Toshkent shahridagi oilaviy poliklinikalar (OP) shifokorlari kundan-kunga soni ortib borayotgan koronavirus yuqtirib olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga ulgurmayotir.
22 iyuldan 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan poytaxtdagi bir necha poliklinikadan olingan ma’lumotga ko‘ra, kunlik qo‘ng‘iroqlar soni muttasil ortmoqda, ammo tibbiy ko‘rikka chiqish uchun shifokor va transport vositalari "katastrofik darajada" yetishmayotir.
Viloyatlardagi OP larning asosiy qismida esa transport vositasi yo‘q, ayrim hududlarda 30 ming aholiga bitta umumiy amaliyot shifokori qaramoqda.
Rasmiy manbaga ko‘ra, 2020 yilning fevraliga qadar O‘zbekistonda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelgan.
Toshkentning Olmazor, Sergeli, Yunusobod va Chilonzor tumanlaridagi bir necha oilaviy poliklinikalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi kunlarda COVID-19 alomatlaridan shikoyat qilgan bemorlar soni ortib bormoqda.
Jumladan, Olmazor tumanidagi OPdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 33 ming aholiga mas’ul bu muassasaga kuniga 60 tagacha chaqiruv bo‘lmoqda:
"Shu kovid pandemiyasi boshlanishidan oldin 20 - 30 tagacha chaqiriq tushgan bo‘lsa, hozir o‘rtacha 50-60 tagacha chaqiriq tushyapti. Juda ko‘paygan, isitma, yo‘tal, shu kovid alomatlaridan shikoyat qilganlar ko‘p. 1 ta mashinamiz bor. Hozir endi yana 2 ta berishadi, deyishgan. Uni berishgan taqdirda ham, kuniga 60 ta chaqiriqqa ulgurish juda qiyin bo‘ladi".
Poytaxtdagi qator OP xodimlariga ko‘ra, so‘nggi qisqa muddatda ularning mas’uliyatidagi bemorlar soni shu yilning 5 iyulidan boshlab, uyida davolanishga ko‘rsatma berilgan koronavirus bemorlari hisobiga yanada ortgan.
O‘zbekiston Maxsus komissiyasi qarori bilan, shu yilning 5 iyulidan koronavirus yuqtirgani aniqlangan, ammo kasallik alomatlarsiz yoki yengil kechayotgan bemorlarni uyida davolash tizimiga o‘tilgan edi. Shundan so‘ng, poytaxtdagi 80ga yaqin poliklinika ish tartibi ham o‘zgargan.
Bu muassasalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozir OP va ularning huzuridagi mobil guruhlar birinchi galda tana harorati so‘nggi 2 – 3 kun ichida 38,5 darajadan tushmagan, og‘ir nafas yetishmovchiligidan qiynalayotgan va surunkali kasalligi bo‘lgan bemorlarga xizmat qilmoqda, aynan ulardan birinchi navbatda koronavirus uchun test tahlillari olmoqda.
“Poliklinikamizda bitta mobil guruh bor, hozircha. 1 ta mashina, 1 ta vrach va hamshirasi bilan. Ular endi isitmalarga birinchi bo‘lib boradi. Oxirgi 2 – 3 kun ichida issig‘i 38,5 dan tushmagan bo‘lsa, yo‘tal, nafas yetishmovchiligi bo‘lsa, qon bosimi bo‘lsa, diabeti bo‘lsa – boradi. Test ham birinchi o‘rinda shulardan olinayapti. Yengil isitma, yengil simptomlar bo‘lsa, telefonda srazu naznacheniye qilib, ro‘yxatga olib, umumiy amaliyot vrachlarimiz navbati bilan borayapti", dedi jumladan Sergeli tumanidagi OP shifokori.
Bu shifokorga ko‘ra, OPlarda shifokorlar hamda mashinalar soni yetishmayotgani bois, yengil simptom bilan uyda yotgan bemorlar vaqtida tibbiy yordam ololmayotir:
"Hozir kovid kasallarining 60 foizi yengil kasallangan. Endi shular o‘ziga vaqtida qaramasa yoki aksincha o‘zini shamollatib qo‘ysa, ahvoli og‘irlashib ketyapti. Pnevmoniya rivojlanib ketish holatlari ham bo‘lyapti. Lekin, agar vaqtida tavsiyalarni bajarib, dorilarni ichib turishsa aholimiz – bu darajaga bormaydi. Bizni ham ishimiz oson bo‘lardi”.
Bundan tashqari, OP xodimlari 21 iyuldan boshlab, Toshkent shahridagi bemorlar uchun ajratilgan jami 5 ming dona bepul dori-darmon qutilarini tarqatishga ham mas’ul qilindi.
Olmazor tumanidagi OP xodimidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu dorilar koronavirus yuqtirgani tasdiqlangan bemorlarga mo‘ljallangan, ammo bepul dori vositalari koronavirus alomatlari kuzatilgan bemorlarga ham berilishi zarur:
“Mana kechadan bepul dori qutilarini tarqatyapmiz. Juda yaxshi, juda foydali dorilar. Lekin, ular faqat kovid tasdiqlangan bemorlarga. Men masalan, kovid alomati bo‘lganki, hammaga birdek qarashimiz kerak, deb hisoblayman. Chunki, simptom ham, oslojneniye ham hamma ORVIda (respirator kasalliklari) bir xil – vaqtida davolanmasa, pnevmoniya bo‘lishi mumkin. Shuning uchun pnevmoniya ko‘paygan. Kuzda o‘zimizni mavsumiy grippimiz ham qo‘shilsa, ahvol yana og‘irlashishi mumkin. Bizga yana 2 ta mashina beramiz, dedi. Shunda mashnamiz 3 ta bo‘ladi, bizga ancha yordam bo‘lardi”.
Ayni paytda, Ozodlik gaplashgan shifokorlarga ko‘ra, hozir qishloqlardagi OP yoki QVP (qishloq vrachlik punkti) ham uyida davolanayotgan koronavirus bemorlariga mas’ul qilingan.
Ammo, qishloqdagi bu tibbiyot muassasalarining ahvoli yanada og‘ir - 10 mingdan 30 mingga qadar aholi punktiga qaraydigan OP yoki QVP (qishloq vrachlik punkti) 1 nafardan 3 nafargacha umumiy amaliyot shifokori bor.
"Masalan Chust tumanidagi Olmos qishloq fuqarolik yig‘inida 30 ming aholiga bitta oila shifokori bor, umumiy amaliyot shifokori. Hali koronavirusga mobil guruhlar tashkil qilinmagan. OP larda hali umuman mashina yo‘q. Shifoxonadagi "Tez yordam" mashinalariniyam shofyorlar pul yig‘ib, tuzatib yuribdiku - ahvol shu darajada. Lekin ba’zi viloyatlarda hali Toshkentdagichalik virus tarqalmadi. Ertaga Toshkentda epidemiya tugasa, viloyatda boshlansa, balki nafas oldirish apparatlari bilan yordamga kelishi mumkin. Toshkentda haqiqatan ahvol og‘ir", deydi Namangandagi OP bosh shifokori Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.
Xuddi shu kabi holatni Samarqanddagi OPlardan birida ishlaydigan yagona terapevt shifokor ham aytib o‘tdi:
"OP shifokorlari birinchidan koronavirus bemorlariga qaramaydiyam. Chunki, ularning himoyasi yo‘q - kiyim, qo‘lqop, oddiy niqob yo‘q. Mashina yo‘q. Oylik ko‘pi bilan 1 yarim million so‘m, kasal bo‘lsa, uni kim davolaydi?! Agar hozir bu OP va QVPlarni quvvatlab, tayyorlab qo‘shimasa, kuzda kasallik ko‘payib, bizlarda ham tarqalib ketsa nima bo‘ladi, to‘g‘risi nima deyishga xayronman".
Bu ikki viloyatdagi shifokordan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yerdagi qishloq hududlarda koronavirusga chalingan bemorlar soni nisbatan oz va ular hanuz alohida muassasalarda davolanmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 20 iyulь kungi videoselektor yig‘ilishida bergan ko‘rsatmasiga asosan, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazildi.
Bu yig‘ilishda prezident xususan, Toshkent shahridagi 11 ta tuman ko‘p tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy polikinikada uyida davolanayotgan bemorlar bilan ishlash tizimi juda og‘ir ahvolga tushib qolganini gapirdi.
Jumladan, har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasi yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam ko‘rsatish uchun 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan bo‘lishi kerakligi, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yo‘qligini tanqid qilgan.
Poytaxtdagi OP shifokorlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, o‘sha yig‘ilishdan so‘ng ularga qo‘shimcha yengil mashinalar berilishi aytilgan, ayrimlariga berilgan ham.
Ammo, Qo‘yliq massividagi OP bosh shifokoriga ko‘ra, aksar poliklinikalarga avtomashinadan tashqari, shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari ham yetishmayotir:
"Meni poliklinikam 30 ming aholiga xizmat qiladi, 1 ta mashina bilan. Hozir COVID-19 yengil kechayotgan bemorlarni to‘liq bizga berishgan. Kuniga kamida 40 ta chaqiriq tushadi. Ko‘pchiligi isitma, ularni uyiga borib xizmat qilish kerak. Xo‘p, 1 ta mashina bilan biz qanday yetishamiz?! Buning ustiga oxirgi bir oyda 6 ta xodimim koronavirus bo‘ldi, yana 3 tasi bugundan uyida karantinda. Mashina bo‘lsa ham, vrachlarim yo‘q. Men qanday yetishaman?!” degan edi bu shifokor 16 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda.
O‘zbekistonda 2020 yil mart oyi o‘rtalarida koronavirusga chalingan ilk bemor qayd etilganidan buyon, bu bemorlar bilan ishlash uchun jalb qilingan necha shifokor va tibbiyot xodim koronavirusga chalingani haqidagi so‘nggi aniq rasmiy ma’lumot Ozodlikda yo‘q.
Ammo, rasmiy manbalarda 2020 yilning fevralida berilgan ma’lumotga ko‘ra, o‘sha kezda O‘zbekistonda har 10 ming aholiga 23 nafar shifokor to‘g‘ri kelgan.