Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:56

Eronda AQShga general Sulaymoniy haqida ma’lumot berishda aybdor deb topilgan shaxs qatl etildi


Mahmud Musaviy-Majid
Mahmud Musaviy-Majid

Eron inqilob posbonlari korpusining sara bo‘limi qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniyniy haqida AQSh va Isroilga ma’lumot berganlikda aybdor topilgan shaxs qatl etildi. Sulaymoniy joriy yilning yanvarida Iroqda AQSh dronidan berilgan zarba oqibatida halok bo‘lgan edi.

Mizan Online saytida e’lon qilingan bildiruvda «Josuslikda ayblangan Mahmud Musaviy-Majidga nisbatan o‘lim hukmi dushanba kuni ertalab ijro etildi. Vataniga xiyonat qilganlikda ayblangan Musaviy-Majid ishi shu bilan yopildi», deyiladi.

Iyun oyida Eron rasmiylari Musaviy-Majid general Sulaymoniyning harakatlanishiga oid ma’lumotlarni AQShga yetkazib turganini bildirgandilar.

Sud hokimiyati o‘tgan oyda mamlakat Oliy sudi Musaviy-Majidga chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini o‘z kuchida qoldirganini bildirgan edi.

Musaviy-Majid qatl qilinishdan bir kun oldin Eron rasmiylari o‘tgan yilda sodir bo‘lgan norozilik namoyishlaridagi roli uchun uch kishi ustidan chiqarilgan o‘lim jazosi hukmini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilgan edi.

Ayblanuvchilarning namoyishlardagi roli uchun o‘lim jazosiga hukm qilingani ijtimoiy tarmoqlarda keskin qoralandi. Sud qarorini oddiy fuqarolar, olimlar, sobiq siyosatchilar va san’atkorlar qoraladi.

14 iyul kuni Eron Oliy sudi Amir Husayn Moradiy, Said Tamjidiy va Muhammad Rajabiylarni qatl qilish hukmini o‘z kuchida qoldirdi.

General Qosim Sulaymoniy
General Qosim Sulaymoniy

General Sulaymoniy joriy yilning 3 yanvarida Bag‘dod shahrida AQSh kuchlari tomonidan berilgan havo zarbasi oqibatida halok bo‘lgandi.

Tehron bunga javoban 8 yanvar kuni AQShning Iroqdagi harbiy bazalariga raketa hujumini amalga oshirdi, natijada 110 ga yaqin amerikalik askar jarohat oldi.

O‘sha kuni Eron kuchlari «Ukraina xalqaro havo yo‘llari» aviashirkatining Tehron-Kiev yo‘nalishidagi PS752 reysi bilan Tehron aeroportidan parvoz qilgan samolyotni urib tushirdi, natijada 176 nafar odam nobud bo‘ldi.

Boshida Eron rasmiylari uchoqni raketa urib tushirganini rad etishdi. 11 yanvar kuni esa Eron armiyasi uchoq «g‘ayriixtiyoriy» ravishda urib tushirilganini tan oldi.

Eron rasmiylari 2019 yilning yozida AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi foydasiga josuslik qilib kelgan 17 kishi qo‘lga olinganini e’lon qilgan edi. Josuslikda ayblanganlarning ayrimlari o‘lim jazosiga hukm qilingan. Hozircha Musaviy-Majidning ularga aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum.

14 iyul kuni Eron Sudi Markaziy razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilganlikda ayblangan Mudofaa vazirligining sobiq xodimi Rizo Asg‘ariy qatl etilganini ma’lum qilgan edi.

Sud hokimiyati vakili G‘ulomhusayn Ismoiliy Mudofaa vazirligi aerokosmik bo‘limi xodimi bo‘lgan va to‘rt yil muqaddam pensiyaga chiqqan Asg‘ariy Mudofaa vazirligidagi faoliyatining so‘nggi yillarida Markaziy razvedka boshqarmasi bilan aloqada bo‘lgani va AQSh tashqi razvedka idorasiga Tehronning raketa dasturiga oid ma’lumotlarni yetkazib berib turganini bildirdi.

Amnesty International tashkilotiga ko‘ra, 2019 yilda Eronda 251 kishi qatl etilgan. Bu ko‘rsatkich faqat Xitoyda yuqoriroqdir.

XS
SM
MD
LG