Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:53

Sardoba toshqini: Shikoyatchilar Toshkentga olti marta borganidan so‘ng yordam puli oladigan bo‘ldi


Sardoba tumanining "Do‘stlik" mahallasida yashaydigan o‘n kishi Sardoba suv ombori toshqinida vayron bo‘lgan uylari uchun yordam puli olmaganidan shikoyat qilib kelgan.
Sardoba tumanining "Do‘stlik" mahallasida yashaydigan o‘n kishi Sardoba suv ombori toshqinida vayron bo‘lgan uylari uchun yordam puli olmaganidan shikoyat qilib kelgan.

28 - sentabr kuni Sirdaryo viloyat, Sardoba tumani, "Do‘stlik" mahallasida yashaydigan o‘nga yaqin odam O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov idorasiga oltinchi marta arz qilib bordi.

Ikki hafta avval IIB boshchiligida Toshkentdan haydalgan shikoyatchilar bilan bu safar Vazirlar Mahkamasi mulozimi uchrashib, ularning shikoyati ijobiy hal qilinishiga va’da bergan.

Sardoba toshqinida uylari vayron bo‘lgan arzchilar hukumat ajratgan 40 million so‘mlik yordam puli o‘zlariga berilmagani sabab 5 oydan beri shikoyat qilib kelayotgandi.

Arzchilarning Ozodlikka aytishicha, 29 - sentabr kuni ular “Xalq banki”ga borib ariza yozgan va bank xodimlari bir kundan so‘ng ularga pul berilishini aytgan.

Oltinchi urinishdagi natija

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bilan uchrashish istagida Toshkentga oltinchi marta borgan sardobalik shikoyatchilar nihoyat uylariga ijobiy natija bilan qaytganiga ishonmoqda.

29 - sentabr kuni Ozodlik gaplashgan sardobaliklarga ko‘ra, norozilar bilan dushanba kuni uchrashgan Vazirlar Mahkamasi mulozimi ular shikoyatining hal etilishini va’da qilgan.

“Kecha Vazirlar Mahkamasida biz bilan xorazmlik bir yigit uchrashdi, ismini unutdim. Biz bilan juda yaxshi gaplashdi. U shikoyatimizni eshitgach, mahallamiz raisi Alisher Chinboyevni Toshkentga chaqirtirdi. Keyin viloyat hokimi o‘rinbosari Anvar Karimovga bizning pulimizni zudlik bilan berish haqida buyurdi. Keyin biz Sardobaga qaytdik”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan sardobalik ayol.

29 - sentabr kuni Do‘stlik mahallasida yashovchi o‘n shikoyatchi “Xalq banki”ga borib ariza yozgan va ularga pul bir kundan keyin berilishi aytilgan.

“Bankka borib ariza yozdik. Arizani kompyuterda yozishgan ekan, nima yozilganini ochkisiz o‘qiy olmadim. Hammamiz qo‘l qo‘yib berdik. Ertaga har birimizga yangi plastik karta berishini va pul shu kartaga tushishini aytishdi. Hozir xursand bo‘lib uyga qaytyapmiz”, dedi sardobalik ayol 29 - sentabr kuni Toshkent vaqti bilan kechki soat 6 ga yaqin.

Ozodlik muxbiri shikoyatchilarga qancha pul berilishi rejalanganini bilish maqsadida “Xalq bank”iga telefon qildi¸ ammo qo‘ng‘iroqlarga javob bo‘lmadi.

Sardoba tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan xodimi sardobalik shikoyatchilar ishi bilan Sirdaryo viloyat hokimligi shug‘ullanayotganini bildirdi.

Sirdaryo viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shikoyatchi sardobaliklar ishi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimovga topshirilgan.

“Anvar aka Kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo‘yichi 1-zam bo‘lib ishlaydi. U bugun bu ish bilan shug‘ullandi. Hammasi hal bo‘lgan. Endi ishning davomini Murojaatlar bo‘limi nazorat qiladi”, dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan hokimlik xodimi.

Yordam pulini ololmagan arzchilar guruhi

Shikoyatchilardan biri - Do‘stlik mahallasida yashaydigan Umida Qarshiboyeva o‘g‘lining sel yuvib ketgan uyi uchun hech qanday yordam ololmaganidan keyin arzchilar safiga qo‘shilganini aytadi.

Uning mahalladoshi Oysara Isroilova ham o‘g‘lining toshqinda vayron bo‘lgan yangi uyi uchun yordam ololmagani sabab shikoyatchilar bilan Toshkentga 6 marta qatnagan.

Ikkala ayol ham prezident va’da qilgan 40 million so‘m yordam pulini olmaganini aytishdi.

Ushbu yordam pulini olmaganini aytgan arzchilar guruhining qolgan sakkiz a’zosi o‘z shaxsi sir qolishini istadi.

O‘n kishilik shikoyatchilar guruhi 17 - sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovga beshinchi marta arz qilib borgan payti ularni hech kim qabul qilmagan va organ xodimlari tazyig‘ida yana Sirdaryoga jo‘natib yuborilgandi.

Уйини сел ювган сардобаликлар Вазирлар Маҳкамасидан мажбуран Сирдарёга олиб кетилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:19 0:00

Sardoba tumanidagi "Do‘stlik" mahallasi 1 - may kuni Sardoba suv omborida yuzaga chiqqan texnogen falokat oqibatida eng katta talafot ko‘rgan hududlardan biridir.

"Do‘stlik" mahallasida yashovchi boshqa bir shikoyatchilar guruhi - 28 ta uy egasi ham Toshkentga bir necha bor qatnadi.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining buzilishi ortidan yashab bo‘lmas holga kelgan uylari o‘rnida uy qurib berishni talab qilayotgan bu guruh ham bir necha bor IIB tomonidan olib ketildi.

Ozodlikda hozircha bu guruh shikoyatlarining natijasi qanday bo‘lgani haqida yangi ma’lumot yo‘q.

1 - may kuni Sardoba suv ombori to‘g‘oning buzilishi oqibatida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida¸ rasmiy hisob-kitobga ko‘ra¸ 2 570 ta uy-hovli, 76 ta ko‘p qavatli uy yaroqsiz holga kelgan¸ 1781 hovli, 52 ta ko‘p qavatli turar joy qisman zararlangan.

XS
SM
MD
LG