Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:16

Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi


Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Rossiya vositachiligida Moskvada bir oraga kelgan.
Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Rossiya vositachiligida Moskvada bir oraga kelgan.
10 - oktabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Armaniston va Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatishga hamda Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarni tugatish uchun tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga rozi bo‘lganini bildirdi.

Lavrov bildiruvidan oldin Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari Moskvada 12 soat muzokara o‘tkazgan.

Rossiya tashqi ishlar vaziri taraflar 10 - oktabr kuni soat 12:00 da o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganini, yaqin orada asirlar va halok bo‘lgan harbiylar mayitlarini almashish jarayonini boshlashini ma’lum qildi.

Tog‘li Qorabog‘da so‘nggi ikki hafta davomida sodir bo‘lgan shiddatli janglarda yuzlab askar va ko‘plab oddiy fuqaro nobud bo‘ldi.

Lavrov tinchlik muzokaralariga Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi vositachilik qilishini aytdi.

Rossiya bildiruvini hali Armaniston yoki Ozarbayjon tasdiqlagani yo‘q.

Shunday bo‘lsa-da, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi o‘t ochishni to‘xtatish shartlari belgilangan bayonnomani e’lon qildi, lekin uni sharhlamadi.

O‘t ochishni to‘xtatish kuchga kirishidan bir necha soat oldin har ikki tomon bir-birini yangi hujumlarni amalga oshirganlikda aybladi.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi rasmiylari etnik arman harbiylari aholi punktlarini o‘qqa tutganini iddao qildi.

Armaniston Mudofaa vazirligi esa Ozarbayjonni dronlar yordamida arman pozitsiyalarini o‘qqa tutishda aybladi.

Moskvada tinchlik muzokaralari boshlanishidan oldin Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Armanistonga mojaroni tinch yo‘l bilan yechish uchun «so‘nggi imkoniyat» berayotganini ta’kidlagan edi.

Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi. Shu sababdan yuz minglab etnik ozarbayjon urush qochqinlari bo‘lib qolmoqda.

"Xalqaro inqiroz guruhi"ning Janubiy Kavkaz bo‘yicha tadqiqotchisi Zaur Shiriyev Ozarbayjon xalqi Aliyevni «behuda» tinchlik muzokaralarini qayta boshlamaslikka, uning o‘rniga urushni davom ettirishga chorlayotganini aytdi.

«Shunday ekan, Ozarbayjon xalqi xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni to‘xtashga qaratilgan chaqiriqlarini Boku muvaffaqiyatlariga to‘sqinlik qilish urinishi o‘laroq ko‘rmoqda», - dedi Shiriyev.

Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlarga Turkiya va Rossiya aralashishi xavotirga sabab bo‘lmoqda. Moskva ham Ozarbayjonni, ham Armanistonni qurol-aslaha bilan ta’minlab keladi. Armanistonda Rossiya harbiy bazasi bo‘lib, Moskva Yerevanni strategik hamkor o‘laroq ko‘radi. Turkiya esa Ozarbayjonning yaqin hamkoridir.

9 - oktabr kuni Tog‘li Qorabog‘ning de fakto hukumati qo‘shinlari hududdagi eng yirik shahar Stepanakertda shiddatli to‘qnashuvlar sodir bo‘layotganini bildirdi.

Undan bir kun oldin Armaniston Ozarbayjonni Shushadagi (armancha Shushi) tarixiy soborni bombardimon qilishda aybladi.

Mahalliy aholi hujumlar tufayli XIX asrda qo‘rilgan sobor ichi va tashi zarar ko‘rganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG