Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:27

“Paxta solig‘i”: Tadbirkorlardan 6 million so‘mgacha pul yig‘ilmoqda


Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi idoralar xodimlari paxta dalasida.
Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi idoralar xodimlari paxta dalasida.

Namanganlik tadbirkorlar paxta terimi uchun 5-6 million so‘mdan pul yig‘ilayotganidan shikoyat qilishdi.

Ayni paytda butun mamlakat bo‘ylab byudjet tashkilotlari xodimlarini paxta terimiga majburan jalb qilish holatlari davom etayotgani kuzatiladi.

Davlat mehnat inspeksiyasi paxta mavsumida majburiy mehnat davom etayotganini tasdiqladi.

Tadbirkorlar: Paxta uchun 5-6 million so‘mdan talab qilishmoqda

Namangan shahridan Ozodlikka bog‘langan tadbirkorlar paxta uchun pul yig‘ilayotgani va o‘zlariga bosim o‘tkazilayotganidan shikoyat qilishdi.

“Ochiqchasiga paxta terimi uchun pul talab qilishyapti. Bosim juda kuchayib ketdi. 5-6 million so‘m berasanlar, dedi. Asosan oboroti katta bo‘lgan yirikroq firmalarga qo‘ng‘iroq qilishyapti. Bankdan pul o‘tkazib berish mumkin emas ekan, faqat naqd pul so‘rashdi”, deya yozdi namanganlik tadbirkor shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan.

15 - oktabr kuni Ozodlik bog‘langan namanganlik tadbirkorlar paxta uchun pul yig‘ish jarayoni IIB va soliq xodimlari tomonidan amalga oshirilayotganini aytishdi.

"Pul bermagan firmalar “qora ro‘yxat”ga tushar emish. Keyin o‘sha firmalarni tekshiruvchilar bosar ekan. Shuning uchun hamma talvasaga tushib qoldi. Bermaylik desak, tekshir-tekshir boshlansa, beraylik desak, shuncha pulni qayerdan olamiz? Bular biz bergan pulga Mingbuloq tumaniga hasharchi jo‘natisharmish”, dedi anonim qolish sharti bilan gapirgan namanganlik tadbirkor yigit.

Namangan shahar IIB va soliq boshqarmalarining Ozodlik bog‘langan xodimlari tadbirkorlar shikoyatlarini asossiz, deyish bilan cheklandi.

Mingbuloq tuman paxta shtabining Ozodlik bog‘langan ikki mulozimi ham paxta uchun pul yig‘ish holatidan bexabarligini aytishdi.

“Bizga Namangan shahridagi idoralar xodimlari asosan, kunlik paxtaga kelib ketishadi. Yotog‘i bilan paxta terayotgan hasharchilar ham bor. Lekin paxta uchun pul yig‘ilayotganidan umuman xabarim yo‘q”, - dedi Mingbuloq tuman paxta shtabining ismini ochiqlamaclikni so‘ragan xodimi.

Tadbirkorlardan paxta uchun pul yig‘ish mamlakatning deyarli barcha hududida kuzatilmoqda.

Jumladan, mamlakatdagi turli bozorlarining savdogarlari ularga 800 mingdan 2 million so‘mgacha “paxta solig‘i” solinganidan shikoyat qilgan.

Majburiy hashar

Ayni paytda Ozodlikka turli idora va tashkilotlar xodimlaridan shikoyatlar kelishda davom etmoqda.

Jumladan, Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi idoralar xodimlari ham paxta terimiga majburiy safarbarlikdan nolishdi.

Ozodlikka jo‘natilgan xabarga ilova qilingan Telegram yozishmasi skrinshotida Yangiobod tuman mutasaddilarining tashkilotlar xodimlarini paxtaga jalb qilish talabi aks etgan.

“Barcha rahbarlar diqqatiga: Shanba va yakshanba kunlari Zarbdor tumaniga paxta yig‘im-terimiga hashar e’lon qilindi. Barcha korxona va tashkilotlar rahbarlari barcha xodimlari bilan ertalab soat 8:00dan paxta dalasida bo‘lishi shart”, deyiladi Telegram yozishmasida.

Telegramdagi “Otabek Artikov | POPULIST” kanalida berilgan xabarga ko‘ra, Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida maktab o‘qituvchilari ham paxtaga majburlangani aytilgan.

Mehnat inspeksiyasi: Majburiy mehnat davom etmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 - sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berilganini ta’kidlagandi.

Mirziyoevning BMT minbaridagi nutqidan uch hafta o‘tib majburiy mehnat hanuz davom etayotganini ko‘rish mumkin.

Buni Ozodlik 15 - oktabr kuni suhbatlashgan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiya mulozimi ham tasdiqladi.

“Bizning inspeksiya paxta davridagi majburiy mehnat holatlarini monitoring qilmoqda. Mavsum boshlanganidan beri 140ga yaqin hududda 730ga yaqin monitoring o‘tkazildi. Hozirgacha 652 nafar fuqaro majburiy mehnatdan aziyat chekkani aniqlandi. 18 nafar mansabdor shaxsga 205 million 160 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi. Monitoring davom etyapti”,- dedi matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.

Bu yilgi paxta mavsumida majburiy mehnat bilan bog‘liq manzarani Ozodlikning PaxtaGram sahifasi da kuzatishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG