Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:14

Irq, rutba va iztirob: Megan va Harri qirollik oilasidan nega voz kechganini izohladi


Harri va Meganning to‘ylari 2018 - yil mayida Uindsor qasrida o‘tkazilgan.
Harri va Meganning to‘ylari 2018 - yil mayida Uindsor qasrida o‘tkazilgan.

Yakshanba kuni e’lon qilingan intervyusida Harri va Megan o‘z o‘g‘illari terisining rangi borasida Britaniya qirollik saroyida yoqimsiz muhokamalar bo‘lgani, o‘zlarining qirollik himoyasidan mahrum bo‘lishlari va bosimning zo‘ridan Sasseks gersoginyasi hatto o‘zini o‘ldirish xayoliga ham borgani haqida gapirib berishdi.

Harri va Megan Qirol oilasi a’zolari maqomidan voz kechganlaridan so‘ng birinchi marta AQShning mashhur jurnalistlaridan biri Opra Uinfriga intervyu berdi.

Harri o‘zining qirollik oilasi tuzog‘ida bo‘lgani, o‘tgan yili o‘ziga beriladigan moliyaviy mablag‘lar uzib qo‘yilgani va xavfsizligini yo‘qotganini gapirdi.

Uning aytishicha, qirollik oilasi Meganni qo‘llab quvvatlamagan, Megan esa Harriga turmushga chiqishdan avval qirollik oilasi hayoti haqida sodda o‘ylagani, to‘ydan keyin sariq matbuot hujumlari va o‘zi haqida yolg‘on xabarlar ko‘payganini gapirdi.

Qo‘sh irqqa mansub bo‘lgan Megan o‘g‘li Archiga homiladorligida “bola tug‘ilganda terisi rangi qanchalik to‘q rang bo‘lishi haqida gap so‘zlar va xavotirlar” paydo bo‘lgan.

Megan qirollik oilasi nega o‘g‘lining teri rangi haqida bunchalik xavotir olayotganini tushunishga qiynalgan.

Avval Megan Markl nomi bilan tanilgan aktrisa bo‘lmish Megan o‘g‘liga qirollik oilasi vakili rutbasi berilmasligi, bu esa uni xavfsizlikdan mahrum qilishi mumkinligidan qo‘rqa boshlagan.

Uning aytishicha, homiladorlik davri “juda og‘ir” o‘tgan. U o‘g‘lining “shahzoda” rutbasidan ham ko‘ra, xavfsizligidan qayg‘urgan.

“U xavfdan xoli bo‘lishi lozim, – deydi Megan ko‘zi yoshlanib. – Biz uning shahzodalikdan mahrum qilmang demayapmiz. Ammo agar rutba uning himoyasiga ta’sir qiladi desangiz, klikbeyt va sariq matbuot uchun o‘lja bo‘ladigan atrofimizdagi bu dahshatli mashinani biz yaratganimiz yo‘q. Bunga siz yo‘l qo‘yib berdingiz, endi esa o‘g‘lim himoyaga muhtoj bo‘lib qoldi.”

Harri va Megan ikkinchi farzandlari qiz bo‘lishini aytishdi.

Megan ruhiy salomatligi haqida so‘ralganda, o‘zini o‘ldirish xayoliga borgani, so‘ng saroy HR bo‘limidan yordam so‘ragani, ammo ular hech narsa qila olmaymiz deb javob berganini gapirib berdi.

“O‘sha vaqtda bu haqda ularga gapirishga ham, Harriga tan olishga ham uyaldim. Chunki Harri shundog‘am ko‘p yo‘qotishga uchragan edi, – deydi u. – Ammo bu haqda gapirmasam, suitsidgacha borishim mumkinligini bilardim. Aytmadim, shunchaki boshqa yashashni istamayotgan edim.”

Harri ham Meganga bo‘lgan munosabat va o‘zining oilasi bilan munosabatlari uzoq muddatli iz qoldirganini aytdi.

“Qilinadigan ishlar ko‘p, – deb gap boshladi Harri otasi bilan munosabatlari haqida. – Haqiqatda o‘zimni kamsitilgandek his qilyapman. U ham shunga o‘xshash kunlarni boshdan kechirgan. U buning naqadar og‘ir ekanini yaxshi biladi. Archi esa uning nabirasi. Men uni bundan keyin ham juda yaxshi ko‘raman, ammo o‘rtada aziyat beruvchi ko‘p ishlar bo‘ldi.”

Harri 2020 - yil boshlarida zimmasidagi mas’uliyatlardan xalos bo‘lmoqchiligini aytganida qirollik oilasi uni moliyaviy ta’minlashni to‘xtatib qo‘ygan. Ammo u onasi – malika Diana qoldirib ketgan pullar hisobiga oilasini ta’minlay olgan.

Harri xotini Megan bo‘lmaganda qirollik oilasini tark etmagan bo‘lishini, uning Megan bilan munosabati qirollik oilasidagi hayot qanchalik cheklanganini ko‘rsatganini gapirdi.

“Men tuzoqda edim, ammo tuzoqdaligimni o‘zim bilmasdim. Otam ham, akam ham tuzoqda”, - dedi u.

Harri akasi Uilyam bilan yaqin munosabati yo‘qligini tan oldi. Shahzoda Uilyam otasi shahzoda Charlzdan keyin taxtga voris hisoblanadi.

Harri o‘zining buvisi qirolicha Yelizaveta II dan yuz o‘girgani haqidagi mish-mishlarni inkor qildi.

“Men hech qachon buvimdan yuz o‘girmaganman, uni qattiq hurmat qilaman”, - dedi u.

Megan ham qirolichani hurmat qilishini, qirolicha ajoyib inson ekanini aytdi.

Harri va Meganning to‘ylari 2018 - yil mayida Uindsor qasrida o‘tkazilgan, o‘g‘illari Archi bir yil o‘tib tug‘ildi. Ular 2020 - yil martidan qirollik oilasi talablaridan uzoqlasha boshladi, chunki, o‘zlarining aytishicha, bunga Britaniya mediasining gersoginyaga nisbatan irqchi munosabati sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG