AQSh hukumatining iddao qilishicha, Rossiya hukumati moliyalashtirgan hakerlar guruhi keyingi haftalar davomida o‘nlab shtatlar va mahalliy hukumatlar kompyuter tarmoqlariga hujum uyushtirgan va kamida ikki serverdan ma’lumot o‘g‘irlagan.
Federal qidiruv byurosi hamda Kiberxavfsizlik hamda infratuzilma xavfsizligi agentligi 22 - oktabr kuni e’lon qilgan qo‘shma bildiruvda hakerlar sentabr oyidan beri amalga oshirgan hujumlar haqida so‘z yuritiladi.
Bildiruvga ko‘ra, hozircha hakerlar aviatsiya va ta’lim sohalari, saylov jarayoni yoki hukumat faoliyatini izdan chaqirishga uringanini ko‘rsatuvchi ma’lumot yo‘q.
«Shunday bo‘lsa-da, ular kelajakda buzg‘unchilik qilish, AQSh siyosati va harakatlariga ta’sir ko‘rsatish yoki shtat va mahalliy hukumatlarni deligitimlashtirishga urinayotgan bo‘lishi mumkin», deyiladi bildiruvda.
Bildiruvda hujumlar «AQShdagi qator nishonlarga qarshi» ekanligi aytildi, ammo Berserk Bear, Energetic Bear, Dragonfly va boshqa nomlar bilan tanilgan hakerlar guruhlari aynan kimni nishonga olgani ochiqlanmadi.
Hakerlar kompyuter tarmoqlarini buzishga va kamida ikki serverdan ma’lumot o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lgan.
AQShda 3 - noyabr kuni prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu sababdan AQSh hukumati xorijiy davlatlarning yolg‘on ma’lumot tarqatish yoki saylovga aralashishga qaratilgan harakatlarini yaqindan kuzatmoqda.
Vashington Rossiyani bu yilgi AQSh saylovlariga ham aralashishga urinishda ayblamoqda. 2016 - yilgi saylov arafasida Rossiya Demokratik partiya elektron pochtalariga hujum uyushtirgan va ijtimoiy tarmoqlarda ma’lumot kampaniyalarini o‘tkazgan edi.
Ammo AQSh rasmiylari amerikaliklar saylov jarayoniga ishonsa bo‘lishini, hakerlar saylov qog‘ozlarini sanash jarayoniga ta’sir o‘tkaza olmasligini aytishmoqda.
21 - oktabr kuni Vashington Eron va Rossiya AQSh saylovchilari haqida ma’lumot kiritganini va saylov arafasida aholi fikrini o‘zgartirishga urinayotganini iddao qilgan edi.
AQSh Milliy razvedka direktori Jon Retkliffning aytishicha, Eron saylovchilarni qo‘rqitish, ijtimoiy tartibsizlik keltirib chiqarish va prezident Donald Trampni yomonotliq qilish maqsadida soxta elektron pochta xabarlarini yuborgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron nomzodlar o‘rtasida keskin kurash ketayotgan kamida to‘rt shtatda, shu jumladan, Florida va Pensilvaniya shtatlarida demokrat saylovchilarni qo‘rqitish uchun elektron pochta xabarlarini yuborgan.
Aftidan, saylovchilarni qo‘rqitish amaliyoti uyushtiruvchilari davlat ro‘yxatlaridan olingan elektron pochta manzillaridan foydalangan. Shtatlarning saylovchilar haqidagi ro‘yxatlari saylovchining qaysi partiyaga mansubligi, uy manzili, elektron pochta manzili va telefon raqamlari haqida ma’lumotni o‘z ichiga olishi mumkin.
Saylovchilar haqidagi ma’lumotni hakerlar kiber hujum orqali yoki jinoiy tarmoqlar orqali qo‘lga kiritgani hozircha noma’lum. Saylovchilar haqida ayrim ma’lumotlar ommaga ma’lum va ularni osonlikcha topish mumkin.
Eron ham, Rossiya ham AQSh iddaolarini rad etmoqda.