Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:42

"Ipoteka-bank"ning yuzlab mijozi plastik kartalari bloklanganidan norozilik bildirdi (VIDEO)


Shu kunlarda O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi tijoriy banklar oldida ham urush-janjalli manzarani kuzatish mumkin.
Shu kunlarda O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi tijoriy banklar oldida ham urush-janjalli manzarani kuzatish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda kredit bo‘yicha qarzdorlarning plastik kartalari bloklanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Tarmoqda ulashilgan videolardan birida plastik kartalari bloklanganidan norozi mijozlar "Ipoteka-bank"ning Toshkent viloyati Olmaliq shahar filiali oldida to‘planganini ko‘rish mumkin.

Bankning Olmaliq shahar filiali xodimi ayrim mijozlarning plastik kartochkalari kredit qarzdorligi bois vaqtincha blok qilib qo‘yilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

So‘nggi holat O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi bois karantin cheklovlari davrida olti oylik kredit ta’tili tugashi ortidan ro‘y bermoqda.

8 - oktabr kuni olingan videoda "Milliy gvardiya" kuchlari Olmaliqdagi "Ipoteka-bank" oldida turgan g‘azabnoq olomonni tinchlantirishga va masofa saqlashga ko‘ndirishga urinadi.

"Alam qiladi-da, aka 7 yarimda kelganmiz", - deydi norozilardan biri.

Олмалиқдаги "Ипотека-банк" бўлими олдида норозилик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:26 0:00

"Ipoteka-bank"ning Olmaliq filiali oldida to‘planganlar Ozodlik bilan suhbatda plastik kartochkalari ogohlantirishsiz bloklab qo‘yilgani sababli koronavirus profilaktikasi qoidalariga zid bo‘lsa ham, bankka borishga majbur bo‘layotganliklarini aytishadi.

Bank mijozlaridan biriga ko‘ra, 8 - oktabr kuni bank oldida yuzaga kelgan janjalni Milliy gvardiya kuchlari ham to‘xtata olmagan.

- Kamida to‘rt yuzta odam, koronavirus profilaktikasi qoidalariga bo‘ysunmay, bank oldida turibdi. Milliy gvardiya ham hech narsa qilolmayapti. Sababi karta bloklanganiga odamlar g‘azabga mingan. Kartasi bloklangani sababli turibdi. Shuncha odamning yig‘ilishiga, aslida bank xodimlari sababchi, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan bank mijozi.

Kredit to‘lovini vaqtida to‘lagan ayrim mijozlar ham bank kartalari bloklanganini aytishadi.

- Mening plastik kartamni bloklab qo‘yishdi. Qarzim yo‘q, lekin faqatgina svetdan qarzim bor edi, aslida u ham kech bo‘lsa ham to‘langan edi. MIBga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmayapman. Nima qilishni ham bilmayapman", - deydi "Ipoteka-banki" mijozlaridan biri.

Boshqa mijozlar ham ushbu fikrni tasdiqlashadi.

"Ipoteka-bank"ning Olmaliq filiali xodimi ayrim mijozlarning plastik kartochkalari kredit qarzdorligi mavjudligi uchun vaqtincha qulflab qo‘yilayotgani ma’lum qildi.

Ismi ochiqlanmasligini istagan bank xodimiga ko‘ra, mijozlar qarzdorlik yuzaga kelsa plastik karatalari bloklab qo‘yilishi haqida ogohlantirilgan.

- Tijoriy banklarga jismoniy shaxslarning plastik kartalarini qarzdorlik uchun vaqtincha to‘xtatib turish huquqi berilgan. Bu haqda fuqarolar bir necha marta ogohlantirilgan. Qarzdorlik to‘langandan so‘ng bank plastik kartochkalari yana ochib beriladi. Bu haqda kecha ularga tushuntirildi, - dedi "Ipoteka-bank"ning Olmaliq bo‘limi xodimi.

Shu kunlarda O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi tijoriy banklar oldida ham urush-janjalli manzarani kuzatish mumkin.

Bu xolat O‘zbekistonda koronavirus karantini davrida bankdan olgan krediti to‘lovlarini to‘lashda berilgan olti oylik ta’til tugashi ortidan ro‘y bermoqda.

Kredit ta’tili tugadi, odamlarda pul yo‘q

Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi "Agrobank" bo‘limi oldida to‘plangan olomon yig‘ilib qolgan kredit qarzlarini to‘lashga imtiyoz talab qilib kelishganini aytishadi.

- Kredit to‘lovlari bir milliondan ko‘proq. Hozir hamma yo‘q to‘xtab yotibdi qayerdan olamiz pulni. 1 - oktabrdan yana penya minishni boshlaydi, shunga to‘lovni yana bir muddat kechiktirib turishni so‘rayapmiz, - deydi bank mijozi.

Ayrim banklar o‘z mijozlari vaziyatini tushungan holda kredit ta’tili muddatini uzaytirish va qo‘shimcha imtiyozlar berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganliklarini Ozodlikka aytishgandi.

Toshkentdagi "Asaka bank" xodimi 2 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda qiyin ahvolda qolgan mijozlariga qarz to‘lovlari bo‘yicha har xil takliflar qo‘yilayotganini ma’lum qilgan.

Bank xodimi kredit ta’tili davrida kechiktirilgan muddat uchun jarima qo‘llanilmasligi, 1 - oktabrdan keyin kechikish bo‘lsa, jarima bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.

"Chunki 1 - oktabrdan imtiyozlar bekor bo‘ldi", - degan edi "Asaka banki" xodimi.

Banklar taqiq qo‘yishi mumkinmi?

Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolar bank plastik kartalari bloklanishi bilan bog‘liq muammoga bundan oldin ham duch kelishgan.

Ba’zi banklar gaz, svetdan qarzi borlar, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaganlarning ham plastik kartalarini bloklab qo‘ygan holatlar bo‘lgan.

Toshkentdagi "U Credit" konsalting guruhi mutaxassisi Tohir Sobirovning Ozodlikka aytishicha, Majburiy ijro byurosiga qarzdorning plastik kartochkasini bloklash va undan pul yechib olish vakolati berilgan.

- Hamma mamlakatda bo‘lgani kabi bizda ham agar kimdir svetdanmi, gazdankmi yoki kredit qarzinimi to‘lamasa plastik kartasi bloklanib, shu pul undiriladi. Majburiy ijro bu bo‘yicha keng vakolatlarga ega. Agar ish MIBga yetib borgan bo‘lsa ogohlantirib o‘tirmasdan yechib olishi mumkin. Lekin, karantin davrida bu amaliyot vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgandi. MIB odamlarga qiyin bo‘lmasligi uchun buni to‘xtatib turgandi, - deydi mutaxassis.

Ammo ba’zi hollarda qarzi yo‘q mijozlarning ham plastik kartalari bloklangani haqida Ozodlik avval xabar bergan.

O‘tgan oy boshida Toshkent viloyatining Zangiota tumanida shifokorlar plastik kartalaridan pullar ularning roziligisiz yechib olinishiga norozilik bildirib, "Savdogarbank" bo‘limi oldida to‘planishgandi.

Zangiota tumani Sog‘liqni saqlash bo‘limi rasmiylari shifokorlarga xayriya pullarini tarqatishda xatolik bo‘lgani, shu tufayli ayrim xodimlarga yordam puli ko‘proq berib yuborilgani uchun ularning plastik kartalari bloklanib, shu pul yechib olinganini aytishgan.

XS
SM
MD
LG