Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi yordamchisi Bilol Chakichi Turkiston shahrida Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev haykalini o‘rnatish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda rasmiy axborot agentliklari xabar bergan.
Xabarga ko‘ra, Chakichi “Turkiston – Turk dunyosining ma’naviy poytaxti: integratsiya va hamkorlik istiqbollari” onlayn anjumanida Nazarboyevning “turkiy xalqlar birligini mustahkamlash va rivojlantirish”dagi xizmatlarini alohida ta’kidlagan.
“Turk dunyosining ma’naviy poytaxti – Turkiston shahri markazida ushbu shaharga o‘tmishdagi shavkatini qaytarishga, shuningdek, turkiy xalqlar integratsiyasini amalga oshirishda bemisl hissa qo‘shgan inson – Nursulton Abishevich Nazarboyev haykalini o‘rnatishni taklif qilaman. Bu fikr menda u davlat rahbari bo‘lgan yillarida turkiy xalqlar birligi yo‘lida jonbozlik qilgan, qozoq xalqining farovonligi va xotirjamligini, uning mustaqilligini ta’minlashga intilgan bu arbobga, turk olamining donishmand oqsoqoliga ayricha hurmatim vajidan dunyoga keldi”, - degan Chakichi.
Konferensiya ishtirokchilari taklifni “bir ovozdan ma’qullaganlar”.
Qozog‘istonda xalqaro aeroport, universitetlar, maktablar va sport inshootlariga Nazarboyev nomi berilgan. Bundan tashqari, qator ko‘chalar ham uning nomi bilan ataladi. Bir necha shaharda birinchi prezident nomi qo‘yilgan bog‘lar, Nazarboyev muzeylari, poytaxtda esa uning nomidagi kutubxona bor.
Nazarboyev iste’foga chiqqanidan so‘ng, u o‘z o‘rniga qoldirgan Qasim-Jomart Toqayevning prezident lavozimidagi ilk farmonlaridan biri poytaxt Astana shahri nomini Nursulton deb o‘zgartirish haqida bo‘lgan.
Muxoliflari sobiq prezident lavozimdan ketganiga qaramay hamon keng vakolatlarini saqlab qolganini va davlat apparatiga ta’sir etib kelayotganini ta’kidlarkan, mamlakatda Nazarboyev shaxsiga sig‘inish mavjudligini iddao qiladilar.
Qariyb 30 yillik hukmdorlikdan so‘ng 2019 - yilda prezidentlik lavozimini tark etgan Nazarboyev qator vakolatlarini saqlab qolgan. U amaldagi prezident muhim davlat lavozimlariga tayinlovlarni kelishib oladigan tuzilma – Xavfsizlik kengashidan tashqari, mamlakat siyosiy maydonidagi yetakchi kuch bo‘lmish “Nur Otan” partiyasiga ham rahbarlik qiladi.
Nursulton Nazarboyev “elboshi” unvoniga ega bo‘lib, unga va uning oila a’zolariga har qanday fuqaroviy yoki jinoiy javobgarlikdan umrbod immunitet va mulkiy daxlsizlik kafolatlangan.