Onlayn maktab tizimida bolasini o‘qitayotgan ota-onalardan bolalarini masofaviy ta’lim uchun zarur sharoit - Internet aloqasi, kompyuter yoki mobil telefon bilan ta’minlash talab qilinmoqda.
Ozodlikka kelgan hujjat - 8 ta davlat idorasi tomonidan qabul qilingan qaror va unga tirkalgan ilovada talabni bajarmagan ota-onalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi bilan (jarima) jazolanishi mumkinligidan ogohlantirilgan.
Rahbarlari hujjatga imzo chekkan vazirlik va idoralar bu borada biror rasmiy izoh bermadi, ayni paytda inkor ham qilganlari yo‘q.
Ozodlik ularga yo‘llagan savollariga javob kutmoqda.
Ammo ushbu idoralarning quyi bo‘g‘inlarida ishlaydigan xodimlarga ko‘ra, qo‘shma qaror jamoatchilikka ochiqlanmagan, balki viloyat, shahar va tuman hokimliklar hamda maktab direktorlariga tarqatilgan.
Bu hujjat haqida Ozodlikka o‘z munosabatini bildirgan ota-onalar va maktab o‘qituvchilari uni bajarish imkonsiz bo‘lgan mantiqsiz talab, deya baholashmoqda.
Qo‘shma qaror
8 ta davlat idorasi rahbarlari tomonidan qabul qilingani aks etgan hujjat nusxasini, Ozodlikning Xalq ta’limi vazirligi tizimida ishlaydigan manbasi 22 - sentabr kuni yo‘lladi.
Shu yilning 29 - avgustida imzolangan hujjat "COVID-19 pandemiyasi davrida 2020-2021 - o‘quv yilida umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish to‘g‘risida" deb nomlangan.
Hujjatda Xalq ta’limi vaziri, Maktabgacha ta’lim vaziri, Sog‘liqni saqlash vaziri, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri, Ichki ishlar vaziri, Favqulodda vaziyatlar vaziri, Milliy gvardiya va Yoshlar ishlari agentligi rahbarlarining ism-sharifi va imzolarini ko‘rish mumkin.
Qarorda 2020-2021- o‘quv yilida maktablarda o‘qish jarayonini, COVID-19 pandemiyasi davri talablariga mos shaklda, tashkil qilish tartib-qoidalari va bu tartibni saqlash choralari belgilangan.
Maktab va ota-onaga qo‘yilgan talab
Hujjatda maktablardagi o‘qish, ota-onalarning hohishiga ko‘ra ana’anaviy, onlayn yoki aralash shaklda olib borilishi aytilgan.
Hujjat mazmuniga ko‘ra, farzandini uyida - masofaviy ta’lim tizimida o‘qitadigan ota-onalar - buning uchun zarur sharoitni yaratib berishi lozim, aks holda ular jazolanishi mumkin.
Hujjatda qayd etilishicha, mahalla organlari uyma-uy yurib, o‘quvchilarning uyda qanday dars olayotganini o‘rganishi, nazorat qilishi, natijani maktab rahbariyatiga bildirishi lozim:
"fuqarolar yig‘ini raislari uy sharoitida masofaviy ta’lim olayotgan voyaga yetmaganlar ota-onalarga beriladigan tavsiyalar to‘grisidagi 2-ilovaga muvofiq eslatma varaqasini tarqatadi".
"Eslatma varaqasi"da masofaviy ta’lim uchun uyda zarur sharoit - YouTube, Telegram, Facebook ijtimoiy aloqa vositalari orqali onlayn dars olish va buning uchun Internet aloqasiga ulanish va bolaning mobil telefon orqali sinf rahbari bilan bog‘lanish imkoniyatini yaratib berish ota-onalar zimmasida ekani aytilgan.
Eslatmada yuqoridagi talablar bajarilmagani taqdirda, bolalar an’anaviy ta’limga jalb etilishi, majburiyatini bajarmagan ota-onalar esa Ma’muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasiga binoan (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik - tahr.) jazolanishidan ogohlantirilgan.
Ushbu moddada "bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima yoki takror sodir etilgani taqdirda, 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan.
Hujjat ochiq manbalarda e’lon qilinmadi
Ozodlik hozircha ushbu hujjatni biror ochiq manbada uchratmadi.
Navoiy, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi bir necha o‘qituvchi hamda maktab rahbarlarining aytishicha, hujjat maktab direktorlari, 8 ta davlat idorasi quyi bo‘g‘inlari, viloyat, shahar va tuman hokimliklariga tarqatilgan.
Jumladan, Navoiy viloyati Xalq ta’limi tizimida ishlaydigan xodimning Ozodlikka aytishicha, hujjat bu viloyatdagi maktab direktorlariga Telegram kanallarida tarqatilgan.
"Maktab direktorlari mahallalar bilan birga ish olib boryapti bu bo‘yicha. Masofaviy ta’limdagi bolalarning kunlik davomati, uyga vazifalarni bajarishi Kundalik.com sayti orqali to‘liq nazoratga olingan. Biz shahar joydamiz, Internet aloqa yaxshi, shuning uchun hozircha davomat yaxshi. Lekin, qishloqlardagi vaziyatni bilmadim to‘g‘risi", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz mulozima.
Toshkent shahridagi hukumat idoralaridan birida ishlaydigan mulozim ham bu qo‘shma qaror matni jamoatchilikka oshkor qilinmagani, quyi bo‘g‘inlarga ijro uchun berilganini aytdi. Bu mulozimga ko‘ra, ota-onalarga mo‘ljallangan "Eslatma varaqalari" ham ta’lim muassasalariga tarqatilgan.
Ozodlik bu hujjatni imzolagan 3 idora Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovga Telegram tarmog‘i orqali, Sog‘liqni saqlash vaziri matubot kotibi Furqat Sanayevga Telegram tarmog‘i orqali, Yoshlar agentligi rahbari Alisher Sa’dullayevga Feysbuk tarmog‘i orqali savollarni yo‘lladi, ammo hozircha javob olgani yo‘q.
O‘qituvchi va ota-onalar munosabati
Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi maktab o‘qituvchisiga ko‘ra, uning maktabidagi o‘qituvchilarning Telegram tarmog‘idagi kanaliga bu hujjat 8 -sentabr kuni tashlangan.
Ismi oshkor etilishini istamagan o‘qituvchi ushbu hujjat bilan hukumat masofaviy ta’lim uchun sharoit va buning uchun zarur sarf-harajatni, bu ta’lim turini, go‘yoki o‘z ixtiyori bilan tanlagan ota-onalarga yuklab qo‘ygan:
"Men masalan ham o‘qituvchiman, ham onaman. Bu hujjat bilan masofaviy ta’limga ketadigan xarajat o‘qituvchi va ota-onasining o‘ziga yuklab qo‘yilyapti. Men masalan, masofaviy dars o‘tish uchun Internetga o‘zim pul to‘layapman - qo‘l telefonimga 60 ming, uyimdagi telefonga 99 ming so‘m. Menga o‘xshab, ota-ona ham hamma harajatni o‘zi to‘layapti. To‘g‘ri, hozir butun dunyoda masofaviy ta’lim. Lekin sharoit, maoshlar darajasi buni ko‘tarmaydida. 6 oydan beri karantin bo‘lsa. Endi buning uchun Ma’muriy kodeks bilan jarima to‘laysiz, deb jazo belgilash - haqsizlik!"
Namangan viloyati Pop tumanidagi o‘qituvchi ham, shu kunda mamlakat bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan masofaviy ta’lim - chekka qishloqlar, tumanlardagi aholi punktlari uchun asosiy ta’lim usuli bo‘lib qolayotgani, aynan shu hududlarda bunday ta’lim turiga sharoit juda og‘irligini aytmoqda.
"Biz ishlab turgan maktabda 1-4 sinflar dars boshladi. Lekin, qolganlar masofaviy ta’lim olyapti. Bizdan ham ota-onalar bilan ishlash, ularni onlayn ta’limga ko‘proq jalb qilish so‘ralgan. Lekin, qanday qilib, ota-onadan bolaga Internet olib bering, kompyuter olib bering, deb talab qilasiz, bunga bizning haqqimiz yo‘q! Pandemiya sharoiti bo‘lsa, ahvol og‘irligini ko‘rib turib, sizga jazo bor, deb ota-onadan talab qilolmaysizda! Masalan, men o‘qituvchiman, menda bitta kompyuter bor - 2-sinf qizim, 5-sinf o‘g‘lim va men birga shuni ishlatamiz. Internetga 120 ming so‘m ketadi oyiga", dedi o‘qituvchi, ismini okshor etmaslik sharti bilan.
Samarqandlik yana bir o‘qituvchi ham masofaviy ta’lim bo‘yicha o‘qituvchilarga zimmasiga yuklangan majburiyatdan noroziligini aytdi.
Uning aytishicha, maktablar Internet aloqasi va Wi-fi qurilmasi bilan ta’minlanishi va’da qilingan, lekin u ishlab turgan maktab o‘qituvchilari shu yil bahorgi chorakda ham, yangi o‘quv yilida ham Internet aloqasi uchun o‘z hisobidan mablag‘ to‘lamoqda.
Ayni paytda u ham ota-onalar og‘ir tanlov qarshisida qolgani, aksar oilalar bu borada yuklanayotgan majburiyatni bajarishiga ko‘zi yetmasligini aytdi.
Unga ko‘ra, ota-onalar bu ta’lim turini ixtiyoriy-majburiy tarzda, ayrimlar boshqa tanlov imkoni bo‘lmagani, ayrimlari esa bolasiga COVID-19 kasalligi yuqishidan qo‘rqqani uchun tanlagan:
"Bir tarafdan, o‘zingiz tanlang, deb ota-onalarga so‘rov e’lon qilishdi. Ikkinchi tarafdan, mana o‘zingiz tanladingiz, endi Internet, mobil telefon, kompyuteriniyam olib bering, deyishyapti. Qishloq va chekka tumanlarda maktablarning ko‘pi ochilishga tayyormas, masofaviy ta’limga ham sharoit yo‘q - qishloqlarda Internet aloqasi qariyb yo‘q. Hali sovuq tushsa ko‘rasiz, svet uziladi, televizor ham o‘chadi", deydi ismini oshkor qilinishini istamagan samarqandlik o‘qituvchi.
3 ssenariy
Xalq ta’limi vazirligi bu yil COVID-19 pandemiyasi davrida boshlangan o‘quv yilida ota-onalarga 3 ssenariydan birini tanlash ixtiyori berilganini bildirgan edi: an’anaviy (maktabda), onlayn (uyda) va aralash (maktab va uyda) ta’lim usuli.
Vazirlik ayni maqsadda so‘rov e’lon qilgan va ota-onalardan o‘zlariga ma’qul ta’lim turini tanlashni so‘ragan edi.
Xalq ta’limi vaziri mamlakat bo‘ylab umumta’lim maktablari 14 - sentabr kuni ochilishi mumkinligi haqida 25 - avgust kuni ma’lum qilgan.
Bu o‘rinda maktablarda koronavirusga chalingan o‘quvchi va o‘qituvchilarni ostonadayoq aniqlab, tegishli choralarni ko‘ra oladigan maxsus guruh - "COVID-19 filtr" guruhi tayyor bo‘lishi shart.
Bu guruhlar har smena boshlanishi oldidan o‘quvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, binoga kiritadi. Guruhlarda 1 nafardan hamshira, sanitar, IIV, Milliy gvardiya xodimi bo‘lishi lozimligi aytilgan.
Maktab hududida har 30 o‘quvchiga kamida bitta qo‘lyuvgich bo‘lishi shart.
22 - sentabr holatiga mamlakat bo‘ylab 10 mingga yaqin maktabning 44 foizi ochilgan, qolganidagi o‘quvchilar masofaviy shaklda dars olmoqda.