Ozarbayjon ayirmachi Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi hududlarni atigi 43 kunda qo‘lga kiritdi.
Ozarbayjonning yetti tumani Boku 1990 - yillar boshida Armaniston bilan urushda mag‘lub bo‘lganidan keyin, ayirmachi armanlar nazoratiga o‘tgan edi.
Tahlilchilarning aytishicha, Ozarbayjon muvaffaqiyatining uch asosiy sababi bor. Bular texnika, taktika va Turkiyadir.
IHS Markit tahlil markazi xodimi Aleks Melikishvilining so‘zlariga ko‘ra, bu safargi urush Turkiya Ozarbayjonga ko‘rsatgan yordam bilan farq qiladi.
Melikishvili Turkiyaning F-19 qiruvchi uchoqlari Ozarbayjonning ikkinchi eng yirik shahri Ganjada paydo bo‘lgani Janubiy Kavkazda vaziyat Ozarbayjon foydasiga o‘zgarganidan darak berganini aytdi.
Ustuvor qurollar
Ozarbayjon o‘z harbiy yo‘qotishlarini ochiqlamagan bo‘lsa-da, havo hujumlarini amalga oshirish hamda jang maydonlarini razvedka qilish maqsadida Turkiya va Isroildan sotib olgan yuqori texnologiyali dronlardan foydalanganini yashirmadi.
Tog‘li Qorabog‘da 27 - sentabr kuni harbiy to‘qnashuvlar boshlanib ketganidan keyin Ozarbayjon Mudofaa vazirligi e’lon qilgan dron kadrlarida Bokuning uchuvchisiz uchoqlari keltirib chiqargan vayronagarchiliklarni, xususan, Armaniston tanklari, artilleriya qurollari, quruqlikdagi istehkomlarning barbod qilinganini va hattoki Rossiyada ishlab chiqarilgan S-300 zenit-raketa majmuasi vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Hadrut shahrida 1992–1994 - yillardagi urushda qatnashgan arman veterani Margarita Karamyan Tog‘li Qorabog‘da Bokuning ilk harbiy yurishi davomida 30 ta ozarbayjon droni «osmonni qoraytirganini» ko‘rib lol qolganini aytdi.
Karamyan bu safargi urush 1990 - yillardagi urushdan farq qilishini ta’kidlab, etnik arman qo‘shinlari, jumladan, o‘z turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li tez orada dronlardan yashirinishni o‘rganishga majbur bo‘lganini aytdi.
Istanbulda joylashgan Iqtisodiyot va tashqi siyosatni o‘rganish markazining Xavfsizlik va mudofaa tadqiqotlari bo‘yicha dasturi direktori Jan Kasapog‘lu jang maydonida Armaniston kuchlarini «Ozarbayjonning texnologik ustunligi shoshirib qo‘yganini» aytdi.
Kasapog‘luning so‘zlariga ko‘ra, arman qo‘shinlari o‘zlarini Ozarbayjonning uchuvchisiz havo vositalaridan himoya qilishlari uchun ularda sensorlar yoki dronlarga qarshi qurollar yetishmay bo‘lgan.
«Ozarbayjon-arman to‘qnashuvlari ko‘rsatgan birinchi saboq bu – an’anaviy quruqlik bo‘linmalari – zirhli, mexanizatsiyalashgan va motorli tuzilmalarning rivojlangan uchuvchisiz urush qurollari va tushunchalari oldida zaifligidir», - deya xulosa qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat arman qo‘shinlarini front chizig‘idan tartibsiz chekinishga majbur qilgan.
«Ochiq manbali razvedka hisobotlari bir oy ichida Tog‘li Qorabog‘dagi arman bosqinchi kuchlari 175 ga yaqin asosiy to‘qnashuvda mag‘lub bo‘lganini hujjatlashtirdi», - dedi Kasapog‘lu.
Bokuda joylashgan Strategik aloqa markazi tahlilchisi Fuad Shahbazov ham Ozarbayjon uchun jang maydonidagi eng muhim ustunlik harbiy texnika bo‘lganiga ishonadi.
Shahbazovning aytishicha, Armaniston Rossiya boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi o‘laroq asosan Rossiyadan qurol-yarog‘ olishga majbur.
«Mamlakat arsenalining taxminan 90–95 foizi Rossiyada ishlab chiqarilgan qurollardir», - dedi Shahbazov Ozodlik bilan suhbatda.
«Ammo Ozarbayjon Turkiyadan va Isroildan qurol-aslaha olib kelib, o‘z harbiy texnikasini diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldi».
Shahbazovning ta’kidlashicha, so‘nggi o‘n yil ichida Boku neft va tabiiy gaz eksportidan tushgan daromad yordamida NATOga a’zo davlatlardan qurol sotib olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku xarid qilgan texnika orasida Ispaniyadan kelgan antiradar tizimlari, Chexiya Respublikasidan 2018 - yilda sotib olingan o‘ziyurar DANA gaubitsa artilleriyasi va «Turkiyada ishlab chiqarilgan va yaqinda import qilingan Bayraktar dronlari» bor.
«Bayraktar dronlari Turkiyada ishlab chiqarilgan to‘rtta raketani – lazer bilan boshqariladigan MAM raketalarini tashiydi», - dedi Shahbazov.
«Liviya va Suriyada ishga solingan bu dronlar Rossiyada ishlab chiqarilgan barcha qurollarga qarshi juda samarali ekanligini ko‘rsatdi».
Kasapog‘lu Ozarbayjonning harbiy ustuvorligi faqat dronlar bilan cheklanmasligini aytadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon Turkiyadan «to‘liq robotlashtirilgan urush ta’limoti va amaliyotlar tushunchasi» haqida ham o‘rgangan.
Kasapog‘lu Jamestown Foundation uchun yozgan maqolasida «Qizig‘i shundaki, Ozarbayjonning dron kampaniyasi 2020 - yil boshida Turkiya Suriyadagi arab armiyasiga qarshi amalga oshirgan “Bahor qalqoni” operatsiyasiga juda o‘xshardi», deb yozdi.
Uning fikricha, bu haqda Ozarbayjon artilleriyasi va raketa otuvchi tizimlari razvedka dronlari bilan hamkorlikda ish tutganidan xulosa qilish mumkin.
Shahbazovning aytishicha, Ozarbayjon sovet davrida ishlab chiqarilgan Antonov AN-2 uchoqlarini qurbon qilib, arman mudofaa tizimlari pozitsiyalarini aniqlagan.
«Ular uchoqlarni dronlarga o‘xshatish uchun kamuflyaj tayyorladilar», - deb tushuntirdi Shahbazov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Boku AN-2 uchoqlarini uzoqdan boshqariladigan qilib o‘zgartirgan. Arman qo‘shinlari ularni dron deb o‘ylab urib tushirganidan keyin, yuqoriroqda uchayotgan dronlar arman raketa tizimlari pozitsiyalarini aniqlab, ularga zarba bergan.
NATO urush taktikalari
Telegram kabi ijtimoiy media platformalarida ulashilgan kadrlar – aftidan ularni Ozarbayjon askarlari tarqatgan – Boku 2001 - yildan beri Afg‘oniston tog‘larida AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlari Tolibonga qarshi ishlatib kelayotgan taktikasidan saboq olganini xulosa qilish mumkin.
Ushbu operatsiyalarda NATO qo‘shinlari XX asrning an’anaviy urush usullariga amal qilgan holda minglab harbiyni bir yerga to‘plamadi. Buning o‘rniga AQShning kichik ixtisoslashgan maxsus kuchlari – kommando guruhlari Afg‘oniston hududida va Pokiston bilan 3 300 kilometrlik chegara bo‘ylab «qidirib topish va yo‘q qilish» amaliyotlarini bajardi.
Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ janubi-sharqida amalga oshirgan yurishi davomida shunga o‘xshash taktikadan foydalandi. Xususan, dron hujumlari natijasida Armaniston mudofaa chizig‘ida bo‘shliqlar paydo bo‘lganidan so‘ng, Boku kommando guruhlari o‘rmonlarga kirib, shahar va qishloqlar atrofidagi baland joylarni egallab oldi.
Shahbazov ham Ozarbayjon AQSh va Afg‘onistondagi NATO kuchlari tomonidan qo‘llanilgan kommando taktikasini Tog‘li Qorabog‘dagi so‘nggi janglarda ishga soldi, deb hisoblaydi.
«Ozarbayjon maxsus kuchlari ko‘p yillar davomida asosan Turkiya harbiy akademiyalarida va Pokiston harbiy akademiyalarida tayyorgarlikdan o‘tdi», - dedi Shahbazov Ozodlik bilan suhbatda.
«Biz Tog‘li Qorabog‘dagi urushda ushbu taktika qo‘llanilganiga guvoh bo‘ldik».
«Ozarbayjon 1990 - yillardagi yo‘qotishlaridan va 2016 - yilda arman qo‘shinlariga qarshi to‘rt kunlik urushdan yaxshi saboq oldi», - deya so‘zini davom ettirdi Shahbazov.
«O‘tgan janglardan farqli o‘laroq, bu safar Boku aloqa liniyasi bo‘ylab juda faol bo‘lgan kichik sabotajchi guruhlarni safarbar qildi».
Hafta boshida Rossiya vositachiligida Armaniston va Ozarbayjon tinchlik sulhini imzoladi. Unga binoan, Rossiya mintaqaga o‘z tinchlikparvar qo‘shinlarini yuboradi. Ozarbayjon egallab olga hududlar esa Boku nazoratida qoladi. Shuningdek, Armaniston boshqa bir necha hududni bo‘shatishi kerak bo‘ladi. Bitim Armaniston uchun mag‘lubiyat belgisi o‘laroq ko‘rilmoqda.