Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:38

Guliston: COVID-19 markazidagi portlashda 1 kishi halok bo‘lgan


Gulistondagi portlash ro‘y bergan Covid markaz.
Gulistondagi portlash ro‘y bergan Covid markaz.

7 - oktabr kuni Guliston shahridagi koronavirus markazida kislorod sisternasi portlashi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Ozodlikka Guliston shahridagi Alpomish sport majmuasidagi hodisada bir kishining halok bo‘lganini tasdiqladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda portlashda "o‘nlab odam halok bo‘lgani" haqida xabarlar tarqalmoqda.

Qurbonlar orasida sun’iy nafas berish apparatidan uzilib qolganlar ham borligi aytiladi.

Ammo bu xabarlar hozircha rasman tasdiqlangani yo‘q.

Ozodlik surishtiruvi davomida, shuningdek, portlash yuz bergan kuni koronavirus markazida bo‘lgan yana ikki kishining jasadi yaqinlariga topshirilganini aniqladi.

Ulardan biri, Xovos tumanining Tinchlik mahallasida yashagan 43 yashar G.B.ning yaqinlaridan birining aytishicha, portlash sodir bo‘lgan vaqtdan 3 soat o‘tib, unga xabar berishgan:

“7 - okyabr kuni soat kunduzi 12larga yaqin uyimizga hamshira kelib, meni bosh vrach chaqirayotganini aytdi. Chiqsam, u ko‘chada, mashinasi oldida turibdi. Bosh vrach menga G.ni o‘lganini aytdi. Men ajablanib, kecha gaplashgandik, yaxshi edi-ku, desam, shunday fojia bo‘lib qoldi, o‘likni borib, olib kelinglar, dedi. Borsak, tanib olish uchun morgga olib kirdi. Hech qayeri jarohat olmagan, labi bir oz ko‘kargan edi. Menimcha, apparat o‘chib qolgani uning o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak".

Suhbatdosh o‘likxonada "yerga yotqizib qo‘yilgan o‘nga yaqin jasadni ko‘rgani"ni aytadi:

“Morgga kirganimda dahshatli manzarani ko‘rdim. O‘nga yaqin o‘lik yerga qator qilib yotqizib qo‘yilgan edi. Ikkita ayolning orasidan G.ni tanib oldim. Odamlar ketma-ket kelib, yaqinlarini tanib , jasadlarini olib ketishardi”.

Sayxunobod tumanining xalq tilida “Eski Kirov” deb aytiladigan mahallasida yashagan 28 yashar M.N. ham o‘sha kuni Gulistondagi Kovid markazida vafot etganini uning qo‘shnilaridan biri Ozodlikka tasdiqladi:

“Qo‘shnimiz M. ham Gulistondagi Kovid markazida davolanayotgan edi. O‘sha kungi portlashdan keyin selofan paketga o‘rab tashlangan jasadini olib kelishdi, ochtirgani qo‘yishmadi, shunday olib borib, ko‘mib keldik. Qanday o‘lgani haqida aytishmagan. Koviddan o‘lgan, deb spravka berishibdi”.

Guliston shahridagi Alpomish sport majmuasida tashkil etilgan koronavirus markazida ishlayotgan vrachlardan biri xavfsizlik nuqtai nazaridan ismi ochiqlanmasligini so‘radi.

Vrachning aytishicha, portlash sodir bo‘lgan kuni markazda ikki kishi o‘lgan:

“O‘lganlardan biri o‘sha kislorod uzatish sexida ishlayotgan Valeriy degan odam. Uning jasadi parcha-parcha bo‘lib ketgan. Portlash to‘lqini shu darajada kuchli bo‘ldiki, derazalar chil-chil sinib bemorlar va hamshiralarni ham jarohatladi. Kasallarga shisha siniqlari sanchilib qoldi. Bir nafar bemorimiz o‘sha paytda o‘ldi. Kislorod uzilgani uchun qolganlarini boshqa uchta kasalxonaga jo‘natish boshlandi. Ulardan qanchasi o‘lganidan xabarim yo‘q, lekin eshitishimcha, ko‘plari yetib borguncha havo yetishmasligidan o‘lib qolgan. Lekin vrach va hamshiralardan hech kim o‘lmadi”.

Ozodlik, shuningdek, Guliston shahrining ikkinchi mikrorayonida yashagan 50 yoshli S. ismli ayolning ham 7 - oktabr kungi portlash oqibatida vafot etgani haqidagi xabarni oldi.

Lekin bu xabarni hozircha rasman tasdiqlashning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik suhbatdoshlarining aytishlaricha, sun’iy nafas berish apparatiga ulangan bemorlardan ba’zilari portlashdan so‘ng boshqa kasalxonaga olib borilguncha yo‘lda, havo yetishmasligidan vafot etgan.

Ammo bu iddaoni tasdiqlovchi hujjat Ozodlikda yo‘q.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Rustam Yuldashev Ozodlik bilan suhbatda fojia oqibatida faqat bir kishining halok bo‘lganini aytdi:

“Bitta o‘sha kislorodchi bola o‘ldi, xolos. Xudoga shukr, hammasi zakonniy bo‘ldi, kasalxonalarga bemorlarni vaqtida tashib oldik, boshqa hech kim o‘lgani yo‘q. Men o‘zim boshida turdim”.

O‘zbekiston FVV 7 - oktabr bu fojiada faqat bir kishi yaralangani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG