Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:32

Rossiyada o‘qiyotgan xorijlik talabalar mamlakatga kirishga ruxsat so‘ramoqda


Rossiya oliy o‘quv yurtlari yana masofaviy ta’limga o‘tdi
Rossiya oliy o‘quv yurtlari yana masofaviy ta’limga o‘tdi

Rossiyada tahsil olayotgan xorijlik talabalar mamlakatga kirish va o‘qishni davom ettirishga ruxsat berishni so‘rab, Rossiya hukumatiga ochiq xat yo‘lladi. Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik talabalar Rossiya o‘quv yurtlari tomonidan tashkil etilgan masofaviy ta’lim kurslari ularning bilim olish va malaka oshirishga bo‘lgan ehtiyojlarini qondira olmayotganini aytishmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov sentabr boshlarida bu masala “yaqin orada hal etilishi”ni va’da qilgan edi. Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Rossiyada koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq cheklovlar yana kuchaytirildi.

Ochiq xat

Rossiyaning turli o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan bir guruh, jumladan, o‘zbekistonlik talabalar va ularning ota-onalari, Rossiya hukumatidan o‘qishni davom ettirish maqsadida mamlakatga kirishga ruxsat berishni so‘rab, murojaat qildi.

Rossiyaning Koronavirusga qarshi shtab raisasi Tatyana Golikova va Tashqi ishlar vazir Sergey Lavrov nomiga yuborilgan xatda masofaviy ta’lim onlayn kurslari ularning bilim olish darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytiladi.

"Bizga kunduzgi ta’lim olish shaklini davom ettirish kerak. Oramizda tibbiyot, texnika va amaliy yo‘nalishdagi talabalar tahsil olyaptiki, ularning ta’limi masofaviy ko‘rinishda bo‘lishi mumkin emas. Biz laboratoriyalar, maxsus adabiyoti bor kutubxonalar, amaliy mashg‘ulotlar, seminarlardan foydalana olmayapmiz. Oramizda kimdir diplom ishlari va dissertatsiyalarini himoya qilolmasligi mumkin”, deyiladi murojaatnomada.

Xatga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Ukraina hamda fransiyalik talabalar imzo qo‘ygani ma’lum qilindi.

Ochiq xatda Rossiyadagi ayrim o‘quv yurtlari bitta xorijlik talaba uchun alohida onlayn mashg‘ulotlarini olib borishdan bosh tortayotgani aytiladi.

O‘zbekiston talabalar: Onlayn o‘qishdan qoniqmayapmiz

Ozodlik xatga imzo chekkan talabalar orasida o‘zbekistonliklar ham borligini aniqladi.

Farg‘onalik 19 yashar Ilhom Sankt-Peterburgdagi universitetlardan birining Yuridik fakulteti 1-bosqich talabasi. U olib borilayotgan onlayn darslardan qoniqmayotgani haqida gapiradi.

- O‘zbekistondagi o‘quv yurtlariga topshirib, kirolmadim. Iyul oyida Piterga o‘qishga qirdim. Kuniga 90 minutdan 4 para dars bo‘lyapti. Farg‘onadaman hozir, ammo “jivoy” o‘qigan boshqacha baribir. Seshanba-payshanbadan tashqari har kuni o‘qish bo‘lyapti. Lekin meni kursdoshlarim sentabr oyida to‘liq o‘qishdi. Yiliga 1800 dollar to‘lab qo‘yganman. Boshqa o‘zbek talabalari 5 ming dollar yiliga to‘laydi - ular ham masofadan o‘qiyapti. Menga o‘xshab, O‘zbekistonda qolib ketgan talabalarimiz juda ko‘p - dedi Rossiyaga kirishga ruxsat so‘ragan o‘zbekistonlik talabalardan biri.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir talaba - toshkentlik Veronika Yuryeva Sankt-Peterburg Arxitektura-qurilish universitetining “Landshaft arxitekturasi” yo‘nalishi 2 bosqichida tahsil olmoqda.

Suhbatdosh Rossiyaga kirish va o‘qishni universitet auditoriyalarida davom ettirish zaruratini shunday tushuntiradi:

- Men Toshkentga 27 - iyun kuni oilaviy sabablarga ko‘ra kelgan edim. Sentabrlarda vaziyat yaxshilanib, chegaralar ochilishiga ishonib qolgandim. Talabalar hozirda amaliyotlarni o‘tmoqda, oranjereyalarda ishlamoqda. Mening yo‘nalishim ijodiy bo‘lgani sababli uni masofadan turib o‘rganishning iloji yo‘q. Keyin, o‘qituvchilarimiz ko‘pi juda keksa - onlayn tizimiga yaxshi tushunmaydi, qiynaladi. Masofadan turib loyihalar qilish mumkin emas! Faqat 2 o‘qituvchi bilan aloqadamiz, qolganlar faqat vazifa berish bilan cheklanyapti. Savollarimizga javob ololmasdan, orqada qolib ketyapmiz. Men bilganlardan yana 3 kishi Rossiyaga o‘qishga qayta olmayapti. Shu sababli men ham ochiq xatga imzo chekdim, - dedi Ozodlikka Veronika Yuryeva.

Ozodlik suhbatlashgan boshqa talabalar Rossiyaga mavjud charter reyslar qimmatligi yoki aviachiptalarni topishning iloji yo‘qligidan ham shikoyat qilishmoqda.

Rossiyada Covid cheklovlari yana kuchaytirildi

Ochiq xat tashabbuschilari Rossiya FSBsining Chegara xizmatiga rasman murojaat qilib, quyidagi mazmunda javob olganini ham bildirishdi:

“Rossiya hukumatining 2020 - yil 16 - martdagi 635-r sonli qaroriga muvofiq, ayrim toifadagi grajdanlardan tashqari xorij grajdanlarining Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishi vaqtinchalik cheklangan”, deyiladi javob xatida.

Rossiya FSBsining Chegara xizmati javobi.
Rossiya FSBsining Chegara xizmati javobi.

Chegarachilar javobida bu cheklovlarni bekor qilish faqat Rossiya hukumati vakolatida ekani ham eslatiladi.

O‘tgan oy boshida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov chet ellik talabalar bilan bog‘liq vaziyat yaqin orada hal etilishini va’da bergandi.

- Xorij talabalari bilan bog‘liq bu masala maxsus ko‘rib chiqildi. O‘qishni davom ettirmoqchi bo‘lgan talabalar masalasi bo‘yicha Rossiya Tashqi ishlar va Ta’lim vazirliklari o‘zaro kelishuvi asosida allaqachon ijobiy qaror qabul qilingan, dedi chiqishlaridan birida Lavrov.

Biroq 27 - oktabr kuni Rospotrebnadzor butun Rossiya hududida niqob taqish rejimini qayta tikladi. Shuningdek, soat 23:00dan 6:00gacha ommaviy va tomosha tadbirlariga, kafe-restoranlarning faoliyatiga taqiq qo‘yildi.

Rossiya hukumati bu cheklovlarni mamlakatda Covid-19 bilan bog‘liq vaziyat yana murakkablashgani, kasallanganlar soni keskin oshayotgani bilan izohladi. Koronavirusga qarshi kurash shtabi 27 - oktabr kuni koronavirusdan o‘lganlar soni bo‘yicha “rekord” ko‘rsatkichlar qaydga olinganini ma’lum qildi - 320 kishi.

O‘zbekiston maxsus tashkil etilgan birqancha charter reyslarida yuzlab o‘zbek talabalarni olib chiqqani haqida xabar berilgandi.

2020 - yil martida Rossiya koronavirus infeksiyasiga qarshi karantin cheklovlarini joriy qilgan va xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan edi. Iyul oyida bir nechta xorijliklar toifasiga kirishga ruxsat berilgan.

XS
SM
MD
LG