Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:44

Qirg‘izistonda “dori-darmon mafiyasi” haqida gapirilmoqda. Bir kishi qo‘lga olingan


Illyustrativ foto
Illyustrativ foto

Qirg‘iziston maxsus xizmatlari sog‘liqni saqlash sohasida tizimli korrupsiya fosh etilganini e’lon qildi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) dori-darmon ishlab chiqarish shirkatlarining ombor va ofislarida tintuv o‘tkazdi.

Dori-darmon mafiyasi

MXDQ raisi Qamchibek Tashiyev davlat mulozimlari va shifokorlarning farmatsevtika mafiyasi fosh qilinganini aytdi. Bu haqda u Oloy tumanida MXDQning yangi binosi ochilishi chog‘ida ma’lum qildi.

Qamchibek Tashiyev
Qamchibek Tashiyev

“Kecha menga Qirg‘izistonda dori-darmon ishlab chiqaruvchilar mafiyasi mavjudligi haqida bildirishdi. Bizda dorilar uch karra, ayrimlari hatto o‘n baravar qimmat sotiladi. Bular bari qasddan qilinmoqda, farmatsevtika mafiyasi a’zolari davat amaldorlari va shifokorlardan iborat. Biz ularni fosh etdik. Dushanba kuni bu haqda jamoatchilikka axborot beramiz”, degan edi o‘z nutqida Tashiev.

Va’da qilinganidek, 27 - sentabr kuni MXDQ mamlakatga import dori vositalarini olib kirib, kasalxonalar orqali haddan ziyod qimmat narxlarda sotish bilan shug‘ullanuvchi farmatsevtika shirkatlari faoliyati haqida rasmiy bayonot berdi. Maxsus xizmatlar shirkatlarning omborxona va ofislarida tintuv o‘tkazgan, ikki xil buxgalteriya hisobi yuritilganini tasdiqlovchi moliyaviy hujjatlar musodara qilingan.

“Tergov davomida mazkur shirkatlar dori vositalarining qimmat turuvchi analoglarini sog‘liqni saqlash tizimi orqali pora evaziga o‘tkazib, savdo-sotiqning qonunga xilof usullaridan foydalangani va nohalol raqobat qilganini tasdiqlovchi dalillar olindi. Ish bo‘yicha olingan dalillardan kelib chiqib, ushbu shirkatlarning rahbarlaridan biri bo‘lmish A.V. qo‘lga olindi”, deyiladi Qo‘mita xabarnomasida.

MXDQ qo‘lga olingan fuqaroning to‘liq ismini va qaysi shirkatning omborlarida tintuv o‘tkazilganini e’lon qilganicha yo‘q. Ammo gumonlanuvchi tergov hibsxonasiga qamalgani ma’lum. Bishkek shahri Birinchi may tumani sudi farmatsevtika shirkatlari bilan bog‘liq faqat bitta ish ko‘rilayotganini bildirdi:

“Bishkek shahri Birinchi may tumani sudi tomonidan 2021 - yil 24 - sentabrda gumonlanuvchi V. Afandiyevni 2021 - yil 23 - noyabrgacha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tergov hibsxonasida qamoqda qoldirish haqida qaror qabul qilindi.”

Bundan tashqari, maxsus xizmatlar qayd etishicha, ushbu shirkatlar guruhi o‘zaro til biriktirib va nazorat qiluvchi davlat organlari ayrim mansabdor shaxslarining homiyligi ostida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlagan. Dori-darmon bilan savdo qilishga ruxsatnoma berish va bu sohani nazorat qilish Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligi vakolatiga kiradi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Jaloliddin Rahmatullayev dori preparatlari ta’minoti qonun doirasida yo‘lga qo‘yilganini aytmoqda:

Jaloliddin Rahmatullayev
Jaloliddin Rahmatullayev

“Aniq dalillar bo‘lganida ochiq-oydin aytishardi. Bizga hech qanday ma’lumot kelgani yo‘q. Birorta shifokor yoki kasalxona nomi tilga olinmadi. Balki, tergov ketayotgandir. Ammo dori-darmon ta’minoti “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun doirasida olib boriladi. U dori-darmon ishlab chiqaruvchi shirkatlar ishtirok etishi mumkin emas. Biz boshqa hech nima deya olmaymiz.”

Mahsulot bir xilnarxi har xil

Bishkeklik Nurlan Shodmonov – aptekalardagi narx-navodan norozi minglab fuqarolardan biri. O‘tgan hafta oyog‘i lat yeganida u Bishkek Travmatologiya va ortopediya markaziga murojaat qilgan edi. Nurlan shifokor yo‘llagan dorixonadan cho‘ziluvchan bintni 400 somga sotib olgan. Ertasi kuni bilsa, bu bint boshqa aptekalarda atigi 150 som turar ekan.

“Meni ko‘rib qo‘ygan vrach kasalxona darvozasi yonidagi dorixonadan bint sotib olib kelishni buyurdi. Borsam, bint uchun 400 som so‘rashdi. Menga ikkita kerak edi. Pulim etmagani uchun bitta olaqoldim. Oyog‘im lo‘qillab og‘rib turganidan keyin sotib olmay nima ham qolardim? Ertasiga uyimiz yaqinidagi aptekada so‘rasam, xuddi shu bint narxi 150 som ekan. Bir xil mahsulot turli bahoda sotilayotganidan hayron qoldim. Va jahlim chiqdi”, hikoya qiladi Shodmonov.

Qirg‘iziston mamlakat aholisi uchun zarur dori-darmonning atigi 3 foizini o‘zida ishlab chiqaradi, qolgani Rossiya, Hindiston, Germaniya va Turkiyadan import qilinadi. 2020 yilda Qirg‘izistonga chetdan jami 839 mln somlik dori-darmon keltirilgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki olti oyidayoq import dori-darmon hajmi 855 mln somni tashkil qilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi dorilar narxini to‘liq nazorat qila olmaydi.

Vazirlikning Dori-darmon ta’minoti boshqarmasi direktori Timurlan Kisanov bu to‘g‘rida shunday izoh berdi:

“Yaqinda hukumatning 570-sonli qarori chiqdi. Mazkur hujjatga ko‘ra, koronavirus tarqalishiga qarshi kurash uchun mo‘ljallangan va imtiyozli bahoda sotiladigan dorilar ro‘yxatini shakllantiramiz, ro‘yxatda dorilar narxlari ham ko‘rsatiladi. Ushbu dorilar turlari mingga yaqin. Shu tariqa ayrim dorilarning narxini aniqlashtirsa bo‘ladi. Har bir bemor mobil ilova orqali ularning bahosini bilib olishi mumkin bo‘ladi. Ammo biz hamma narsaga aralasha olmaymiz. Aks holda ayrim shirkatlar dori preparatlari yetkazib berishdan bosh tortishi mumkin.

Kisanov tilga olgan mobil ilova aynan qachon ishga tushishi aniq emas. Vazirlik bir necha yildan beri dori vositalarining elektron-axborot bazasini yaratishga urinmoqda. Agar u ishga tushirilsa, fuqarolar ishlab chiqaruvchi mamlakatdan tortib dorilarning yakuniy narxigacha – butun ma’lumotni bilish imkoniyatiga ega bo‘lur edi.

Narx-navo – asosiy muammo emas

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dori-darmon yetkazib berish bilan Qirg‘izistonda 200 dan ziyod shirkat shug‘ullanadi. Aptekalar soni esa 3200 dan ortiq. Aksariyati Bishkekda joylashgan.

“Gepatitga yo‘l yo‘q” jamoat birlashmasi rahbari Nurg‘ozi Botirbekovning aytishicha, narx-navodan ham muhimroq masala bor: birinchi galda dori-darmon sifatini oshirish ustida bosh qotirish kerak.

“Qamchibek Tashiyev ayrim dori preparatlari 10 baravar qimmat sotilayotganini aytyapti. Ammo bizda narx-navoni tartibga soluvchi qonun yo‘q. Xo‘sh, ularni nimaga asosan javobgarlikka tortishmoqchi? MXDQning xatti-harakatlari menga populizm bo‘lib ko‘rinyapti. Shunday ekan, aybdorlar 50-60 ming som jarima bilan qutulib ketsa, sira ajablanmayman. Nazorat mexanizmi bo‘lmaganidan keyin xohlagan baholarida sotaverishadi-da. Bunga hech kim to‘sqinlik qila olmaydi. Undan ko‘ra kontrabanda yo‘li bilan keltiriladigan sifatsiz dorilar muammosiga e’tibor qaratish kerak. Har kuni Qirg‘izistonga bunaqa dorilardan tonnalab olib kiriladi. Ular qayerda va kim tomonidan ishlab chiqarilganini hech kim bilmaydi. Mutasaddi rahbarlar aybi bilan xalqimiz sog‘lig‘ini yo‘qotmoqda”, deydi u.

Nurg‘ozi Botirbekov fikricha, dori-darmon biznesida hukumatning, Jogorku Kenesh deputatlarining va tibbiyot sohasi mulozimlarining qo‘li bor. Shu bois u mazkur soha yaqin yillarda tartibga solinishiga ishonmasligini aytadi.

XS
SM
MD
LG