Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:54

Moskvadagi yordamga muhtoj o‘zbekistonliklar Toshkentga uchoqda olib ketildi (VIDEO)


Boshida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan Komiljon Nabiyev Toshkentga uchib ketmoqda.
Boshida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan Komiljon Nabiyev Toshkentga uchib ketmoqda.

12 avgust kuni Moskva -Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchgan samolyotda, asosan, pandemiya karantini tufayli Rossiyadan o‘z vaqtida ketolmay, qiyin ahvolda qolgan o‘zbek muhojirlari O‘zbekistonga olib ketildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, uchoqda homiladorlar, nogiron va keksa muhojirlar, bolali ayol-erkaklar va og‘ir kasal yoki jarohat olgan mehnat muhojirlari bor edi. Hammasi bo‘lib necha kishi Toshkentga uchgani Ozodlikka ma’lum emas.

O‘z yurtiga ketayotganlar orasida Podmoskovyening Mojayskiy tumanida og‘ir jarohat olgan samarqandlik Komiljon Nabiyev ham bor edi.

Shu yilning iyulida tomdan tushib ketgan Komiljonning boshi yorilib, birmuncha vaqt komada yotgani haqida Ozodlik hikoya qilgan edi. Boshining 3 joyidan operatsiya qilingan 43 yashar migrantning keyingi tibbiy muolajalarga mablag‘i qolmagani va u O‘zbekistonga borib davolanishi lozimligi ham aytilgandi.

Komiljon ham 12 avgustdagi reysda O‘zbekistonga jo‘natildi.

Uchoqqa chiqishidan oldin Komiljon O‘zbekistonga borib davolanishni davom ettirishi va oyoqqa turib, yana qaytib kelish istagida ekanini Ozodlikka so‘zladi:

- Yaxshi hammasi. Ish bo‘lsa ishlayman O‘zbekistonda, bo‘lmasa - qaytib kelaman. 19 yildan beri kelib ketaman Rossiyaga. Buning uchun avval yiqilganda olgan jarohatimni davolashim kerak.

Uchoqqa chiqishidan oldin barcha o‘zbek yo‘lovchilariga maxsus himoya kiyimi kiydirildi, niqoblar taqildi.

Vnukovo aeroportida uchishidan oldin Ozodlikka gapirgan Komiljonning akasi Hasanboy Nabiyev Ozodlik materiali ortidan kutilmagan o‘zgarishlar yuz berganini aytarkan, dedi:

- Sizlar s’yomka qilganingizdan keyin ancha yangiliklarga erishdik, natija bo‘ldi. Elchixonadan bizni telefon qilib, chaqirishib “Erta-indin uchasiz!”, deyishdi. Juda katta yordam bo‘ldi! Bugun Komilni uchirib yuborsam uyda davolanishni davom etadi. Haqiqat borligiga ishondim! Ozodlikka qilgan murojaatim amalga oshishiga ishonchim uncha yuqorimas edi. O‘zlari ro‘yxatga olib, joyiga qo‘yib olib ketishyapti. Katta rahmat sizlarga!

12 avgust kuni kunduzi Moskvaning Vnukovo aeroportidan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning yana bir reysi amalga oshirildi.

Rossiyada qolayotgan o‘zbek muhojirlari oldinroq poyezdlarda ham olib ketilgan edi.

Rostov-Don shahridan 10 avgustda 918 nafar o‘zbekistonlik poezdda O‘zbekistonga qarab yo‘lga chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar bergan.

Ma’lum qilinishicha, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Rossiyaning Shimoliy Kavkaz va Janubiy federal okrugidagi o‘zbekistonliklarni olib kelish uchun “Toshkent – Rostov-Don – Toshkent” temir yo‘l reysi tashkillashtirilgan.

Rossiyadan olib kelingan o‘zbekistonliklar belgilangan tartibda karantin markazlariga joylashtiriladi. 10 avgust kuni “Samara—Buzuluk—Toshkent—Pop” yo‘nalishi bo‘yicha Rossiyadan olib kelingan 918 nafar o‘zbekistonlik 9 avgustda Pop temir yo‘l vokzalida kutib olingani va Popdagi karantin hududiga joylashtirilgani xabar qilingandi.

7 avgustga o‘tar kechasi Toshken – Buzuluk – Toshkent yo‘nalishidagi poyezd 918 nafar yo‘lovchi bilan O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqqani xabar qilingan edi. 7 avgust kuni Toshkent – Kinel – Toshkent yo‘nalishidagi poyezd ham 918 yo‘lovchini O‘zbekistonga olib kelinishi bildirilgan.

XS
SM
MD
LG