Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:45

OzodTa’sir: Farg‘onada fermerlardan har gektar yer uchun 10 mln so‘mdan talab qilish qarori bekor qilindi


Farg‘ona viloyatida uchta tuman va ikkita shahar yerlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashyapti.
Farg‘ona viloyatida uchta tuman va ikkita shahar yerlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashyapti.

Farg‘ona viloyat, Farg‘ona shahri hokimligining paxta va g‘allachilikdan bog‘dorchilik va sabzavotchilikka qayta ixtisoslashtirilayotgan fermer xo‘jaliklaridan tasarrufidagi yerni saqlab qolish uchun har gektar yerga 10 million so‘mdan to‘lash haqidagi qarori bekor qilindi.

Bu haqda Ozodlikning “Sizdan Telegram” loyihasida 25 avgust kuni maqola e’lon qilingan edi.

Fermerlardan olingan ma’lumotga qaraganda, Farg‘ona shahar hokimligiga qarashli qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga mo‘ljallangan 750 gektar yer bo‘lib, bu yerlarda 40 ta fermer xo‘jaligi tuzilgan.

Farg‘onalik fermerlardan biri 25 avgust kuni Farg‘ona shahar hokimining ogohlantirish xatini Ozodlikka yuborgan, hokim xatida fermerlardan har gektar yer uchun 10 million so‘mdan viloyat Fermerlar kengashi hisob raqamiga o‘tkazish talab qilingan, aks holda yerlari boshqa talabgorga berilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Farg‘onalik fermer bunday degan edi:

“Farg‘onadagi fermerlardan har bir gektar uer uchun o‘n million so‘mdan pul talab qilinmoqda. To‘lanmagan taqdirda yer olib qo‘yilar ekan. Vaholanki, hujjatlarda tashabbuskorlar faqat o‘z xohishi bilan pul to‘lashi ko‘rsatilgan. Ayrim mutasaddilar dehqonchilik mashaqqatini bilmaydi. Oftobda qora terga botib mehnat qilamiz, hosil yetilganda tekinxo‘rlar ko‘payadi. Mavsum boshida ekinga o‘g‘iting bormi, suvni qayerdan yetkazasan. qiyinchilik yo‘qmi deb so‘rash tugul, eslab ham qo‘yishmaydi. Qachongacha bunday tazyiq qilishadi? Axir, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham dehqon va tadbirkorlarga keng yo‘l ochib beringlar deb bot-bot takrorlayaptilar. Bular esa teskarisini qilishadi. Yuqori tashkilotlardan yordam kutib qolamiz”.

27 avgust kuni farg‘onalik fermerlardan biri maqola “Sizdan Telegram” kanalida e’lon qilingan kun kechqurun darhol shahar hokimligida majlis chaqirtirilib, bu qaror bekor qilinganini aytdi.

Farg‘ona viloyat fermerlar kengashi raisi G‘ayrat Abdulhakimov ham 28 avgust kuni Ozodlik bilan suhbatda shahar hokimi o‘rinbosarining bu topshirig‘i bekor qilinganini tasdiqladi:

“Bu masalani hokim muovinlari noto‘g‘ri talqin qilishgan. Viloyatimizda uchta tuman va ikkita shahar yerlari meva-sabzavotchilikka ixtisoslashyapti. Viloyat hokimimiz odilona-oqilona ish qilishni, odamlar norozi bo‘lmasligini aytishgan va bu haqda Adliya boshqarmasiga shu yangilanishga doir Nizom ishlab chiqishni topshirgan. Bu dastur alohida Nizom ishlab chiqilgandan keyin ishga tushadi. Shuning uchun fermerlarning xavotirlanishiga o‘rin yo‘q”.

G‘ayrat Abdulhakimovning aytishicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 iyuldagi qarori qarori bilan 2021 yilda Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahri, Oltiariq, Quva, Qo‘shtepa tumanlarida g‘alladan qisqartirilayotgan maydonlarda intensiv bog‘ va tokzorlar hamda Farg‘ona shahrining 750 gektar yer maydonida sabzavotchilik yo‘lga qo‘yiladi.

XS
SM
MD
LG