Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:51

"Remdesivir"ning "qora bozori" hokimiyatga yaqin pandemiya biznesi haqidagi iddaolarni kuchaytirmoqda


Telegram guruhlarida sotuvga qo‘yilgan “Remdesivir” preparati, 2 - oktabr, 2020
Telegram guruhlarida sotuvga qo‘yilgan “Remdesivir” preparati, 2 - oktabr, 2020

O‘zbekistonda kasallik o‘rta va og‘ir kechayotgan koronavirus bemorlari uchun qo‘llanilayotgan "Remdesivir" preparati "qo‘lda" ikki barobarga qimmatladi.

Ma’lum bo‘lishicha, preparat dorixonalarda qariyb yo‘q, ammo yashirincha 1 mln. 700 ming so‘mgacha (165 AQSh dollari) sotilmoqda.

Dorixonalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, preparat Hindistondan keltirilmoqda. Hindistonda preparatning 100 milligramlik dozasi narxi o‘rtacha 70 AQSh dollarini (720 ming o‘zbek so‘mi) tashkil etadi.

O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi “Remdesivir” preparatining mamlakatga olib kelinishi va qimmat narxda “qora bozor”ga chiqib ketishiga oid savollarni ochiq qoldirdi.

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tizimida ishlaydigan mulozimning aytishicha, preparat juda oz sonda keltirilmoqda va o‘ta og‘ir ahvoldagi koronavirus bemorlariga alohida retsept bilan sotilmoqda.

"Dorini "qo‘l"dan 1 million 700 ming so‘mga oldik"

Shu kunlarda Ozodlikka bog‘langan toshkentlik ayol, poytaxtdagi Tibbiyot sanitariya birlashmasiga qarashli 1-sonli klinik (hukumat) shifoxonasida davolanayotgan yaqini uchun “Remdesivir” preparatining 100 milligramini 1 million 700 ming so‘mga sotib olganini aytdi.

“Biz birorta aptekadan topolmadik. Oxiri tanish-bilish qilib, "qo‘ldan" 1 million 700 ming so‘mga sotib oldik. Ba’zi aptekalarda 1 million 200 ming so‘mdan bor ekan", - deydi ismi oshkor etilishini istamagan toshkentlik ayol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga "700 ming so‘mga kirib kelayotgan dorini aptekalar qo‘lga chiqarvorgan".

"Dorini chetdan keltirganlardan birining yaqini aytdi menga", - deydi suhbatdosh.

O‘zbekistondagi tibbiyot mutasaddilariga ko‘ra, "Remdesivir" COVID-19 kasalligining o‘rta og‘ir va og‘ir formasidagi bemorlarni davolashda qo‘llanilmoqda va shifokorlarning retsepti asosida sotilmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, bu dori qo‘llanganida, COVID-19ga chalingan bemorlarning sog‘ayish muddatini 4 kungacha qisqartirish mumkin. Ushbu muddat o‘pkaning yallig‘lanish jarayoni tezlashgan og‘ir ahvoldagi bemor hayotini saqlab qolishda muhim ekani ta’kidlanadi.

"Remdesivir" aksar dorixonalarda yo‘q, borida ham 1 tadan sotilmoqda

Ozodlik muxbiri 5 - oktabr kuni poytaxtdagi 10 ga yaqin dorixona bilan mijoz tariqasida bog‘landi.

Va bir xil - “Remdesivir” preparati umuman yo‘q, qachon kelishi ham noma’lum, degan javobni olldi.

Pharmaclick.uz onlayn dorixonasi xodimining so‘zlariga ko‘ra, ushbu dori vositasining oxirgi flakoni 5 - oktabr kuni, 1 million 175 ming so‘mdan sotilgan.

“Bizniki Hindistondan keltirilyapti. Qachon kelishini biz bilmaymiz. Keyingi hafta bog‘lanib ko‘ring. Nechta kelgan taqdirda ham, 1 ta retseptga 1 ta flakon sotamiz",- dedi dorixonaning “Remdesivir” preparati savdosi uchun maxsus ajratilgan telefoniga javob bergan xodim.

U preparat "qora bozor"da qimmat narxlarda sotilayotganidan bexabarligi va shifokorning qat’iy retsepti asosida, o‘ta cheklangan miqdorda sotilayotganini aytdi.

Onlayn dorixonadan olingan ma’lumotga ko‘ra, dori vositasi Hindistondagi BDR Pharmaceuticals Int. shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu davlatdagi dorixonalarda ayni preparatning narxi 70 dollar atrofida.

Telegram tarmog‘idagi taklif

5 - oktabr kuni Ozodlik Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi bir necha guruhda ayni dori sotilayotgani haqidagi e’lonlarni uchratdi.

Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon, 2 - oktabr, 2020
Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon, 2 - oktabr, 2020

Ozodlik ushbu tarmoqda ayni surat bilan turli muddatlarda e’lon bergan ikki akkaunt egasiga mijoz tariqasida onlayn buyurtma berdi, ammo javob ololmadi.

Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon, 27 - sentabr, 2020
Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon, 27 - sentabr, 2020
Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon.
Telegram tarmog‘ida berilgan e’lon.

Farmatsevtika agentligi izoh bermadi

Ozodlik koronavirus bemorlari uchun hayot-mamot masalasiga aylangan ushbu dorining dorixonalardan yo‘qolib, "qora bozor"da qimmat narxda sotilayotganiga oid savollar bilan O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga bog‘landi.

Agentlikning xorijdan dori vositalarini keltirishga mas’ul, deb taqdim qilingan boshqarmasi - Ishlab chiqarish masalalari boshqarmasi mulozimi, muxbir savollarini eshitdi. Ammo Ozodlik radiosidan bog‘langanini bilishi bilanoq, telefon go‘shagini qo‘ydi. Mulozimga qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Agentlikning boshqa bo‘limdagi mas’ullari esa, "faqat shu boshqarmadan javob olish mumkin", degan vaj bilan savollarni ochiq qoldirdi.

SES: Preparat "alohida retsept" asosida sotilmoqda

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tizimida ishlaydigan mas’ulning aytishicha, preparat mamlakatga juda oz dozada keltirilmoqda.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mas’ulga ko‘ra, bu dori Toshkentda og‘ir ahvoldagi koronavirus bemorlari davolanayotgan sanoqli shifoxonaning bosh shifokorlari bergan "maxsus retsept" asosida sotilmoqda.

"ToshMI, Zangiota, Virusologiya instituti klinikasida yotibdi og‘ir bemorlar. O‘sha bemorlarga qarayotgan bosh shifokorlar alohida retsept beryapti. Ularning o‘zi aytadi, qaysi dorixonada borligini. Faqat shu yo‘l bilan sotilyapti hozir bu dori. Chunki, ahvolni ko‘rib turibsiz, Amerikaning o‘zida yetmayapti bu dori, ajiotajning oldi olinyapti", - dedi agentlik mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Uning aytishicha, "Remdesivir" preparatining ilk partiyasi iyun oyida Yevropadan keltirilgan. Hozirda Hindiston va Pokistondan import qilinmoqda.

"Esingizda bo‘lsa, hokimlar kasal bo‘la boshladi. O‘shanda Yevropadan juda oz partiya, qimmat narxda olib kelindi, shifokorlar qo‘llab ko‘rishdi, qarashsa, natija yaxshi. Keyin 500 - 1000 dozadan olib kelina boshlandi. Hozir shu kunlarda qancha kelyapti, bilmayman to‘g‘risi",- dedi agentlik mulozimi.

Preparatni "prezident oilasiga yaqin guruh keltirmoqda"

Ozodlik manbalarining iddao qilishicha, O‘zbekistonga xorijdan keltirilayotgan koronavirus dorilari, shu jumladan, "Remdesivir" preparati importi bilan ham prezident oilasiga yaqin bo‘lgan guruh shug‘ullanmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tizimida ishlaydigan mas’ulning iddaosicha, ayni guruh shu yilning iyulida Xitoydan “Lianhua Qingwen Jiaonang” dorisini keltirgan:

"Esingizda bo‘lsa, Xitoydan keltirilgan dorini Zangiotadagi shifoxonaga topshirgan sportchi yigitning rasmlari Internetga chiqib ketgan edi. Xuddi o‘sha bitta gruppa chetdan koronavirus dorilarini "spetsdostavka" bilan olib kiryapti. Boshqa hech kimga ruxsat yo‘q".

Shu yilning 26 - iyulida mahalliy nashrlar O‘zbekistonga Xitoydan koronavirusga qarshi “Lianhua Qingwen Jiaonang” deb nomlangan "samarali" dori olib kelingani haqida yozgan edi.

Xabarlarda dorining katta partiyasi prezidentning kenja kuyovi Otabek Umarov nomidan Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxonaga topshirilgani aytilgan.

26 - iyul kuni MMA bo‘yicha jahon chempioni M. Xonto‘rayev “Lianhua” dorilarini o‘sha kezda O‘zbekiston MMA assosiatsiyasi prezidenti bo‘lgan Otabek Umarov nomidan Zangiotadagi maxsus shifoxonaga topshirgani haqda Effect.uz xabar bergan.
26 - iyul kuni MMA bo‘yicha jahon chempioni M. Xonto‘rayev “Lianhua” dorilarini o‘sha kezda O‘zbekiston MMA assosiatsiyasi prezidenti bo‘lgan Otabek Umarov nomidan Zangiotadagi maxsus shifoxonaga topshirgani haqda Effect.uz xabar bergan.

Xitoydan keltirilgan preparatlarni sotuvga qo‘ygan shaxslardan biri Ozodlik muxbiriga “Lianhua” preparatlari Xitoydan O‘zbekistonga "orqasi baquvvat kattakon”lar yordamida olib kelinganini aytgan.

Dorilar "qora bozor"ini Bosh prokuratura ham aytgan

O‘z vaqtida Ozodlik bu dori vositalarining asosiy qismi dorixonalarda tanqisligi, "qora bozor"ga qimmat narxlarda chiqib ketgani haqida yozgan edi.

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qo‘llanilayotgan va ehtiyoj katta bo‘lgan dorilarning “qora bozor”da bir necha barobar qimmat narxlarda sotilayotganini O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ham tasdiqlagan.

17 - avgust kuni Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ham, “Arbidol”, “Plakvenil” va “Kleksan” nomli dorilarga aholi talabi oshgani, so‘nggi oylarda bu dorilar tanqisligi yuzaga kelganini bildirgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 - iyul kungi videoselektor yig‘ilishida dori taqchilligi masalasiga to‘xtalib, hukumatga dori vositalarining 3 oylik zahirasini yaratishga topshiriq bergandi.

5 - oktabr kungi surishtiruvlar davomida Ozodlik dorixonalarda koronavirusning yengil turi bilan og‘riyotgan bemorlarga beriladigan tabletkalar qisman paydo bo‘lganini aniqladi.

Biroq og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun o‘ta zarur bo‘lgan dorilar hanuz taqchil va "qora bozor"da qimmat narxlarda sotilmoqda.

"SSV o‘zi qurgan qopqonga tushib qoldi"

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) shu yilning 4 - avgustida COVID-19 kasalligini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalarining yangilangan ro‘yxatini e’lon qilgan.

Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, "Remdesivir" koronavirusga chalingan o‘rta og‘ir va o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, SSV vaziri COVID-19 bemorlari davlat hisobidan davolanayotgani, o‘rta ahvoldagi bemorga 32 million so‘m, jonlantirish bo‘limidagi og‘ir bemorga o‘rtacha 64 million so‘mdan sarflanayotganini ma’lum qilgandi.

SSV tizimidagi manbaga ko‘ra, poytaxtdagi yirik shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarga ketadigan dorilarning aksar qismi hanuz davlat hisobidan qoplanmoqda.

Uning aytishicha, hozirda bemorlarga ularning ahvoliga ko‘ra, 32 million so‘mdan 82 million so‘mgacha mablag‘ ajratilmoqda:

"Remdesivir" ham ro‘yxatda bor. Lekin, bemorlarning real soni rasmiy raqamdan keskin farq qiladi. Shu sababli, rasmiy ro‘yxatga kirmagan bemorlar 200$ bo‘lsa ham olaman, deb izlab yurishibdi. SSVning rahbariyati o‘z qurgan qopqonga tushib qoldi. Birinchidan, real kasallanishni yashirib, rahbariyatga yaxshi ko‘rinmoqchi bo‘lyapti. Ikkinchi tomondan esa, bemorlar rasmiy soni kam bo‘lgani uchun yetarli mablag‘ ajratilmayapti. Oqibatda, jabrini oddiy insonlar tortyapti".

"Remdesivir" dunyoda ham tanqis

"Remdesivir" COVID-19 muolajasida qo‘llanilayotgan eng samarali vosita bo‘lib qolayotgani bois, nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoda tanqis.

Bu dori 2015 - yilda, AQShdagi Gilead Sciences kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.

Avvaliga bu preparat "Gepatit C" va , "Ebola bezgagi"ga qarshi antivirus sifatida qo‘llanilgan.

2020 -yilning apreliga kelib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu preparatni koronavirus bemorlariga qo‘llash mumkin, degan xulosa berdi, may oyidan AQShda qo‘llana boshladi.

Preparatni tayyorlagan Gilead Sciences shirkati esa, dunyoda ehtiyoj ortib borayotganidan, may oyida ayni tarkibdagi preparatni ishlab chiqarish huquqini Hindiston va Pokistondagi 5 ta shirkatga berdi.

Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, bu shirkatlar "Remdesivir"ni dunyoning 127 davlatiga sotishi mumkin.

Gilead Sciences shirkati ishlab chiqarayotgan preparatning 100 milligrami narxi 390 AQSh dollari, Hindistondagi shirkatlar ishlab chiqarayotgan ayni preparat narxi esa, 70 AQSh dollari atrofida.

COVID-19 terapiyasi uchun bu doridan, odatda, 6 marta - jami 600 milligram miqdorida vena orqali bemor tanasiga yuboriladi. Preparat bemor tanasidagi viruslarni bloklab, ularning ko‘payishini keskin qisqartiradi.

Ammo bu preparat bemorda o‘lim xavfini kamaytiradimi, yo‘qmi, hanuz noaniq.

Bundan tashqari, uning bemor jigari va boshqa ichki a’zolariga salbiy yon ta’siri borligi haqida ham xavotirlar mavjud.

XS
SM
MD
LG