Xitoyning vaksina diplomatiyasi favqulodda muvaffaqiyatli chiqdi: AP hisob-kitobiga qaraganda, Xitoy 45 mamlakatga deyarli yarim milliard doza vaksina yetkazib berishni o‘z bo‘yiniga olgan.
Xitoyda vaksina ishlab chiqaruvchi shirkatlar talaygina, shulardan to‘rttasi bu yil 2.6 milliard doza vaksina ishlab chiqarmoqchi. Bu dunyo aholisining aksar qismi qandaydir G‘arb vaksinalari bilan emas, an’anaviy tarzda ishlab chiqilgan Xitoy vaksinalari bilan emlanadi deganidir.
Xitoy vaksinalari borasida ochiq manbalarda ma’lumot deyarli yo‘q bo‘lgani uchun Xitoyga bu masalada qaram mamlakatlarda vaksinalar hamda vaksina evaziga beriladigan qurbonliklar borasida xavotirlar bor. Shunga qaramay, 25dan ziyod mamlakatda Xitoy vaksinalari bilan emlash jarayoni allaqachon boshlab yuborilgan, yana 11 mamlakatga yetkazib berilgan.
Jahon hamjamiyati nazarida koronavirus o‘chog‘i bo‘lmish Xitoy uchun vaksinalarni yetkazib berish yuzni yorug‘ qilishning bir usuli bo‘lib, Xitoy allaqachon ishonchsizlik manbasidan xaloskorga aylandi. Xuddi Hindiston yoki Rossiya kabi, Xitoy ham o‘z obro‘sini oshirish yo‘lida o‘z aholisiga qaraganda xorijga 10 barobar ko‘p vaksina yetkazib berishni zimmasiga olgan.
“Biz vaksina diplomatiyasi guvohi bo‘lyapmiz, bunda Xitoy yetakchilik qilmoqda. Ba’zi vaksinalar xayriya sifatida berilmoqda, ba’zilari sotilmoqda, ba’zilari nasiyaga berilmoqda”, - dedi Dyuk universiteti tadqiqotchisi Krishna Udyakumar.
Xitoy 53 mamlakatga “vaksina yordamini” berayotganini, yana 27 tasiga eksport qilayotganini ma’lum qilgan. Lekin rasmiylar bu qaysi mamlakatlar ekani haqidagi APning so‘roviga javob bermagan.
Pekin vaksina diplomatiyasini ham inkor etgan. TIV matbuot kotibiga ko‘ra, Xitoy vaksinalarni “jahon hamjamiyatining haqi” deb hisoblaydi. Xitoylik ekspertlar ham vaksinalar eksporti hamda obro‘ni tiklash o‘rtasidagi bog‘liqlikni inkor etadi.
“Bu yerda hech qanday bog‘liqlik ko‘rmayapman. Xitoy boshqalarga ko‘proq yordam berishining sababi mamlakat yaxshi rivojlanayotganidir”,- dedi Pekinda joylashgan “aql markazi” rahbari Van Xuyao.
Xitoy asosan kambag‘al va o‘rtacha rivojlangan mamlakatlarga yordam berishni rejalamoqda. Bu mamlakatlarning G‘arbda ishlab chiqarilgan «Pfizer»yoki «Moderna» kabi qimmat, ammo sifatli vaksinalarni sotib olishga qurbi yetmaydi. Xitoy, shuningdek, G‘arb shirkatlari va’da qilgan vaksinalarni yetkazib berishdagi muammolardan foydalanib, Braziliya yoki Turkiya kabi mamlakatlarga ham o‘z vaksinalari eksportini yo‘lga qo‘yib olgan.
Aksar kambag‘al yoki o‘rta rivojlanayotgan davlatlarda Xitoydan boshqa tanlov ham deyarli yo‘q. Dyuk universiteti tadqiqotchilariga ko‘ra, hozirgacha ishlab chiqilgan vaksinalarning asosiy ulushi, ya’ni 8,2 milliard dozadan 5,8 milliardini G‘arbning badavlat mamlakatlari o‘z aholisini emlash uchun sotib olgan.
Xitoy vaksinalarini asosan «Sinovac» va «Sinopharm» shirkatlari ishlab chiqadi. Ular vaksinalarni, innovatsion tarzda yaratilayotgan G‘arb vaksinalaridan farqli o‘laroq, faollashtirilmagan virus vaksinasi nomli an’anaviy texnologiya asosida ishlab chiqaradi. Ba’zi mamlakatlar bu usulni G‘arbda ishlatilayotgan yangi usulga qaraganda ishonchliroq deb hisoblaydi.
“Biz «Sinovac» vaksinasiga buyurtma berganimiz sababi, u an’anaviy, xavfsiz usulda ishlab chiqilganidadir”, - dedi Ozarbayjon Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddisi Teymur Musayev.
Ozarbayjon «Sinovac» vaksinasidan 4 million doza sotib olgan. Yevropada Xitoy o‘z vaksinalarini Serbiya va Vengriya kabi davlatlarga yetkazib bermoqda. Bu G‘arb, Rossiya va Xitoy siyosiy va iqtisodiy nufuz uchun kurashayotgan Bolqon va Sharqiy Yevropa mintaqasida Xitoy katta geosiyosiy g‘alabaga erishdi deganidir.
Serbiya o‘z aholisini yanvar oyidan Xitoy vaksinalari bilan emlashni boshlagan ilk Yevropa davlati bo‘ldi. Mamlakat 1,5 million Sinofarm vaksinalarini hamda ozroq miqdorda Rossiyaning “Sputnik V” hamda “Pfizer” vaksinalarini sotib olgan. Qo‘shni Vengriya esa Xitoy vaksinasini ro‘yxatga olgan Yevropa Ittifoqidagi ilk mamlakat bo‘ldi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban eng ishongan vaksinasi Xitoyniki ekanligini aytgan va o‘zi ham Sinofarm vaksinasi bilan emlangan.
Aholi xavotirlari oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlar yetakchilari Xitoy vaksinalarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Pekinning vaksina diplomatiyasi Xitoy va rivojlanayotgan mamlakatlar uchun birdek manfaatlidir, deb hisoblaydi ekspertlar.
“Buyuk davlatlarning ta’sir doirasi uchun raqobati ortidan kambag‘al davlatlar tezroq emlanishi mumkin”, - dedi Avstraliya Milliy universiteti tadqiqotchisi Yun Yang.
Lekin Xitoy vaksinalari qanchalik samarali bo‘lsa, diplomatiyasi ham shunchalik samara beradi. Hozircha Xitoy vaksinalarida muammolar talaygina.
Vaksinasining samarasi 79 foiz ekanligini iddao qilgan Sinofarm rasmiylari suhbatlashishga rozi bo‘lmadi. Sinofarm raisining aytishicha, hozircha vaksinalar bilan emlanishdan so‘ng biror nojo‘ya ta’sir kuzatilmagan.
“Pfizer” yoki “Moderna” kabi G‘arb shirkatlaridan farqli ravishda, Xitoy shirkatlari vaksina sinovlariga oid ma’lumotlarni oshkor qilishni unchalik hush ko‘rmaydi, dedi AQShdagi “Council for Foreign Relations” markazi mutaxassisi Yanjon Xuan.
Vaksinalari global miqyosda tarqatilayotgan Xitoyning uch yirik shirkatining hech biri yakuniy, uchinchi bosqich sinov natijalarini oshkor qilmagan. Vaksinalarining samaradorligi 65 foiz ekanligini iddao qilayotgan “CanSino” shirkati ham maqola uchun suhbat o‘tkazishdan bosh tortdi.
Xitoyda dori-darmon ishlab chiqishdagi amaliyotlar ham xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. 2018 yilda Xitoyning yirik shirkatlaridan biri quturishga qarshi vaksinasini sotish uchun ma’lumotlarni soxtalashtirgani ma’lum bo‘lgan. O‘sha yili hozirda koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqayotgan Sinofarm difteriyaga qarshi majburiy vaksinani sifatsiz ishlab chiqqani oshkor bo‘lgan edi.
«Rossiya va Hindiston farmatsevtika mahsulotlariga ham odamlarda ishonch yo‘q, chunki odatda odamlar G‘arbda ishlab chiqilgan dori-darmonlarga ko‘proq ishonadi», - dedi Bangladeshdagi Bangabandu tibbiyot universiteti tadqiqotchisi Saidur Rahman.
Dekabr oyida 17 mamlakatda va mintaqadan 19 000 odam qatnashgan “YouGov” vaksinalar haqidagi so‘rovnomasiga ko‘ra, Xitoy va Hindiston eng pastki ikki o‘rinni egallagan. Bu ishonchsizlikka Sinovak vaksinalari atrofidagi mashmashalar ham sabab bo‘lmoqda.
Sinovak vaksinasining Turkiyadagi sinovlaridan so‘ng rasmiylar uning samaradorligi 91 foizni tashkil etganini aytgan. Lekin xuddi shunday sinovlardan keyin Braziliyada rasmiylar uning samaradorligini 78 foizdan 50 foizgacha tushirib qo‘ygan.
Xitoy rasmiylarining aytishicha, Braziliyadagi sinovlarda kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlari qatnashgani uchun samaradorlik ko‘rsatkichi past bo‘lgan. Lekin ekspertlarning ta’kidlashicha, bu fakt vaksina samaradorligiga ta’sir qilmasligi kerak edi.
Sinovak vaksinalarining Turkiya va Braziliyadagi sinovlaridagi farqli natija aholi farqli bo‘lganidandir, deydi AP bilan avvalgi suhbatda shirkat matbuot kotibi. Shirkat ushbu maqola uchun suhbat qilishdan bosh tortdi. Honkong sinovlarida Sinovak vaksinasining samarasi 51 foiz deb topilgan va u shaharda foydalanishga ruxsat etilgan.
Ekspertlarga ko‘ra, kamida 50 foiz samara ko‘rsatgan har qanday vaksinadan foydalansa bo‘ladi.
Xitoy vaksinalari koronavirusning yangi mutatsiyalariga, xususan, Janubiy Afrikada aniqlangan shtammiga qarshi naqadar samarali ekani ham noma’lum.
Xitoydan vaksina olayotgan mamlakatlarda buning evaziga beriladigan qurbonliklar borasida ham hadiklar mavjud. Xitoydan yordam tariqasida 600 000 doza olgan Filippinda katta lavozimdagi diplomatlardan birining aytishicha, Xitoy tashqi ishlar vaziri bahsli Janubiy Xitoy dengizida avj olayotgan Xitoyning tajovuzkorligini tanqid qilishni biroz kamaytirish kerakligiga nozik shama qilgan.
Diplomatga ko‘ra, vazir vaksina evaziga hech narsa so‘ramagan, faqat u Filippindan “jamoatchilik oldida ozgina do‘stona munosabat namoyish etishni, tanqid megafonini biroz pasaytirishni” istagani aniq edi.
Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Xitoy yordami evaziga hech narsa so‘ramaganini ta’kidlagan.
Turkiyada muxolif deputatlar rahbariyatni vaksina evaziga uyg‘urlarni Xitoyga sotib yuborganlikda ayblamoqda. Deputatlar va uyg‘ur jamoasi Pekin Anqaradan ekstraditsiya haqidagi qonunni qabul qilishini kutmoqda. Qonun qabul qilinsa, yanada ko‘proq uyg‘urlar Xitoyga berib yuborilishi mumkin.
Qanday bo‘lmasin, vaksinaga bo‘lgan ehtiyoj Xitoy vaksinasiga bo‘lgan ishonchsizlikdan yuqori kelmoqda.
“Vaksinalar, ayniqsa G‘arbda ishlab chiqilayotganlari, faqat boy mamlakatlar aholisiga olib qo‘yilmoqda. Biz ham aholimizga vaksinani kafolatlashimiz lozim. Har qanday vaksinani”, - dedi misrlik sog‘liqni saqlash mutasaddisi.