Joriy yilning 2 sentabr kuni Yevropa¸Turkiya, O‘zbekiston va Qozog‘istondan 20 nafar olim ishtirokida “Buxoro jumhuriyatining 100 yilligi” mavzuida xalqaro onlayn simpozium bo‘lib o‘tdi.
Anjuman ishtirokchilari Buxoro Respublikasi prezidenti Usmon Xo‘ja Po‘latxo‘jayev (1878 -1968)yashagan Buxorodagi uyni “Jadidlar muzeyiga” aylantirish borasida taklifni ma’qulladi.
Simpozium ishtirokchisi¸ Samarqand davlat universiteti rektori¸ senator professor Rustam Xolmurodov Usmon Xo‘ja yashagan uyda “Jadidlar muzeyi” tashkil qilish yangi O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgan siyosat ruhiga uyg‘unligini ta’kidladi.
Simpoziumda qatnashgan Usmon Xo‘ja Po‘latxo‘jayevning o‘g‘li¸ AQShdagi Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja agar muzey tashkil qilinsa o‘z shaxsiy kutubxonasidagi barcha kitoblarni muzeyda qo'yish uchun O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga hadya qilishga tayyorligini bildirdi.
Qozog‘iston poytaxti Nursulton shahridagi Xalqaro turk akademiyasi prezidenti¸ professor Darxon Kidirali¸ turkiyalik sobiq vazir Ahad Andijoniy¸ Turkiya turizm va madaniyat vazirligi qoshidagi TIKA (Türk İşbirliği ve Koordinasyon Ajansı) vakili doktor Ali Ixson Chog‘lor (Dr. Ali İhsan Çağlar) “Buxoroda jadidlar yo‘lboshchisi Usmon Xo‘ja xotirasiga muzey ochish xalqaro ahamiyatga ega” ish bo‘lgani bois “bu muzeyniing mukammal bo‘lishi uchun moliyaviy resurs masalasi ham xalqaro miqyosda ijobiy hal bo‘lishiga” umid bildirdi.
Simpoziumda qatnashgan Turkiyaning O‘zbekistondagi muxtor elchisi Mehmat Surayyo Er simpozium tugaganidan keyin elchilik rasmiy saytida Usmon Xo‘ja Po‘latxo‘jayevning tarixdagi rolini mamnuniyat bilan e’tirof qildi.
“Bir asr avval Turk dunyosining mumtoz shaxsiyati marhum Usmon Xo‘ja rahnamoligida tamaddunimiz mintaqasida kurtak otgan va Ozodlik kurashimizga yuborgan oltinlari bilan Onado‘lida ungan Turkiya Respublikasini xalos etgan Buxoro Xalq Jumhuriyatiga asos solinganining 100 yilligida bu da’vo kurashchilarini rahmat, minnatdorlik va ehtirom ila yod ayladik”.
(Usmon Xo‘ja tashabbusi bilan Buxoro respublikasining Turkiyaga moddiy yordam bergani nazarda tutilgan -tahr.)
Buxoro respublikasi prezidenti Usmon Xo‘janing Labi hovuz majmuasi yaqinidagi hovlisi shu kunda mehmonxona sifatida faoliyat yuritmoqda.
Ozodlik bilan suhbatda tarixchi olim Temir Xo‘ja ota hovlisi haqida “Buxorodagi uy” degan roman yozib tugatganini bildirdi.
- Romanda bosh qahramon uy. Uy gapiradi. Uy eslaydi. Buxorodagi so‘nggi 100 yillik tarixni shu uy tilidan eshitasiz ¸deydi Temir Xo‘ja.
San’atshunos olim Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸sovet O‘zbekistoni va unga meros bo‘lgan bugungi O‘zbekistonda Buxoro respublikasini tashkil qilganlarga nisbatan ikki xil qarash bor.
- 1937 yili Stalin repressiyasi qurboni bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev nomi sovet davrida abadiylashtirilgan. U yashagan uy muzey sifatida davlat muhofazasiga olingan. Xo‘jayevning amakivachchasi Usmon Xo‘jaga esa sovet tarixchilari “xoin” degan tamg‘a ilgani bois¸ u yashagan uy qarovsiz qolgan.
Uy haqiqatan ham Usmon Xo‘janikimi?
Usmon Xo‘jaga qarshi SSSR xavfsizlik idorasi tarafidan ochilgan jinoyat ishlarida bu uyning unga oidligi ta’kidlangan.
Simpozium ishtirokchisi Toshkent Kimyo texnologiya instituti o‘qituvchisi¸ doktor Feruza Amonova “Usmon va Fayzulla Xo‘jayevlarnig ajdodlari sarmoyasining Buxoro xonligi iqtisodidagi o‘rni” degan ma’ruzasida Buxorodagi uyning Usmon Xo‘jaga oidligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligini ta’kidladi.
Usmon Xo‘ja: Jadid. Prezident. Diplomat
Usmon Xo‘ja 1878 yili Buxorodagi millioner savdogar oilasida dunyoga keldi. U iqlimiy sabablar bois yoshligining bir qismini O‘sh shahridagi yozgi ko‘shkida o‘tkazdi.
1908 yildan 1912 yilgacha Usmonli imperiyasi poytaxti Istanbuldagi universitetda o‘qidi. Qrimga borib jadidchilik otasi Ismoil G‘aspirali bilan uchrashdi. Istanbulda u Buxoroda jadid maktablari ochish uchun fond tashkil qildi. Usmon Xo‘ja 1913 yilda Buxoroga qaytdi va “Yosh buxoroliklar” jadid tashkiloti asoschilaridan biri bo‘ldi.
1918 yilda Buxoro amirini ag‘darishga urinish muvaffaqiyatsiz bo‘lgani bois Usmon Xo‘ja Toshkentga qochib keldi. Toshkentda Usmon Xo‘ja so‘l eserlar (sotsialist revolyutsionerlar) bilan hamkorlik qildi. 1920 yilda amir ag‘darilib¸ Buxoroda respublika tuzilganida¸ Usmon Xo‘ja Moliya vaziri¸ ko‘p o‘tmay Davlat nazorati vaziri bo‘ldi. 1921 yil Buxoro respublikasining ikkinchi qurultoyida Usmon Xo‘ja prezident qilib saylandi.
Usmon Xo‘ja Buxoro respublikasi mustaqilligini ta’minlash uchun uning sovet Rossiyasidan masofada bo‘lishi zarurligini o‘z siyosatining o‘q ildizi o‘laroq tanladi.
Rossiya harbiy kuchlari bitimni buzib¸ Dushanbedagi harbiy garnizonda o‘rnashib oldi. 1922 yil fevralida Usmon Xo‘ja turk generali Anvar Poshsho bilan bilan birgalikda garnizonga qurolli hujum qildi. Ammo Anvar Poshshoning Ibrohimbek Laqay qo‘rboshi tarafidan asir olingani oqibatida hujum muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Usmon Xo‘ja mamlakatni tark etdi. U Afg‘oniston¸ Varshava¸ Tehron va Turkiyada diplomatiya va razvedka sohasi bo‘yicha turli lavozimlarda ishladi. Uning Britaniya hukumati bilan yaqin aloqada bo‘lgani aytiladi. Umrining so‘nggi yillarida Usmon Xo‘ja Turkiyaning Anqara shahrida o‘zi tashkil etgan “Turk madaniyatini tadqiq qilish instituti “ (Türk Kültürünü Araştırma Enstitüsü)ni boshqardi.
Usmon Xo‘ja 1968 yilning 28 iyulida 90 yoshida Istanbulda olamdan o‘tdi. Uning dafn marosimi harbiylarga xos hurmat -ehtirom bilan o‘tkazildi.
Usmon Xo‘janing mozori Istanbulning Uskudar mahallasidagi “O‘zbeklar takyasi”da joylashgan.