Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:49

“Dor ul-ulum” rektori Tolibonni pragmatik bo‘lishga chorladi


“Dor ul-ulum” oliy madrasasining 82 yoshli rektori Mavlono Sayyid Arshad Madaniy
“Dor ul-ulum” oliy madrasasining 82 yoshli rektori Mavlono Sayyid Arshad Madaniy

Tolibon amal qiladigan sunniy Islom talqini Hindistonning Uttar-Pradesh shtatidagi Devband shaharchasida joylashgan islomiy o‘quv muassasasi ta’limotiga tayanadi. Tolibonning hokimiyatni boshqarish va qat’iy islomiy tuzum o‘rnatish haqidagi qarashlari shakllanishida ushbu madrasa ta’limoti muhim o‘rin tutgan.

Devband shaharchasidagi taniqli “Dor ul-ulum” oliy madrasasining 82 yoshli rektori Mavlono Sayyid Arshad Madaniy Ozodlikka intervьyu berib, Tolibon tolerant, adolatli va pragmatik bo‘lishiga umid qilishini aytdi.

Madaniy Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni egallab olganini ijobiy hodisa deb biladi, chunki uning fikricha, islomiy harakat mamlakatni xorijliklar istilosidan ozod qildi.

“Ular ko‘pchilik va ozchilik guruhlarni ajratmay, barchaning hayoti, mol-mulki va sharafini himoya qilsalar, ular uchun eshigimiz ochiq”, dedi Madaniy Ozodlik radiosining Gandhara nashri muxbiriga.

“[Tolibon boshchiligidagi hukumat] ko‘pchilik yoki ozchilikni tashkil etadigan odamlarga ikki xil munosabatda bo‘lmasligi kerak, chunki Afg‘oniston ko‘p millatli davlat, u yerda tojiklar va o‘zbeklar pashtu tilida so‘zlashuvchilar bilan yonma-yon yashaydi”, dedi Madaniy.

Tolibon 15 - avgustda Kobulni egallab olganidan keyin tuzgan hukumatdagi yuqori lavozimlarni asosan pashtun mullalar egalladi.

Tolibon tuzgan vazirlar mahkamasiga oz sonli tojik, o‘zbek va hazora tayinlandi. Ayollar, musulmon bo‘lmagan ozchiliklar yoki baluj, nuristoniy va turkman kabi etnik guruhlarning vakillari esa umuman yo‘q.

Qolaversa, Tolibon “inklyuziv” hukumat tuzishni va’da qilgan bo‘lishiga qaramasdan, ularning hukumatida Afg‘onistondagi boshqa siyosiy guruhlar vakillari yo‘q.

Tarixiy aloqalar

Madaniy Hindistondagi madrasada Tolibonning birorta yetakchisi tahsil olmaganini, madrasaning hozirda harakat bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, toliblarning devbandiya harakati bilan tarixiy aloqalari bor. Harakat asoschilari ingliz istilochilariga keskin qarshi bo‘lgan va XX asrning ikkinchi o‘n yilligida quvg‘inda parallel Hindiston hukumatini tuzgan.

Harakat a’zolarining maqsadi Usmonli imperiyasi, duronniylar amiri hamda pashtun qabilalari bilan hamkorlikda Hindistonni inglizlardan ozod qilishdan iborat bo‘lgan.

1916 - yilda inglizlar ushbu fitna haqida xabar topganidan keyin, Madaniyning otasi Mavlono Sayyid Husayn Ahmad Madaniy ustozi va devbandiy ruhoniy Mavlono Mahmud Hasan bilan birga Maltada qamoq jazosini o‘tagan.

To‘ng‘ich Madaniy keyinchalik Mahatma Gandi bilan ittifoq tuzgan va Pokistonning Janubiy Osiyo musulmonlari uchun vatan sifatida tashkil etilishiga qarshi chiqqan, chunki u faqat din asosida milliy davlat tuzilmasligi kerak, deb hisoblagan.

“Bugungi kunda o‘zlarini devabandiy deb ataydigan afg‘onlar bu harakat va quvg‘in qilingan hukumat bilan aloqador bo‘lgan odamlarning bolalari yoki nabiralaridir”, dedi Madaniy Ozodlik bilan suhbatda.

Devabandiya hozirgi Pokiston va Afg‘onistonda keng tarqalgan oqimdir.

Pokistondagi devabandiy ruhoniylari tomonidan tuzilgan siyosiy partiyalar tinch siyosiy jarayonlarda ishtirok etadi. Ulardan farqli o‘laroq, Afg‘oniston toliblari o‘tgan chorak asr mobaynida ikki marta hokimiyatni harbiy yo‘l bilan egallab oldi.

O‘zini devbandiy deb ataydigan pokistonlik sunniy ruhoniylar Hindiston shimolidagi asl devbandiy maktabi bilan deyarli umuman aloqa qilmaydi.

Bunga qaramay, ularning maktablari “Dor ul-ulum” o‘quv dasturiga amal qiladi. Bu dastur islom huquqi, Qur’on tafsiri, ilohiyot, falsafa va Muhammad payg‘ambar hayoti va hadislarni o‘rganishga qaratilgan.

Ushbu tadqiqotlar markazida hozirgi islomiy odatlarni noodatiy “qo‘shimchalardan” tozalash g‘oyasi turadi.

Tolibon rahbarlari va askarlarining aksar qismi Pokistondagi devbandiy madrasalarda tahsil olgan.

Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatidagi eng taniqli devbandiy maktablardan biri hisoblanuvchi “Dor ul-ulum Haqqoniya” maktabi bitiruvchilari Tolibon boshchiligidagi hukumatda ko‘plab yuqori lavozimlarga tayinlandi.

Pokistondagi ayrim devbandiy madrasalarni Saudiya Arabistoni moliyalashtiradi. Ar-Riyod 1980-yillarda Afg‘onistonga bostirib kirgan sovet qo‘shinlariga qarshi kurashgan mujohidlarni qo‘llagan.

Madaniy Tolibon tuzgan hukumatga hech qanday e’tirozi yo‘qligini aytdi.

“Hozirgi dunyoda o‘z mamlakatini tinch o‘zgartirmoqchi bo‘lgan va faqat dindorlardan tashkil topgan hukumatning hech qanday yomon joyi yo‘q”, dedi Madaniy Ozodlik bilan suhbatda.

“Agar ulamolar Islomning insoniyat haqidagi ta’limotini bilsa va hech kimni diniy e’tiqodi tufayli kamsitmasdan ishlay olsa, bu yaxshi ish”.

Madaniy Tolibonning erkaklar va ayollarni ajratish urinishlarini qo‘llab- quvvatlashini aytdi.

“Alloh ayollarning tanasini erkaklarnikidan o‘zgacha qilib yaratgan”, dedi u.

“Ular fitna tug‘dirmaydigan tarzda kiyinishlari kerak”, deya qo‘shimcha qildi u.

Tanqidlar to‘qmog‘i

Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri xalqaro tanqid va ichki qarshilikka duch kelmoqda.

Ishi, ta’limi, erkin harakat qilish huquqi hamda jamoat hayotida ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘lishidan xavotirga tushgan afg‘onistonlik ayollar norozilik namoyishlariga chiqdi.

Tolibon 1990-yillarning ikkinchi yarmida ayollarga o‘qish va ishlashni taqiqlab qo‘ygandi. Shuningdek, jangari guruh hukmronligi davrida ayollarga mahramsiz ko‘chaga chiqish man etilgandi.

O‘tgan haftada Tolibon o‘g‘il bolalar va erkaklarning o‘qishga qaytishiga ruxsat berdi, ammo qizlar uchun o‘rta maktab va oliy o‘quv yurtlarini ochishni kechiktirdi. Bu esa afg‘on ayollarining xavotirlarini yanada kuchaytirdi.

Madaniy Hindistonda ko‘plab universitet va minglab kollejda faqat ayollar tahsil olishini aytdi.

“Agar mamlakatimizda buning iloji bo‘lsa, Afg‘oniston hukumati ham xuddi shunday yo‘l tutishni xohlashining nimasi yomon?” deb so‘radi u.

“Agar Afg‘oniston hukumati buni amalga oshira olsa, bu qizlar uchun ta’lim eshigi ochilganini anglatadi”.

Madaniy Tolibonni dunyo bilan tinch va o‘zaro foydali aloqada bo‘lishga undadi.

“Ular zamonaviy dunyoda yashashning barcha yo‘llarini sharaf va salobat bilan qabul qilishlari kerak”, dedi u.

“Tolibon dunyo bilan aloqa o‘rnatishi va mamlakatlarini rivojlantirishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishlari kerak”.

Bunga qaramay, Madaniy Tolibon yetakchilarini qabul qilishga oshiqmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, devbandiy maktabi eshiklari faqat Hindiston hukumatidan talabalik vizasini olgan afg‘onistonlik talabalar uchun ochiq.

Shuningdek, u Tolibonga maslahat berish uchun Afg‘onistonga borishni istamaydi.

“82 ga chiqdim. Hatto masjidga borolmayman. Afg‘onistonga qanday boray?”

XS
SM
MD
LG