Ukraina poytaxti Kiyevning "Leonardo” biznes-markazida joylashgan bankda bomba portlatish bilan tahdid qilgan shaxs qo‘lga olindi.
Mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko qo‘lga olingan shaxsning asli o‘zbekistonlik 32 yashar Suhrob Karimov ekanini ma’lum qildi.
Vazirlik rasmiysiga ko‘ra¸ Karimov xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan “Bumerang” va “Grom” amaliyotlari natijasida qo‘lga olingan.
Anton Gerashchenko Feysbuk sahifasida yozgan xabarga ko‘ra, 3 avgust kunduzgi soat 12 larda “Universal bank“ vakilasi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, 35 yoshlarda bo‘lgan shaxsning ryukzagidagi bombani portlatish bilan tahdid qilganini bildirgan.
- Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, terrorchilik akti bilan tahdid qilgan shaxs O‘zbekiston grajdani - 25.03.1988 yilda tug‘ilgan Karimov Suhrob Rahmonovich. Tarmoqlarga ko‘ra, u ruhan nosog‘lom odam ekan. Terrorchi ryukzagida katta portlovchi zaryad borligi, u o‘lib qolsa oyog‘iga qo‘shilgan kabel orqali detonator ishga tushishi va portlashi mumkinligini aytgan, deb yozdi Ukraina Ichki ishlar rasmiysi.
Anton Gerashchenko vaziyat maxsus kuchlar tomonidan tuzilgan shtab nazoratiga o‘tgani, operativ xodimlar o‘zbekistonlik shaxs bilan muzokara olib borganini bildirdi.
- U oldiga ommaviy axborot vositalari xodimlarini kiritishni, intervyu bermoqchi ekanini ma’lum qilgan, dedi 3 avgust kuni jurnalistlar oldida qilgan chiqishida Anton Gerashchenko.
Aytilishicha¸bank xodimlarining barchasi binoni tark etgan, bo‘lim rahbari esa o‘z ixtiyoriga ko‘ra¸ Suhrob Karimov bilan birga qolishga qaror qilgan.
Politsiya Suhrob Karimov oldiga “NASh”, Zik va "112 Ukraina" jurnalistlarini kiritgan.
Ukraina IIV tarqatgan xabarga ko‘ra¸ Suhrob Karimov o‘zining jurnalistlar bilan suhbati mahalliy telekanallar orqali jonli ko‘rsatilishi¸ shuningdek¸ o‘ziga 40 ming grivna berilishni talab qilgan.
“Terrorchi tiriklayin qo‘lga olindi. Endi uni sud va uzoq muddatli qamoq muddati kutmoqda", deb yozdi Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko.
Kiev bankida "terror tahdidi" bo‘lgani haqidagi xabar tarqalishidan ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek muhojirini qo‘lga olish amaliyoti videosi ham paydo bo‘ldi.
Terrorchilikda ayblanayotgan Suhrob Karimov kim?
32 yashar Suhrob Karimov mahalliy matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xabarlarga ko‘ra¸asli samarqandlik.
Ukraina politsiyasining bildirishicha¸ 2017 yildan beri Ukrainada yashab kelgan Karimov Zaporojye viloyati Berdyanskiy tumanida qaydda turgan.
Kiyev restoranlaridan birida ofitsiant bo‘lib ishlab kelgan o‘zbekistonlik muhojir¸ mahalliy blogerlarning yozishicha¸ “nasha va amfetamin iste’mol qilgani" uchun bir necha kun oldin o‘zi yashab kelgan hosteldan quvib chiqarilgan.
Bankka hujum qilishdan uch kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda u “jihod” e’lon qilib, “g‘ayridinlarni o‘ldirishga” da’vat etuvchi agressiv yozuvlar joylashtirgan.
Ayni paytda¸ qo‘lga olingunga qadar ukrain jurnalistlari bilan o‘tkazgan suhbatida Karimov mamlakat prezidenti Zelenskiyni keskin tanqid qiladi.
- Yaqinda sizlar prezident etib masxarabozni sayladingiz. Zelenskiy - qizbola, masxaraboz... U mamlakatni boshqarishni, davlatning sodiq, adolatli o‘g‘li bo‘lishni, ukrainaliklar hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishni o‘z zimmasiga olgandi. Nima o‘zgardi? - deydi jumladan mahalliy jurnalistlarga qarata o‘zbekistonlik muhojir.
Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko Suhrob Karimovni “ruhan nosog‘lom beqaror odam” deb atagan bo‘lsada¸ hozircha uning ruhiy kasallikdan aziyat chekkaniga oid tibbiy dalolatnoma jamoatchilikka taqdim qilinmadi.
Ukraina huquq-tartibot idoralari o‘zbekistonlik muhojirning 3 avgust kungi harakati ortidagi motivlar haqida hozircha izoh bermadi.