Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:35

Ozarbayjon va Armaniston TI vazirlari AQSh davlat kotibi bilan Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qiladi


22 - oktabr kuni Putin Moskva hisoblariga ko‘ra, janglarda bugunga qadar 5 mingga yaqin odam nobud bo‘lganini aytdi.
22 - oktabr kuni Putin Moskva hisoblariga ko‘ra, janglarda bugunga qadar 5 mingga yaqin odam nobud bo‘lganini aytdi.

Ayirmachi Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar davom etar ekan, Vashingtonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muzokaralar davomida mojaroga tinch yechim topilishiga bo‘lgan umid susayib bormoqda.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tinchlik kelishuvi imzolanishi ehtimoli juda oz ekanligini ta’kidladi. Avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan xalqqa qilgan murojaatida Tog‘li Qorabog‘dagi urushni diplomatik yo‘l bilan to‘xtatish imkoniyatini ko‘rmayotgani haqida gapirgan edi.

Shunga qaramay Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh Moskva bilan hamkorlikda mojaroga yechim topishiga umid qilishini aytdi.

«Amerikadagi hamkorlarimiz biz bilan hamjihatlikda chora ko‘rishiga hamda yechim topishga ko‘maklashishiga ishonaman», - dedi Rossiya yetakchisi.

Rossiya vositachiligida erishilgan ikki o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi mintaqadagi harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtata olmadi.

23 - oktabr kuni Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov hamda Armaniston tashqi ishlar vaziri Zohrab Mnatsakanyan Vashingtonda AQSh davlat kotibi Mayk Pens bilan uchrashadi. Ammo Bayramov va Mnatsakanyan yuzma-yuz uchrashmaydi.

Rasman Ozarbayjon tarkibiga kiruvchi, ammo etnik armanlar boshqarib kelayotgan Tog‘li Qorabog‘ va uning atrofida to‘qnashuvlar 27 - sentabr kuni boshlanib ketgan edi. Bugunga qadar mojaro yuzlab odam umriga zomin bo‘ldi.

22 - oktabr kuni Tog‘li Qorabog‘dagi armanlar janglarda nobud bo‘lgan navbatdagi 26 nafar askar ismini e’lon qildilar. Bu bilan halok bo‘lgan arman askarlar soni 897 ga yetdi.

Ozarbayjon esa 61 nafar oddiy fuqaro halok bo‘lganini, 282 nafar odam jarohat olganini bildirdi. Rasmiy Boku harbiy yo‘qotishlarini ochiqlagani yo‘q.

22 - oktabr kuni Putin Moskva hisoblariga ko‘ra, janglarda bugunga qadar 5 mingga yaqin odam nobud bo‘lganini aytdi.

Aliyev Tog‘li Qorabog‘ hamda uning atrofidagi yetti tuman Ozarbayjonga qaytarilishini talab qilmoqda. Prezident bu masala Vashingtondagi muzokaralar davomida ko‘tarilishini aytdi.

Aliyev, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘da armanlar «madaniy avtonomiyasi» tashkil etish ehtimoli mavjudligini aytdi.

AzTVga bergan intervyusida prezident «Yevropaning rivojlangan davlatlari»ni misol qilib keltirgan holda, bu davlatlarda «munitsipalitetlar va jamoalar o‘z hududlari doirasida muayyan huquqlarga ega ekani»ni aytdi.

Ozarbayjon to‘qnashuvlarda bir necha hudud boshqaruvini qo‘lga kiritganini iddao qilmoqda.

22 - oktabr kuni Aliyev Ozarbayjon qo‘shinlari Eron bilan chegaradosh hududni qo‘lga kiritganini ta’kidladi. Ammo Armaniston buni rad etmoqda.

Pashinyan 22 - oktabr kuni «Interfaks» agentligiga bergan intervyusida hududga tinchlikparvar kuchlar, jumladan, Rossiya qo‘shinlari kiritilishiga qarshi emasligini aytdi.

Tog‘li Qorabog‘ 1988–1994 - yillardagi urushdan keyin o‘zini Ozarbayjondan mustaqil deb e’lon qilgan. O‘shandan beri mintaqani etnik arman qo‘shinlari boshqarib keladi. Shu sababdan yuz minglab etnik ozarbayjon urush qochqinlari bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG