Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:43

G‘arb Rossiyaga NATOni kengaytirmaslikni va’da qilganmidi?


Ba’zi miflar bundan bir necha ming yil oldin to‘qilgan.

Ushbu maqolada so‘z yuritiladigan mif – agar u chindan mif bo‘lsa – 1990 - yilga borib taqaladi. Oradan o‘ttiz yildan oshiq vaqt o‘tgach, Moskva va G‘arb aloqalari haqida so‘z ketganda Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu mifni muntazam tilga oladi.

Bu mif NATO alyansining kengayishi haqidadir. Moskva bilan G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar Sovuq urush davridagi holatga tushib qolgan bir paytda bu bitmagan yara yana kun tartibiga chiqdi.

Bu safar ushbu masala ko‘tarilishiga Putinning G‘arbga qarshi g‘azabnok nutqi emas, balki Londonda joylashgan “Chatham House” tahlil markazi 13 - may kuni e’lon qilgan hisobot turtki bo‘ldi. Markaz bu hisobot orqali G‘arb tafakkurini shakllantirgan va "Moskva bilan barqaror va boshqariladigan munosabatlar" o‘rnatishga to‘sqinlik qilayotgan "miflar va xato tushunchalarni" fosh qilmoqchi bo‘lgan.

Hisobotga kiritilgan "miflardan" biri internet sahifalarida qizg‘in munozara keltirib chiqardi. Bu mifga ko‘ra, "Rossiyaga NATO kengaytirilmaydi, deb va’da berilgan".

Hisobotning ushbu "mif" haqidagi bo‘limi muallifi Jon Lox "SSSRga 1990 - yildan keyin NATO kengayishiga cheklov qo‘yilishi haqida hech qachon rasmiy kafolat berilmagan. Moskva mamlakat ichida G‘arbga qarshi konsensusni saqlab qolish maqsadida tarixni buzib ko‘rsatyapti, xolos", deb yozdi.

1987–1992 - yillarda Moskvada Tashqi ishlar vazirligida ishlagan sobiq diplomat Nikolay Sokov bu fikrga qo‘shilmaydi.

"Chatham House maqolasi juda yomon. U [Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi] Markaziy qo‘mitasining Mafkura bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan maqolaga o‘xshaydi", dedi u Ozodlik bilan suhbatda.

"Ammo hozirgi vaziyat oldi olinishi, bu masala hal qilinishi shart bo‘lmagan kichik narsa o‘laroq tarixda qolishi mumkin edi", - dedi Sokov.

"Bu yerda asosiy masala NATOning kengayish uslubi va kengayishni yoqlab keltirgan dalillardir", - dedi u.

Shunday qilib, Sovuq urush yillarida 16 ta a’zosi bo‘lgan NATOga Varshava shartnomasini imzolagan uch mamlakat qo‘shilganidan yigirma yildan oshiq vaqt o‘tib, o‘tmish hozirgi kunga o‘z ta’sirini o‘tkazishda davom etmoqda.

1990‑yillarda AQSh prezidenti Bill Klinton ma’muriyatida Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan Jim Goldgeyer:

"Biz bu masalada hali ham bahslashmoqdamiz, chunki kengayish tarafdorlari ular sharafli yo‘lni tanlab, sovet hukmronligi ostida bo‘lgan millionlab odamga erkinlikka chiqishda yordam berganiga ishonishadi", - dedi.

"Rossiya versiyasiga ko‘ra, G‘arb ularni aldadi, Sovuq urushdan keyingi Yevropadan Rossiyani ajratib qo‘ydi. Bu qarashlarni murosaga keltirish mushkul va hissiyotlar kuchli, chunki Rossiyaning Yevropaning bir qismiga aylanish bo‘yicha 30 yil oldingi umidlari amalga oshmay qoldi", dedi Goldgeyer Ozodlik bilan suhbatda.

"Shunday ekan, hozirda G‘arbni ayblashni istaydiganlar va Putinni ayblashni istaydiganlar bor".

Kun tartibida bo‘lmagan

Sovuq urushni o‘rganib kelayotgan ko‘plab olimlar uchun ushbu qarashning kelib chiqishi eng avvalo katta Jorj Bush davrida AQSh davlat kotibi bo‘lib ishlagan Jeyms Beyker 1990 - yil fevral oyida Moskvaga qilgan tashrifiga borib taqaladi. O‘shanda Beyker Sovet Ittifoqi rahbari Mixail Gorbachyov bilan uchrashgan edi.

Berlin devori qulaganidan uch oy o‘tgan va G‘arb rahbarlari bo‘lingan Germaniyani birlashtirish masalasini ochiq muhokama qilayotgan edi. Agar Germaniya birlashtirilsa, Sharqiy Germaniyaga NATO qo‘shinlari joylashtirilishi yoki yo‘qligi ham kun tartibida edi. Bu esa Moskvani dahshatga solib qo‘ygandi.

Sobiq AQSh davlat kotibi Jeyms Beyker
Sobiq AQSh davlat kotibi Jeyms Beyker

Oradan bir necha yil o‘tib AQSh va Rossiya tomonidan e’lon etilgan stenogrammalarga ko‘ra, Beyker uchrashuv davomida birlashgan Germaniyani NATOning siyosiy va harbiy tuzilmasi tarkibiga kiritish mamlakatni tashkilot doirasi tashqarisida qoldirishdan yaxshiroq bo‘ladi, degan argumentni ilgari surgan.

Harvard universiteti qoshidagi Devis markazining Sovuq urushni o‘rganish loyihasi direktori Mark Kramerning so‘zlariga ko‘ra, "munozara davomida na Beyker, na Gorbachyov NATOga a’zo davlatlar sonini Germaniyadan boshqa Varshava shartnomasi davlatlarini qo‘shish orqali kengaytirish istiqboli haqida gap ochmagan".

"Darhaqiqat, na Vashingtonda, na Moskvada yoki Varshava shartnomasini imzolagan yoki NATOga a’zo mamlakat poytaxtida kun tartibida bo‘lmagan masalani ko‘tarish ularning xayoliga ham kelmagan bo‘lardi", deb yozgan edi Kramer 2009 - yilda.

Gorbachyov Beyker bilan uchrashuvdan bir kun o‘tib G‘arbiy Germaniya kantsleri Gelьmut Kolь bilan uchrashdi. Kramerning tadqiqotlariga ko‘ra, kun tartibida Germaniyani birlashtirish mavzusi Beyker bilan suhbatdagidan ham ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lgan. "Gorbachyov [NATOning kengayishi] masalasida hech qanday va’da berilishini so‘ramagan va unga bunday va’da berilmagani aniq", deb yozgandi Kramer.

Alaloqibat, o‘sha paytda Davlat departamentida ishlagan AQShning sobiq elchisi Stiven Payferning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya Sharqiy Germaniyaga uning o‘ziniki bo‘lmagan NATO kuchlarini joylashtirmaslikka kelishib olgan.

1999 - yilga kelib, ya’ni Germaniya birlashganidan va Sharqiy Yevropadan barcha sovet qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan keyin bir necha yil o‘tib, NATOga bir vaqtlar Varshava shartnomasini imzolagan uchta mamlakat – Polsha, Chexiya va Vengriya qo‘shib olindi.

Mixail Gorbachyov (chapda) va Germaniya kansleri Gelmut Kol 1990 - yil noyabr oyida Bonnda shartnoma imzolash marosimida.
Mixail Gorbachyov (chapda) va Germaniya kansleri Gelmut Kol 1990 - yil noyabr oyida Bonnda shartnoma imzolash marosimida.

Oradan o‘n yil o‘tib, Gorbachyov Germaniyaning “Bild” gazetasiga bergan intervyusida G‘arb Moskvani aldaganidan shikoyat qildi.

"G‘arbdagi ko‘plab odamlar qo‘llarini yashirincha ishqalayotgandi va g‘alaba qozonganini his qilayotgandi. Ular orasida bizga “Sharq yo‘nalishida bir santimetr ham siljimaymiz”, deb va’da berganlar ham bor edi", dedi Gorbachyov.

Ammo keyinchalik Gorbachyov fikrini o‘zgartirdi va aslida NATOni kengaytirish masalasi 1989 yoki 1990 - yillarda umuman ko‘tarilmaganini aytdi.

"“NATO ekspansiyasi” mavzusi umuman muhokama qilinmagandi; o‘sha yillarda bu mavzu ko‘tarilmagandi. Men buni to‘liq mas’uliyat hissi bilan aytyapman. Birorta Sharqiy Yevropa mamlakati bu masalani ko‘tarmadi, Varshava shartnomasi 1991 - yilda o‘z faoliyatini tugatganidan keyin ham", dedi u 2014 - yil oktabr oyida "Kommersant’" gazetasiga bergan intervyusida.

Ozodlik Gorbachyovdan izoh olish uchun u bilan bog‘lana olmadi. Uning matbuot kotibi esa Ozodlik yo‘llagan elektron maktubga hali javob qaytargani yo‘q.

Shartnoma ruhi

Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin NATOning kengayishidan xavotirda edi, ammo oshkor qilingan maxfiy qaydlarga ko‘ra, bunga keskin qarshi bo‘lmagan.

"Biz, albatta, Sharqiy Yevropa davlatlarining NATOga har qanday integratsiyasi o‘z-o‘zidan alyans Rossiyaga qarshi chiqishiga olib kelmasligini tushunamiz", deb yozgan Yelsin 1993 - yil sentabr oyida AQSh prezidenti Bill Klintonga yozgan maktubida. "Ammo bizda jamoatchilik ushbu qadamga qanday munosabat bildirishini hisobga olish kerak".

Ammo Yelsin Germaniyani birlashtirish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida sovet amaldorlariga berilgan kafolatlarni eslatib, "yakuniy kelishuv to‘g‘risidagi shartnoma ruhi... NATO zonasini Sharqqa kengaytirish imkoniyatini istisno qiladi", deb yozgan.

AQSh prezidenti Bill Klinton (o‘ngda) va Rossiya prezidenti Boris Yelsin
AQSh prezidenti Bill Klinton (o‘ngda) va Rossiya prezidenti Boris Yelsin

Oradan to‘rt yil o‘tib, Moskvaning xavotirlarini bartaraf etish maqsadida NATO va Rossiya "Asosiy kelishuv aktini" imzoladi. Unda "NATO va Rossiya bir-birini dushman deb hisoblamasligi" e’tirof etildi. 2002 - yilda NATO va Rossiya kelishmovchiliklarni hal qilish maqsadida qo‘shma konsultativ kengash tuzishga kelishib oldi. Ammo Moskvada ko‘pchilik kengashga samarasiz deb qarardi.

2004 - yilga kelib NATO o‘z tarixidagi eng yirik ekspansiyani boshdan kechirdi va unga Sharqiy Yevropadagi yana yetti davlat, shu jumladan, Sovet Ittifoqi respublikalari bo‘lgan Boltiqbo‘yi davlatlari – Estoniya, Latviya va Litva qo‘shildi. Rossiya yoki Sovet Ittifoqi bilan chegaradosh mamlakat birinchi marta NATOga a’zo bo‘layotgani yo‘q edi, ammo endilikda NATOga a’zo davlat qo‘shinlarini Moskvadan atigi 625 kilometr uzoqlikda joylashtirish imkoni paydo bo‘lgandi.

2007 - yilda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Putin NATOni va AQShni keskin tanqid qildi, alyansni ikki yuzlamachilikda va Rossiyaga tahdid solishda aybladi.

"Menimcha, NATO ekspansiyasining alyansni modernizatsiya qilish yoki Yevropada xavfsizlikni ta’minlash bilan aloqasi yo‘q. Aksincha, bu o‘zaro ishonch darajasini pasaytiradigan jiddiy provokatsiyadir", dedi Putin.

2007 - yilda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO va AQShni keskin tanqid qilgan edi.
2007 - yilda Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO va AQShni keskin tanqid qilgan edi.

"G‘arbiy sheriklarimiz Varshava shartnomasi parchalanib ketganidan keyin bergan va’dalarga nima bo‘ldi? Bugun bu deklaratsiyalar qayerda?" deb so‘radi Putin. Bu savol ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi, chunki bugunga qadar munozaralar asosan Varshava shartnomasi parchalanishidan oldingi va’dalar atrofida aylanib keladi.

Putinning nutqidan bir yil o‘tib, 2008 - yil aprelida Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida tashkilot Gruziya va Ukrainaga tez sur’atda a’zo bo‘lish imkonini berishdan bosh tortdi, ammo ikki mamlakatni ular pirovardida alyansga qo‘shilishlariga ishontirdi.

Oradan to‘rt oy o‘tgach, Rossiya Gruziyaga bostirib kirib, mamlakatning qurolli kuchlarini barbod qildi, allaqachon to‘liq avtonomiyaga ega bo‘lgan ikki viloyatni egallab oldi va Gruziyani NATOga qo‘shib olishga chaqirib kelgan prezident Mixail Saakashvilini mushkul ahvolga solib qo‘ydi.

2014 - yilda Rossiya Ukrainaning Qrim yarim orolini egallab olib, Sharqiy Ukrainadagi ayirmachi jangarilarga moliyaviy va harbiy ko‘mak ko‘rsata boshladi. Rossiya harakatlari ortidan boshlangan urush bugungi kunda ham davom etmoqda. Shu sababdan NATO Rossiya bilan har qanday maslahatlashuvni bekor qilgan.

Rossiya parlamenti Qrim anneksiyasini ma’qullaganidan ko‘p o‘tmay, Putin NATO ekspansiyasi tufayli Rossiya xo‘rlanganini aytdi.

"Ular bizga ko‘p marta yolg‘on gapirishgan, orqamizda turib qaror qabul qilishgan, ish bitganidan keyin bizga xabar berishgan", deb da’vo qildi u.

Mifga ishontirish

Rossiyaning NATO bergan va’dalar haqidagi da’volarini kuchaytirganlar orasida AQShning Sovet Ittifoqidagi so‘nggi elchisi Jek Metlok ham bor. U o‘tmishda Kongressda bergan ko‘rsatmalarida ham, keyingi yillarda ham Gorbachyovga Germaniya birlashsa va NATO tarkibida qolsa, NATO chegaralari sharq tomon siljimasligi haqida va’da berilganini aytib keladi.

Ammo Germaniyaning sobiq elchisi va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, hozirgi kunda Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga rahbarlik qilayotgan Volfgang Ishingerning ta’kidlashicha, Germaniyani birlashtirish bo‘yicha kelishuvlar, shu jumladan, 1990 - yilda imzolangan "2+4" shartnomasida NATOni kengaytirish haqida hech narsa aytilmagan.

"Rossiya “2+4” shartnomasiga binoan Germaniyaning birlashishini qabul qilgani evaziga ularga NATO kengaytirilmasligi va’da qilingani haqidagi mifni muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazib keladi", dedi Ishinger Ozodlik bilan suhbatda.

"Rossiya o‘zini qurbon sifatida ko‘rsatmoqda", dedi u.

Germaniyaning sobiq elchisi va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, hozirgi kunda Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga rahbarlik qilayotgan Volfgang Ishinger
Germaniyaning sobiq elchisi va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, hozirgi kunda Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga rahbarlik qilayotgan Volfgang Ishinger

"1990 - yilda kengaytirmaslik to‘g‘risida qanday va’dalar muhokama qilinganidan qat’i nazar, aniq fakt shuki, Rossiya NATO – Rossiya Asosiy kelishuv aktini imzolaganida yozma ravishda, batafsil shartlar bilan [NATO] kengayishiga rozi bo‘lgan, – dedi Ishinger elektron pochta orqali yozgan maktubida. – Rossiya keyinchalik unga 1990 - yilda turli xil va’dalar berilganini da’vo qila boshlagani ahamiyatli emas. Aslida bu tashviqot va u yomon niyatni ko‘zlaydi!", deb yozdi Ishinger.

Ayni damda Vena qurolsizlanish va qurollar tarqalishi oldini olish markazida ishlayotgan sobiq diplomat Sokovning aytishicha, eng katta masala shundaki, tushunmovchiliklarni ozaytirish uchun NATOning kengayishini yaxshiroq "boshqarish" kerak bo‘lgan.

Yo‘qotilgan imkoniyat?

1999 - yilda sodir bo‘lgan dastlabki kengayish Serbiya kuchlarining Kosovo aholisiga qarshi xurujlarini to‘xtatish maqsadida NATO Yugoslaviyani bombardimon qilayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Bu harbiy kampaniya Rossiyani g‘azab otiga mindirdi. O‘sha paytdagi bosh vazir Yevgeniy Primakov norozilik sifatida AQShga otlangan uchog‘ini Atlantika okeani ustida ortga qaytardi. 2003 - yil AQSh Iroqqa bostirib kirgani Moskva g‘azabini qo‘zg‘agan yana bir omil bo‘ldi.

"Rossiya tashvishlariga bepisand qarab xato qilishdi", deydi Sokov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1997 - yilda imzolangan Asosiy kelishuv akti, shuningdek, 2002 - yilda tashkil etilgan NATO – Rossiya kengashidan yaxshi niyat ko‘zlangan. Ammo u ushbu kelishuvlar "hech qachon ishlamaganini" aytdi, chunki alyans ko‘pincha Moskva bilan maslahatlashmasdan Rossiya yoki mintaqaviy xavfsizlikka ta’sir qiladigan choralarga qo‘l uradi.

"Buning o‘rniga amalda NATO qaror qabul qiladi va keyin Rossiyani qaror yaxshi va qabul qilinishi kerakligiga ishontirishga harakat qiladi. Bu narsa falokatni kafolatlaydi", dedi Sokov.

"Men NATOni kengaytirish va ayni paytda mojaro oldini olish mumkin edi, deb ishonaman. Imkoniyat qo‘ldan boy berildi va bugun biz tobora kuchayib borayotgan mojaroga guvoh bo‘lyapmiz".

Ammo boshqa olimlar uchun muammo manbasi asosan Moskvada, xususan, Putin va Kremlь NATO kengayish tarixini qanday tushunishi va Rossiya jamoatchiligi va G‘arbga o‘z qarashlarini taqdim etish uslubidadir.

“Chatham House” hisoboti mualliflaridan biri va konsultant Keyt Jayls:

"NATO Sharqiy Yevropada hech qanday yangi a’zo davlatlarni qabul qilmaslikni va’da qilib, keyin uni buzgani haqidagi qarash Rossiyaning dushman G‘arb haqidagi qarashlariga kuch bag‘ishlayotgan asosiy g‘oyalardan biridir", dedi.

Bu holat yaqin orada o‘zgarmasligini kutish mumkin.

Sobiq elchi Payfer 2014 - yilda Brukings instituti uchun yozgan maqolasida Putin uchun "G‘arbning Alyansni kengaytirmaslik haqidagi va’dasi, shubhasiz, uning NATOga qarshi pozitsiyasining standart unsuri bo‘lib qoladi", deb yozgan edi.

"Sababi bu narsa Rossiya yetakchisi Rossiyani o‘z harakatlari tufayli emas, balki yolg‘onchi G‘arbning hiyla-nayranglari tufayli jabr ko‘rayotgan, boshqalar tomonidan foydalanib, yakkalab qo‘yilayotgan mamlakat qilib tasvirlashga urinishlarida juda qo‘l keladi", deb yozgandi Payfer.

XS
SM
MD
LG