Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:27

Buxoroning Rossiya "Qizil armiyasi" tomonidan ishg‘ol etilgani 100 yilligi O‘zbekistonda eslanmadi


Mustaqil Buxoro respublikasi asoschilari - (old qator o‘ngdan chapga) Ota Xo‘ja¸ Usmon Xo‘ja¸ Fayzulla Xo‘ja va (eng chapda) Buxoro jadidlari yetakchisi Abdurauf Fitrat. Surat Usmon Xo‘janing o‘g‘li¸ tarixchi professor Temur Xo‘ja o‘g‘li arxividan olindi.
Mustaqil Buxoro respublikasi asoschilari - (old qator o‘ngdan chapga) Ota Xo‘ja¸ Usmon Xo‘ja¸ Fayzulla Xo‘ja va (eng chapda) Buxoro jadidlari yetakchisi Abdurauf Fitrat. Surat Usmon Xo‘janing o‘g‘li¸ tarixchi professor Temur Xo‘ja o‘g‘li arxividan olindi.

Joriy yilning 2 sentabri kuni Yevropa¸Turkiya va qozog‘istonlik 20 nafar olim ishtirokida “Buxoro jumhuriyatining 100 yilligi” degan xalqaro onlayn simpozium bo‘lib o‘tadi.

Tadbir taklifnomasida yozilishicha¸ simpoziumda “o‘lkadagi ilk demokratik tuzumlardan biri bo‘lgan Buxoro jumhuriyatining shakllanishi¸ sharafli odimlari va huzunli qismatiga oid ma’ruzalar” qilinadi.

Simpozium tashkilotchisi¸ AQShdagi Michigan universiteti professori Temir Xo‘ja o‘g‘liniing Ozodlik muxbiriga bildirishicha¸ tadbirda o‘zbek olimlari ham ishtirok etadi.

Ayni paytda¸ Toshkentdagi Qatag‘on qurbonlari muzeyining katta ilmiy xodimi, tarix fanlari doktor Bahrom Irzayevga ko‘ra¸ Buxoroda amirlik ag‘darilganining 100 yilligi O‘zbekistonda eslanmayotir.

Jadidlar tarixi bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan Diyora Abdujabborova esa¸ maktab va kollejlardagi tarix darslarida “Buxoro jumhuriyati va uning asoschisilari Usmon Xo‘ja va Fayzulla Xo‘jayev haqida ma’lumot berilmasligini” afsus bilan ta’kidladi.

Tarixchi olim Bahrom Irzayevga ko‘ra¸“bundan 100 yil oldin tuzilgan Buxoro jumhuriyati siyosiy tarixda bugungi O‘zbekiston paydo bo‘lishiga yo‘l ochgan buyuk ibtido”dir.

Taniqli rassom Vyacheslav Oxunov Ozodlik bilan suhbatda “inqilob bahonasida bolsheviklarning Buxoroni uchoqlar bilan bombardimon qilgani bilan bog‘liq dahshatning 100 yilligini eslash bugungi rossiyaparast rahbarlar uchun foydali bo‘lishi"ni uqtirdi.

Rassom 1988 yilning 2 sentabrida Londondagi Og‘axon jamg‘armasiga oid “ZAMON” galereyasida eni uch¸ bo‘yi esa ikki metrlik matoga moy bo‘yoq bilan “Buxoroning bombalanishi” degan asarini namoyish qilgan edi.

Vyacheslav Oxunov "Buxoroning bombalanishi" kartinasi oldida.
Vyacheslav Oxunov "Buxoroning bombalanishi" kartinasi oldida.

Munaqqidlar nazarida¸ o‘zbek rassomining bu asari emotsional jihatdan ulug‘ rassom Arkadiy Plastovning “Fashist uchib o‘tdi” va Pablo Pikassoning “Gernika” degan asaridan ham kuchliroq yaratilgan.

Buxoroda amirlik ag‘darilgani haqida sovet davrida kinorejisser Latif Fayziyev tarafidan badiiy film suratga olingan. Tojik yozuvchisi Jalol Ikromiy esa “Garnizon taslim nameshavad” degan pyesa yozib¸ Buxoro respublikasi prezidenti Usmon Xo‘jani “bosmachilarga sotilib, ruslarga qarshi isyon ko‘targan sotqin” deya aks ettirgan.

Rassom Oxunovga ko‘ra¸ bu asarlar voqealarning bolsheviklar talqinidagi targ‘ibot tasmasidir¸ xolos.

Aslida nima bo‘lgan edi?

Buxoro amirligi tor-mor etilib¸ uning o‘rnida Buxoro respublikasi tashkil etilganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan Ozodlik tarixchi va ijodkorlarga shunday savol bilan murojaat qildi.

Tarixchi olim Temur Xo‘ja o‘g‘li.
Tarixchi olim Temur Xo‘ja o‘g‘li.

Buxoro respublikasining Birinchi prezidenti Usmon Xo‘janing (1878 -1968) o‘g‘li¸ xalqaro maydonda tanilgan tarixchi professor Temur Xo‘ja:

- Jadidlar 1905 yildan boshlab Buxoro amiridan islohot talab qilishadi. Jadidlar ikkiga ayrilgan edi. Marksist jadidlar va millatchi jadidlar. Marksist jadidlar rahbari Fayzulla Xo‘ja edi. Millatchi jadidlar rahbari esa otam Usmon Xo‘ja edi. Millatchi jadidlarga ko‘ra¸ amirni ag‘darishdagi harbiy xizmati uchun Frunzega pul to‘lanishi va amir ag‘darilganidan keyin rus askarlari Buxorodan chiqib ketishi kerak edi. Avvaliga bunga Frunze rozi bo‘ladi. Jadidlar mustaqil Buxoro respublikasini tuzishadi. Qo‘limda Buxoro jumhuriyatining konstitutsiyasi bor. Bu konstitutsiyada sovet so‘zi yo‘q. Mustaqil Buxoro respublikasi degan kalima bor. Ammo keyinchalik ruslar kelishuvni buzib¸ Buxoroni sovet respublikasiga aylantirishdi.

Rassom Vyacheslav Oxunov
Rassom Vyacheslav Oxunov

“Buxoroning bombalanishi” asari muallifi rassom Vyacheslav Oxunov:

- Aslida Gernika bombardimoni (Ispaniyaning Gernika shahriga 1937 yili to‘xtovsiz uch kun uyushtirilgan dahshatli bombardimon nazarda tutilmoqda - tahr.)dan 17 yil oldin zich aholi yashaydigan Buxoroning eski shahar qismi harbiy uchoqlardan intensiv o‘qqa tutilgan. Og‘ir-og‘ir bombalar tashlangan edi. 1937 yili Ispaniyadagi Gernika shahrini nemis uchoqlari xuddi Frunze kabi bombalaganida¸ bundan dahshatga tushgan ulug‘ rassom Pikasso “Gernika fojiasi” degan asarini chizgan edi. Asar BMT binosida osilib turibdi. Bu asarni ko‘rgan nemislar rassomdan “bu sizning ishingizmi?” deb so‘raydi. Rassom bo‘lsa “Yo‘q¸ bu sizning qilmishingiz” deb javob beradi.


San’atshunos olim Abdumalik Turdiyev:

- Mustaqil davlat hududiga bostirib kirib, ishg‘ol qilingan edi. Xuddi ruslar Qrimni yashil odamchalar bilan ishg‘ol qilganidek. Frunze kabi yashil odamchalar bugun ham Rossiyada Kreml amrini kutib o‘tirishibdi.

Tadqiqotchi Diyora Abdujabborova.
Tadqiqotchi Diyora Abdujabborova.

Tadqiqotchi Diyora Abdujabborova:

- Turkiston va Xivani tinchitgan bolsheviklar Buxoroga hujum qilishdi. Bolsheviklar bu hujumni “Yosh buxoroliklar” jadid guruhi uyushtirdi¸ deb tarixni falsifikatsiya qilishdi. Frunze tomonidan Leninga yuborilgan telegrammada ham “Yosh buxoroliklar” va Qizil armiya birlashgan kuchlari Buxoroni egalladi” deb yozilgan.“Yosh buxoroliklar” oddiy ziyolilar edi. Ularda armiya yoki qurolli qo‘shin yo‘q edi. Bu haqiqiy Rossiya bosqini edi. “Yosh buxoroliklar” bu yo‘lda marionetka rolini bajardi. Afsuski¸ o‘zlari ham keyin ayyor rus hukumati tomonidan qatl qilindi.

XS
SM
MD
LG