Линклар

Шошилинч хабар
17 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:25

Turkmaniston rasmiylari uchoqlar va yuk mashinalari yordamida ko‘chalarni dezinfeksiya qilmoqda


Turkmaniston. Ashxobod ko‘chalari dezinfeksiyalanmoqda.
Turkmaniston. Ashxobod ko‘chalari dezinfeksiyalanmoqda.

Turkmanistonda dalalar va shahar ko‘chalariga «yuqumli kasallikka» qarshi kurash doirasida dezinfeksiyalash vositasi sepilmoqda. Mamlakat rasmiylari bugunga qadar birorta turkmanistonlik koronavirusga chalinmaganini iddao qilmoqda.

Rasmiylarning havodan dezinfeksiyalash vositalarini sepish qarori aholini xavotirga solmoqda.

22 iyul kuni Ozodlikning turkman xizmati sepilayotgan vositalar «yoqimsiz hidga» ega ekanligini, aholi bu holat odamlar va jonivorlar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani va ekinlarni vayron qilayotganiga ishonishini xabar qildi.

Shahar ko‘chalarida dezinfeksiyalash vositalarini sepish uchun yuk mashinalaridan foydalanilmoqda.

Turkmanistonning davlat ommaviy axborot vositalari global miqyosda koronavirus pandemiyasi davom etayotgan bir paytda ko‘rilayotgan choralarni «mamlakat bo‘ylab yuqumli kasalliklar tarqalishi oldini olishga qaratilgan mukammal dezinfeksiya kampaniyasi» deya ta’rifladi.

Rasmiy nashrlarga ko‘ra, uchoqlardan 1 foiz xlor va 0,25 foiz natriy gipoxloriti sepilmoqda. Ozodlikka intervyu bergan mahalliy mutaxassislar ushbu vositalar yuqori dozalarda sepilayotganini bildirdi.

Davlat telekanallari uchoqlar yordamida amalga oshirilayotgan dezinfeksiya choralarini ilk bor 15 iyul kuni yuritgan edi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, tasvirga olingan dezinfeksiya jarayonidan maqsad aholini tinchlantirish hamda epidemiolog vaziyat hukumat nazorati ostida ekanligini ko‘rsatishdir.

Ozodlik muxbiri Mari viloyatida mahalliy aholi dezinfeksiyalash vositalarining o‘z sog‘liqlariga salbiy ta’siridan xavotirda ekanligini xabar qildi. Fermerlar esa vositalar ekinlariga ziyon keltirayotganidan tashvishlanmoqda.

Turkmaniston rasmiylari pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda birorta ham odam koronavirusga chalinmaganini iddao qilib keladi. Ammo keyingi oylarda shifoxonalar bemorlar bilan to‘lgani hamda ko‘plab bemor koronavirus infeksiyasiga o‘xshash kasallikdan vafot etgani xabar qilindi.

Turkmaniston rasmiylari koronavirus pandemiyasini tan olmay kelayotgan bo‘lsa-da, kasallik tarqalishi oldini olish uchun misli ko‘rilmagan choralarni ko‘rmoqda.

Avvaliga niqob taqishni man etgan rasmiylar 8 iyulga kelib aholini o‘zlarini «changdan» himoya qilish uchun niqob taqishga chorladi. Shuningdek, mamlakat ichida harakatlanish cheklandi, bozor va savdo markazlari yopildi.

Hukumat pozitsiyasi birdaniga o‘zgarishidan oldin Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari Turkmanistondagi epidemiologik vaziyatni baholash uchun mamlakatga xizmat safari bilan borgan edi.

15 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida tashkilot xodimi Ketrin Smolvud hamkasblari bilan Turkmanistonda koronavirus yo‘qligi haqidagi iddaolarga zid hech nimani ko‘rmaganini aytdi.

Ammo Smolvud Turkmaniston rasmiylari o‘zlarini xuddi «COVID-19 tarqalayotgandek tutib, oldini olish choralarini ko‘rishlari kerak», dedi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Turkmanistonga safaridan oldin Ozodlik turkman rasmiylari mamlakatda virusga chalinish holatlarini yashirayotganini xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG