Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:37

Namanganlik aka-singil Forish IIBda kaltaklanganini iddao qilmoqda; IIB qarshi da’vo kiritdi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyidagi selektor majlisida Andijondagi qiynoqlar uchun IIV rahbariyatini ayblagan edi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyun oyidagi selektor majlisida Andijondagi qiynoqlar uchun IIV rahbariyatini ayblagan edi.

Mirzaolim Ilyosov va Gulmira Ilyosova bu yilgi yoz mavsumida qo‘shimcha daromad uchun Jizzax viloyatining Forish tumani Qizilqum qishlog‘idagi “Migarofarm” fermer xo‘jaligida ishlagan.

Asli namanganlik o‘qituvchi Gulmira Ilyosova Ozodlik bilan suhbatda o‘zi va 42 yoshli akasining 12 avgust kuni Forish tumani IIBda kaltaklanganini iddao qildi.

Egizaklarning aytishicha¸ bu borada prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaatlari ham javobsiz qolgan.

Ozodlikka taqdim etilgan tibbiy ma’lumotnomalarda aka-singilning tan jarohatlari olgani, o‘tkir siqish oqibatida miya qon bosimining ichki ortishi kuzatilgani aytiladi.

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov o‘z tashkiloti Forish tuman IIB xodimlari fuqarolarga kuch qo‘llagani holatini o‘rganayotganini bildirdi.

Forish tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini Vali deb tanishtirgan xodimi namanganlik aka-singil kaltaklanganini inkor etdi.

IIB mulozimi¸ aksincha¸ Gulmira Ilyosovaning IIB xodimlarini haqoratlaganini iddao qildi.

Namangan viloyati Chust tumani Olmos qishlog‘idagi 41-maktabda biologiya o‘qituvchisi bo‘lib ishlovchi Gulmira Ilyosova va akasi Mirzaolim Ilyosov yozgi mavsumiy ish uchun Jizzax viloyatining Forish tumaniga kelgan.

Ozodlik bilan suhbatda Gulmira Ilyosova akasining sha’riy nikohida bo‘lgan ayol shikoyati asosida ular 12 avgust kuni Forish tumani IIBsiga chaqirtirilgan .

- Akamning jizzaxlik sha’riy nikohda bo‘lgan, lekin bir oy oldin ajrashgan xotini bolamni zaharlashdi, deb IIBga shikoyat qilgan ekan. U bola chaylada qovun-tarvuzga solinadigan o‘g‘itni ichib qo‘ygan ekan. Forish tumani militsiyasiga soat 16.00ga chaqirishdi. Soat 22.00dan o‘tganda faqat akamni kirgizamiz¸ dedi. Men aytdim, "kirmaydi yolg‘iz, men ham kiraman" dedim. "Sen kirmaysan" dedi. Kiritmaganidan keyin akamni olib chiqib ketayotganimda tergovchi "to‘xta" dedi. Keyin ichkaridagilarga "chaqir hammani" dedi. Ikkitasi akamni ushladi, kaltaklashdi. Yana ikkitasi meni qo‘limni qayrib ushladi. Yerga sudrab olib bir xonaga olib kirib, yerga tap etib tashladi. O‘shanda hushimdan ketib qolibman. O‘zimga kelganimda "doktor chaqirib bering" dedim. Ikkita ayol keldi, tekshirdi. Tanamdagi jarohatlarni ko‘rdi, keyin chiqib ketdi. Shifokorlar meni turg‘izishgani ham yo‘q, - deydi Gulmira Ilyosova.

Мирзаолим Илёсов Фориш ИИБсида калтакланганини иддао қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:00 0:00

Jizzax viloyati Forish tumani IIB tomonidan fuqaro Mirzaolim Ilyosovga nisbatan to‘plangan ma’muriy ish materiallariga ko‘ra, u shar’iy nikohdagi rafiqasi Sh. A. bilan 2 yashar farzandi M. M.ni zaharlashga urinishda gumonlangan.

- Qanday qilib o‘z farzandimni zaharlashim mumkin? Ayolim o‘zaro janjalimiz tufayli militsiyadagi tanishlariga aytib, esimni kiritib qo‘ymoqchi bo‘ldi. O‘qituvchi singlim ishga aralashgach, ikkimizni ham urib tashlashdi. “O‘zing bir mardikor bo‘lsang, qo‘lingdan nima kelardi?” deyishdi. Haqiqatan qo‘limizdan hech nima kelmayapti, deydi Mirzaolim Ilyosov Ozodlik bilan suhbatda.

Forish IIBsidagi voqeadan so‘ng Ilyosova va akasi Mirolim Ilyosov Namangan viloyati Chust tumaniga qaytib¸ bu yerda tibbiy tekshiruvdan o‘tgan.

- Forishning o‘zida shifokorlar militsiya bosimi ostidaligini bilamiz. Militsiyaxonada shifokorlar bizga qanday munosabatda bo‘lganini ko‘rib, Namangandagi vrachlarga ko‘rindik, - deydi Gulmira Ilyosova.

Gulmira Ilyosova kaltaklanish oqibatida tan jarohatlari olganini iddao qilmoqda.
Gulmira Ilyosova kaltaklanish oqibatida tan jarohatlari olganini iddao qilmoqda.

Tuman Tibbiyot birlashmasi bergan ma’lumotnomalarda ikki fuqaroning tan jarohatlari olgani, o‘tkir siqish oqibatida miya qon bosimining ichki ortishi kuzatilgani aytiladi.

Forish tumani IIBning navbatchilik qismi Ozodlikning Ilyosovlarning kaltaklangani haqidagi iddaolarni rad qildi.

IIBning Vali ismli xodimi esa Gulmira Ilyosovaning o‘zini ichki ishlar xodimlarini haqoratlaganlikda aybladi.

- Hech kim urgani yo‘q. Yolg‘on gapiryapti. Qaytanga u bizni shallaqilik qilib, kurakda turmaydigan gaplar bilan haqoratladi. Hozir biz unga qarshi IIB xodimlarini haqoratlagani uchun prokuraturaga shikoyat tayyorlayapmiz, - dedi IIB xodimi.

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov o‘z tashkiloti Forish tuman IIB xodimlarining fuqarolarga kuch qo‘llagani holatini o‘rganayotganini aytdi.

- Nima bo‘lgan taqdirda ham javobgarlik nuqtai nazaridan bu holat o‘rganilishi kerak. Bu ayol meni va akamni IIB xodimlari kaltaklashdi, deyapti. Portalga bir necha marta yozgan ekan. Bizga ham murojaat qildi. Har bir shikoyat, asoslimi, yo‘qmi, o‘rganib chiqlishi kerak. Fuqaro tarafidan IIB xodimlarini haqoratlash bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Buning ham javobgarligi bor. Biz ham mustaqil ravishda bu holatni o‘rganib chiqyapmiz.

Ozodlik so‘nggi ikki oy ichida IIB xodimlari fuqarolarga kuch qo‘llashi bilan bog‘liq o‘ndan ortiq holatni yoritdi.

19 avgust kuni Ozodlik Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani IIBsida komaga tushib, 15 kun behush yotgan fuqaro hayotdan ko‘z yumgani haqda xabar bergan edi.

Kuchli rezonans uyg‘otgan holat esa iyun oyi boshida Andijonda ro‘y berdi. Andijonda IIB xodimlari 33 yoshli fuqaroga kuch qo‘llagani va oqibatda 11 kun behush, koma holatda yotib, so‘ngra 11 iyun kuni hayotdan ko‘z yumgani ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’fosi va vazirlikni qaytadan tashkil qilish talab qilish boshlandi.

Oliy majlisning kamida ikki deputati ham Ichki ishlar vaziri Bobojonov iste’fosini talab qildi.

Ayrim deputatlar Ichki ishlar vazirligini tugatish, kerak degan taklif bilan ham chiqishgandi.

XS
SM
MD
LG