O‘zbekistondagi xususiy klinikalarda koviddan bir kun davolanish bemorga o‘rtacha 2 mln.so‘mga, bunday klinikalarning jonlantirish bo‘limlarida bir kun yotish esa, kamida 4 mln. so‘mga tushadi.
Davlatga qarashli kovid-markazda davolangan bemorning aytishicha, bir bemorning bir kunlik muolajasi uchun dori- darmonga 400 ming so‘m sarflanadi.
Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik miqdori 2 million 971 ming 100 so‘mni tashkil qilgan.
$10 000 ga tushgan jonlantirish
“O‘tgan kuzda dadamga koronavirus yuqib, og‘irlashib qoldilar. Dadamni xususiy klinikaga yotqizishga majbur bo‘ldik. Do‘xtirlar reanimatsiya bo‘limiga yotqizdi. Reanimatsiyada bir kun yotishi 500 AQSh dollariga tushdi bizga. 20 kun yotdilar dadamlar. Bir necha kun ichidayoq qarzga kirib ketdik. Mayli, nima bo‘lsayam otamni saqlab qoldik. Lekin nega bu qadar qimmat, degan savol meni hanuz o‘ylantiryapti”, - dedi Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan toshkentlik yigit. Uning aytishicha, “o‘ta qimmat dorilarga yana bir necha ming dollar sarflagan”.
Otasini koviddan davolayman deb qarzga botgan o‘g‘il aytgan klinika bilan bog‘lana olmagani uchun Ozodlik bu xususiy kasalxona nomini keltirmayapti.
Kunduzgi statsionarda bir kun yotish 2 mln. 700 ming so‘m
Xususiy klinikalardagi narxlar chindan ham toshkentlik yigit aytayotgan o‘lchamlarda ekanligini bir-ikki muassasadan olingan ma’lumot tasdiqladi.
Masalan, Yunusobod Medical Center xususiy klinikasi telefonini ko‘targan xodima bu muassasada kovid bemorlar davolanishini bildirganidan so‘ng, narxlar to‘g‘risida ma’lumot berdi:
“Bir kun palatada yotish 1 500 000 so‘m, reanimatsiyaga yotqizilsa, 2 milliondan 4 million so‘mgacha”.
Xodimaning aytishicha, 1 500 000 so‘m so‘m to‘lagan bemorga 4 mahal ovqat beriladi, u muolaja uchun kerak bo‘ladigan dori-darmonning 90-95 foizi bilan ta’minlanadi.
AKFA Medline xususiy klinikasi telefonini ko‘targan xodimaning aytishicha, bu kasalxonaning kunduzgi statsionarida davolanish uchun bemor 1 700 000 so‘mdan 2 700 000 so‘mgacha to‘lashi lozim. Narxlardagi tafovut, xodimaning aytishicha, bemorga beriladigan dorilarning miqdori va narxiga bog‘liq.
AKFA Medline xodimasi bu klinikaning jonlantirish bo‘limida yotish necha pulga tushishi to‘g‘risida ma’lumot bermadi. “Reanimatsiya narxini bilmayman, kelib, o‘zingiz gaplashasiz”, - dedi u.
Otasi xususiy klinikaning jonlantirish bo‘limida 20 kun yotishi uchun 10 ming dollar sarflagan o‘g‘ilning aytishicha, o‘tgan yilning kuzida ba’zi xususiy klinikalarning bir kunlik reanimatsiyasi 1000 dollarga chiqqan.
Zangiotada yotganlar necha pullik dori ichadi?
Zangiotadagi kovid-markazda 9 kun (8 tun) yotib, davolanib chiqqan 45 yashar erkak bemor Ozodlikka o‘z kasallik varaqasidan unga berilgan dorilar ro‘yxatini hamda ularning chakana narxlarini yozib jo‘natdi.
Bemorning aytishicha, unga bir kunda o‘rtacha 400 000 so‘mlik dori berilgan, bundan tashqari, u kuniga 3 mahal ovqat bilan ham ta’minlangan.
Agar shu ma’lumotdan kelib chiqilsa, ya’ni dori va oziq-ovqat xarajatlari chiqarib yuborilsa, bemordan bir kunlik muolaja uchun o‘rtacha 2 million so‘mdan olayotgan xususiy klinikalar karavoti uchungina 1,5 million so‘mgacha haq olayotgani tushuniladi.
Iste’molchilar jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati xodimining aytishicha, xususiy klinikalar xizmati, ayniqsa, narxlarning balandligidan shikoyatlar talaygina. Jamiyat rasmiy vakili bu haqda batafsil ma’lumotni keyinroq berishga tayyorligini bildirdi.
Ochiq manbalardan xususiy klinikalar xizmatlari preyskurantini topib bo‘lmadi. Bu muassalalarda shakllangan narxlarni kim va qanday nazorat qiladi? Bu savolga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasidan ham, Davlat soliq qo‘mitasidan ham javob olishning imkoni bo‘lmadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xodimi savolni eshitib-eshitmasdanoq aloqani uzib qo‘ydi.
O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil, 26 - martdagi qarori bilan xususiy tibbiyot tashkilotlariga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga, istisno tariqasida, 2020 - yil 1 - sentabrga qadar tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat berilgan, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishi belgilab qo‘yilgan edi.
O‘tgan yilning avgustida Toshkent shahrida jami 14 ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilgan edi. Shu kunda poytaxtda va umuman mamlakat bo‘ylab qancha xususiy klinika kovid-bemorlarni qabul qilayotgani ma’lum emas.
- O‘zbekistonda 8 - avgust kuni koronavirusga chalingan bemorlardan 6 nafari vafot etgan, shu tariqa pandemiya qurbonlari soni 934 nafarga yetgan.
- Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kecha mamlakat bo‘ylab 856 kishi koronavirusga chalingan, virus yuqtirib olganlarning umumiy soni esa 137 ming 491 nafarni tashkil qilgan.
- Ayni paytda yakshanba kuni Andijon, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridan tashqari barcha hududlarda 795 kishi tuzalib, sog‘ayganlarning umumiy soni 130 ming 906 nafarga yetgan.
- SSV o‘tgan kecha-kunduzda yana 439 nafar kishida pnevmoniya aniqlangani, 5 - iyuldan beri esa 14 ming 942 kishi pnevmoniyaga chalinganini ma’lum qilgan. Bulardan 7 ming 537 nafari sog‘ayib chiqqan, 99 nafari esa vafot etgan.