Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:50

Abxaziyada qolib ketgan o‘zbeklar Rossiya orqali yo‘lak ochib berishni so‘rashmoqda (VIDEO)


Abxaziyadagi o‘zbekistonliklar koridor ochib berishni so‘ramoqda
Abxaziyadagi o‘zbekistonliklar koridor ochib berishni so‘ramoqda

Karantin cheklovlari tufayli Abxaziyada qolib ketgan o‘zbek muhojirlari O‘zbekistonga tranzit yo‘li ochib berishni so‘rashmoqda. Mingdan ziyod o‘zbekistonlik nomidan Ozodlikka murojaat qilgan migrantlar mintaqada sayyohlar yo‘qligi tufayli ish to‘xtagani va og‘ir ahvolda qolganliklarini aytishadi.

Ular O‘zbekiston hukumatidan Abxaziyadan chiqib ketish uchun yo‘l ochib berish hamda O‘zbekistonga kirishga ruxsat so‘rashmoqda.

Ozodlikka vaziyatni tasvirlab bergan Xayrulloning so‘zlariga ko‘ra, Tojikiston va Qirg‘iziston o‘z fuqarolarini olib chiqib ketgan va Abxaziyada, asosan, o‘zbek muhojirlari qolgan.

- Olti oydan beri yo‘llar yopiqligi evaziga o‘zbeklarni Rossiyaga kiritmayapti, biz ketolmayapmiz. Boshqa hech qanday muammo yo‘q, faqat Vatanga ketish! Bizni hech kim eshitmayapti: tojiklar va qirg‘izlar chiqib ketdi, armanlar ketdi, faqat o‘zbeklar qoldi, deydi Xayrullo.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirining aytishicha, Abxaziyada qolayotgan 1000 dan ziyod patent asosida ishlayotgan o‘zbeklardan 400ga yaqini ishsizlik tufayli olib ketishni so‘rab, ro‘yxat tuzgan.

U bugunda sayyohlar hisobiga kun kechiradigan Abxaziyada iqtisodiy ahvol og‘irligini aytadi:

- Jami fuqarolarimiz 1000ga yaqin deya olaman, mendagi ro‘yxatda “ketaman” deb 389 kishi imzolagan. Oramizda 1-2 yil oldin kelganlar bor. Bu yerda dam oluvchilar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha qurilish ko‘p, ish ko‘p bo‘ladi. Karantin tufayli sezon bo‘lmadi, 1 - avgustda ochgan bo‘lsa dam olish mavsumini - hech qancha odam kelmadi-da. Ishlari umuman to‘xtab qoldi. Pandemiya sabab chegaralar yopiq, biz O‘zbekistonga faqat Rossiya orqali keta olamiz. Abxazlar Rossiyaga kirib-chiqib yuribdi - biz kirolmayapmiz.

Abxaziyada qolayotgan mehnat migrantlari orasida hasharot chaqib, nogiron bo‘lib qolgan ayol ham O‘zbekistonga ketishga muhtoj ekani ma’lum bo‘ldi.

Abxaziyadagi o‘zbeklar, asosan, Sochi va Moskva orqali yurtga qaytadi, ammo Rossiya-Abxaziya chegarasi pandemiya karantini ortidan yopiqligicha qolmoqda.

Xayrullo nochor ahvolda qolgan o‘zbekistonliklar shaxsan O‘zbekiston prezidenti va bosh vaziriga murojaat qilganini aytdi.

U Abxaziyada O‘zbekistonga ketishga yo‘l ochib berishni so‘rab, xat imzolaganlarning 400dan 100tasi ayollar ekanini ham bildirdi.

Abxaziyadagi o‘zbeklarga ko‘ra, ular O‘zbekistonning Rossiyadagi konsulligiga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olishmagan.

Ozodlik bilan suhbatlashgan namanganlik Adhamjon Abxaziyaga kelganiga 2 yil bo‘lgan.

- Bu yerda kvartira remonti bilan shug‘ullanaman, 2 yil bo‘ldi kelganimga. Vaziyat yaxshimas -ish yo‘q. 1 - avgustda sezon ochildi-yu, abxazlar yiqqan puli faqat qishlashga yetadi, bizga usta-muhojirlarga to‘lashga yo‘q. Hamma joyga murojaat qilganmiz - javob kelmayapti. Boshqa odamlar orqali ham elchixonamizga vaziyatni bildirganmiz. Biz Samara va boshqa joydagi vokzallarda yotgan o‘zbeklarni ko‘rib, "biz bilan hech kimning ishi yo‘qmi", degan hayolga boryapmiz. Elchixonadagilar bizga “1 - oktabrni chegaralar ochilishini kuting”, deyishyapti. Kutyapmiz! - deydi muhojir yigit.

O‘zbekistonlik erkaklar , asosan, qurilishda, o‘zbek ayollari esa mehmonxonalarda farrosh va xizmatkor bo‘lib ishlashi aytiladi.

Abxaziya Davlat migratsiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda asosan, uch davlat - O‘zbekiston, Tojikiston va Armanistondan kelgan mehnat muhojiri ishlaydi. Ular eng og‘ir va kam haq to‘lanadigan qurilish, axlat yig‘ish va mavsumiy bo‘lgan mehmonxona biznesiga jalb qilinadi. Rasmiylar oxirgi paytlarda Abxaziyaga bo‘lginchi Donetsk va Luganskdan ham mehnat muhojirlari oqimi ko‘payganini aytishmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Kavkazning Qora dengiz sohilida joylashgan 250 minglik aholisi bor Abxaziyada mingdan ortiq o‘zbekistonlik qonuniy ishlaydi. Ammo ayrim raqamlarga ko‘ra, yana shuncha muhojir nolegal holda yurgani bo‘lishi mumkin.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti mehnat migrantlarini tezroq O‘zbekistonga qaytishlariga ko‘maklashishga chaqirgan.

Ozodlik oldinroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” maxsus poyezdi 27 sentabr kuni Rossiyaning Samara viloyati Kinel aholi punktida to‘planib qolgan o‘zbekistonliklarning oxirgi qismini vataniga olib kelganini xabar qilgandi.

May oyidan beri Samara viloyatidan O‘zbekistonga 10 mingga yaqin o‘zbekistonlik qaytarilgan.

XS
SM
MD
LG