19 - fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili - ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligidagi Insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya vakillari O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1-sonli tergov izolyatoriga (Toshturma) bordi.
Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan mazkur komissiya vakili Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, Komissiya vakillari hozirgi kunda 1940 nafar (2502 nafarga mo‘ljallangan — Ozodlik) mahkumlar saqlanayotgan tergov izolyatoridagi sharoit, mahkumlarga munosabat va izolyatorning ahvoli bilan tanishishdi.
Monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha izolyator ma’muriyatiga tavsiyalar berdi.
A. Tashanovga ko‘ra, Toshturma muassasasi avvalgi muassasaga qaraganda zamonaviy va avtomatlashtirilgan tizim, kameralar, so‘roq jarayonlarini qayd qiluvchi jihozlar bilan ta’minlangan.
Ovqat sifati, xilma-xilligi va kaloriyasi talab darajasida ekaniga qaramay, uning me’yori birmuncha kam. Komissiya vakillari mahkumlarga beriladigan oziq-ovqat me’yorlari bo‘yicha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga me’yor (limit) ni o‘zgartirish talabi bilan chiqishini aytishga kelishishdi.
“Monitoringlar doirasida alohida shikoyatlar bo‘yicha tekshiruvlarga ham ruxsat berildi. Men diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning tovlamachilik, giyohvandlik va fohishaxona saqlash singari moddalari bilan ayblanayotgan 23 yashar Mirsharif Zakirov bilan suhbatlashdim. Transgender sifatida ismini Nigina deb atagan va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari g‘azabiga nishon bo‘lgan bu yigitning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini iddao qilishgandi. U alohida suhbatda Toshturmada unga qiynoq yoki o‘zgacha muomala qo‘llanilmaganini aytdi, men videoga oldim bu gapni. Seksual orientatsiyasi o‘zgacha bo‘lgan bu shaxsning yagona talabi tergovlarning cho‘zilib ketayotganidir. Maxsus prokuror keyingi haftadayoq tergovlarning boshlanishiga va’da berdi” , dedi A. Tashanov.
Milliy preventiv mexanizmlar doirasida olib borilayotgan fuqarolik jamiyati vakillarining jazoni ijro etish muassasalarini monitoring qilish amaliyotlari davom ettiriladi.