‘tkazib yuborayotgani aks etgan.

XS
SM
MD
LG