Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:25

Navalniy sog‘lig‘i qanday tiklanayotgani haqida yozdi


Aleksey Navalniy (Instagram)
Aleksey Navalniy (Instagram)

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy ijtimoiy tarmoqlarda «Novichok» bilan zaharlanganidan beri sog‘lig‘i qanday tiklanayotgani haqida yozdi.

Muxolifatchi 19 - sentabr kuni o‘z Instagram sahifasida «Bu yaqin bo‘lmasa-da, oydin yo‘l», deb post qoldirdi.

Navalniy o‘z postiga Berlin shifoxonasi zinasidan tushib borayotgani aks etgan suratini ilova qildi.

Muxolifatchi hanuz zinada yurishga qiynalayotgani haqida yozdi:

«Endi men zinapoyadan ko‘tarilayotganda oyoqlari qaltiraydigan yigitman, lekin “O, bu zinapoya-ku! Unda odamlar ko‘tariladi. Ehtimol, lift qidirishim kerak”, deb o‘ylashga qodirman».

Muxolifatchi yaqindagina zinapoyani ko‘rganida «ahmoqqa o‘xshab unga qarab turaverardim», deya qo‘shimcha qildi.

Navalniy, shuningdek, Berlindagi «Sharite» shifoxonasida sun’iy komadan keyin o‘ziga kelganida nimalarni his qilganini bayon qildi.

Muxolifatchi o‘ziga kelganidan keyin, avvaliga odamlarni tanimagani va qanday so‘zlashish kerakligini anglay olmaganini bildirdi:

«Har kuni ertalab shifokor oldimga kelib: “Aleksey, men yozish taxtachasini olib keldim. Keling, unga qanday so‘z yozish haqida o‘ylab ko‘ramiz”, derdi. Bu meni umidsizlikka tushirardi, chunki umuman olganda shifokor nimani xohlaganini tushungan bo‘lsam ham, so‘zlarni qayerdan olishni tushuna olmasdim. Ular boshning qayerida paydo bo‘ladi? So‘zni qayerdan topish mumkin va unga qanday qilib ma’no bag‘ishlash mumkin? Bularning barchasi umuman tushunarsiz edi. Kamiga, men ahvolimni qanday ifoda etishni bilmasdim va shuning uchun shunchaki sukut saqlardim».

44 yoshli Navalniy 20 - avgust kuni Rossiyaning Tomsk shahridan Moskvaga qaytayotganida komaga tushib qolgan va 22 avgustda ayoli qistovi bilan Berlindagi «Sharite» kasalxonasiga olib kelingan edi.

Berlindagi shifokorlar 7 sentabr kuni Navalniy ahvoli ancha yaxshilanganini aytib, uni sun’iy komadan chiqarishdi.

Ammo shifokorlarga ko‘ra, zahar uning sog‘lig‘iga qanday doimiy ta’sir ko‘rsatgani hozircha noma’lum.

Germaniya rasmiylari uch mamlakatda o‘tkazilgan sinovlar Navalniy sovet davrida ishlab chiqilgan «Novichok» moddasi bilan zaharlanganini bildirdilar.

Shu sababdan g‘arb davlatlari hukumatlari Rossiyani bu holatni izohlashga va zaharlash insidentini tezkorlik bilan tergov qilishga chorlamoqda.

19 - sentabr kuni Rossiya tergovchilari jinoyat ishini qo‘zg‘ash uchun asos bo‘la oladigan hech qanday dalil topilmaganini bildilar.

Ammo Navalniy jamoasi uning Tomsk shahridagi mehmonxona nomeridan olingan suv idishida ham zahar izlari topilganini ma’lum qildilar. Idish Navalniy bilan birga Germaniyaga olib ketilgan.

18 - sentabr kuni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu iddaoni «absurd» deb atadi.

XS
SM
MD
LG