Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2024, Тошкент вақти: 07:16

Andijonlik bog‘cha opa: Kechqurun Qorqiz, tunda qorovulmiz


“Oqshom soat 5 dan 8 gacha “O‘zbegim” savdo markazi oldida o‘rnatilgan Yangi yil archasi oldida Qorqiz bo‘lib turibmiz, bundan tashqari tunda bog‘chada navbatchilik qilamiz”, - dedi Ozodlikka Andijondagi bolalar bog‘chalaridan birining tarbiyachisi.

Andijon shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri “MTMlar pedagog kadrlarini Yangi yil tadbirlariga yoki tungi navbatchilikka qo‘yishga doir me’yoriy hujjat yo‘qligini, binobarin ular bunday ishlarga jalb etilmayotganini” bildirdi.

Andijon shahar Xalq qabulxonasi mutaxassisi majburiy mehnatga doir har qanday shikoyat zudlik bilan o‘rganilishi, bunga yo‘l qo‘ygan amaldorlar jazolanishini ta’kidladi.

Ozodlik andijonlik tarbiyachi bilan bog‘landi. Ikki farzandli yolg‘iz ona bo‘lgani uchun ishdan haydalib ketishdan qo‘rqib, ismi va ish joyi oshkor qilinmasligini so‘ragan tarbiyachi barcha savollarga Telegram orqali javob berdi.

Sovqotgan Qorqiz

Tarbiyachining aytishicha, Andijonda Yangi yil yarmarkalari ish boshlaganidan buyon u va hamkasblari navbatma-navbat Qorqiz rolini ijro etishga jalb qilinmoqda.

"Men bir marta bo‘ldim Qorqiz. Kechki payt soat 5 dan 8 gacha sovuqda archa atrofida turdik. Qorbobodan so‘rasam, medinstitutda o‘qir ekan. Sovuq bo‘lgani uchun odam ham oz. Ular bilan o‘yinga tushishimiz kerak ekan. Axir biz raqqosa emasmizku?"

Tarbiyachi o‘z iddaosi tasdig‘i sifatida Ozodlikka surat taqdim etdi. Jo‘natgan tarbiyachi ruxsat bermagani hamda bolalar aks etgani uchun e’lon qilmayotganimiz suratda Yangi yil archasi, Qorqiz va Qorbobo hamda 4 yashar bola aks etgan. Surat, tarbiyachining aytishicha, 12 - dekabr oqshomida olingan.

Andijonda Yangi yil tadbirlari boshlandi

Yangi yil yarmarkalari boshlangani to‘g‘risidagi videosyujetni Andijon shahar hokimligi kuni kecha Feysbukdagi sahifasiga joylashtirdi. Bosh qahramoni viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bo‘lgan syujetda Qorbobo ham, Qorqiz ham ko‘rinadi. Rasmiy videosyujetdagi Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlari rolini kim o‘ynaganini Ozodlik aniqlay olmadi.

Shaharning 1- mikrorayonida istiqomat qiladigan 54 yashar Ahmadjon akaning aytishicha, Yangi yil yarmarkalari ularning mavzesida ham uyushtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki kun oldin kechqurun yarmarkada Qorbobo bilan Qorqiz paydo bo‘lib qolganini ko‘rgach, qiziqib, oldilariga borgan:

“Qorbobo maktabda o‘qituvchi, Qorqiz bog‘chada ishlar ekan. O‘sha kuni yarmarkaga hokim keladi, deb eshituvdim. Ho‘o‘, anchaga turishdi hokimni kutib, hokim keldimi, yo‘qmi – bilmadim. Sovqotib, uyga kirib kelaverdim”.

"Qorqiz bo‘lishga topshiriq berilmagan"

Bolalar bog‘chalari pedagoglari shahar miqyosidagi tadbirlarda Qorqiz rolini bajarishga majburlanayotganini Andijon shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi (MTB) mudiri Dildora Tolipova inkor etdi:

“Prezidentimiz topshirig‘i bilan bu yil Yangi yil tadbirlari taqiqlangan. Yarmarkalarga xodimlarni jalb etish to‘g‘risida hech qanday topshiriq bo‘lmagan. Bog‘chalarda ota-onalar ishtirokisiz Yangi yil kechalari o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq bo‘lgan, xolos. Yarmarkalarga Qorqiz chiqarilsin, degan topshiriq yo‘q”.

Inkorning inkori

MTB mudiri bilan muloqotdan so‘ng Ozodlik tarbiyachi bilan yana bog‘landi. U yolg‘on aytmayotganini, hatto Qorqiz kiyimini tiktirish uchun tarbiyachilardan 10 ming so‘mdan yig‘ib olinganini aytdi. Tarbiyachining aytishicha, u ishlaydigan bog‘cha mudirasi Qorqiz masalasini har kungi majlisda bir marta aytib o‘tadi:

Bog‘cha mudiralarining Telegram kanali bor. Opamiz (mudirimiz demoqchi – tahr.) telefonini bizga ko‘rsatib, “mana ko‘ringlar, o‘zim o‘ylab topganim yo‘q buni, mendan ham talab qilishyapti”, deydi".

Andijonlik bog‘cha opani Ozodlikka murojaat qilishga undagan yana bir masala tungi navbatchilik masalasidir:

“Har tun ikki tarbiyachi bog‘chada navbatchilik qilamiz. Men o‘zim oxirgi bir oyda ikki marta navbatchi bo‘ldim. Bizdan tuni bilan bog‘cha binosini aylanib yurish talab qilinadi. Terroristlardan himoya qilishimiz kerak emish bog‘chani”.

Andijon shahar Maktabgacha ta’lim bo‘limi (MTB) mudiri Dildora Tolipova tarbiyachining bu iddaosini ham rad etdi. Tolipovaning aytishicha, "navbatchilik bor va bu ish kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida qilinadi, biroq bu yumushni MTBning Ekspluatatsiya bo‘limi bajaradi. Bog‘chalar xavfsizligiga qorovul, o‘t yoquvchi va mudir mas’uldir. Tarbiyachi yoki yordamchi tarbiyachini tungi navbatchilikka chiqarish to‘g‘risida topshiriq bo‘lmagan, qaror ham yo‘q".

Andijon shahar hokimligidan yarmarkalarda Qorbobo, Qorqiz va boshqa ertak qahramonlari rolini bajarishga turli kasb egalari qaysi qonun asosida jalb etilayotgani, ularga mehnati uchun nega haq to‘lanmayotganiga (tarbiyachining aytishicha, hech qanday haq to‘lanmagan, issiq ovqat ham berilmagan) oid savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

"Majburiy mehnatga jalb qilinayotganlar bizga murojaat qilsin"

Andijon shahar Xalq qabulxonasi mutaxassisi Doniyor Rahimovning Ozodlikka bildirishicha, shu kungacha hech kimdan yarmarkalarda Qorqiz sifatida ishlatilayotgani yoki bog‘chalarda tungi navbatchilikka qo‘yilayotganidan shikoyat kelib tushgan emas.

“Agar shunday majburiy mehnat holatlari bo‘lsa, fuqarolarimiz qo‘rqmasdan bizga murojaat qilishlari mumkin. Agar shikoyatchi ismi oshkor etilmasligini istasa, ismini sir saqlash kafolatini beramiz. Qo‘rqmay murojaat qilishlari mumkin. Istasangiz, telefonimizni e’lon qiling”, - dedi Xalq qabulxonasi mutaxassisi.

Andijon shahar Xalq qabulxonasi telefoni: 228 10 00

Yarmarkadagi arzon mahsulotlar

Andijon shahrining qator mavzelarida bir necha kun oldin ochilgan Yangi yil yarmarkalarida qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlari sotilmoqda.

Shahar hokimligi Feysbukka qo‘ygan videosyujetda mana bunday narxlar aks etgan:

mol go‘shti 50000 so‘m;

tovuq go‘shti 16000 so‘m;

“Alanga” gurunchi 8500 so‘m;

“Avangard” guruchi 7000 so‘m;

no‘xat 12000 so‘m;

mosh 10500 so‘m;

loviya 10500 so‘m

limon 13000 so‘m;

kivi 20000 so‘m;

banan 19000 so‘m.

Andijonning 1- mikrorayonida yashovchi Ahmadjon aka yarmarkadagi narxlarning bozordagidan pastligini e’tirof etarkan, “hamma narsani bir kilo-bir kilodan sotishadi, xolos. Hammaga yetsin desalar kerak- da”, - deya qo‘shimcha qildi.

XS
SM
MD
LG