Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:42

"Raqobat yo‘q". O‘zbek muxolifati YeXHTning saylovlarni kuzatish qarorini savol ostiga olmoqda


2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini baholagan YeXHT missiyasi “nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini bosolmagani”ni ta’kidlagan edi. 
2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini baholagan YeXHT missiyasi “nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini bosolmagani”ni ta’kidlagan edi. 

O‘zbekistonda prezidentlikka nomzodlar o‘rtasida raqobat yo‘q, yuzma-yuz munozara kurashi ko‘zga tashlanmaydi.

Bu haqda O‘zbekistondagi prezidentlik saylovini kuzatayotgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining kuzatuvchilar missiyasi dushanba kuni e’lon qilgan oraliq hisobotida aytiladi.

Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston saylov qonunchiligini isloh qilish jarayonida DIIHBning qator tavsiyalarini inobatga olgan, ammo fundamental huquq va erkinliklarni himoya qilish, saylov huquqlarini cheklash va mustaqil nomzodlarni ko‘rsatishga taqiqlarni olib tashlash bilan bog‘liq tavsiyalar bajarilmagan.

DIIHB hisobotida, shuningdek, jurnalist va blogerlarni qo‘rqitish va ta’qib qilish, OAV uchun taqiqlashga moyil qonun hujjatlari va ba’zi xalqaro OAV organlari va inson huquqlari tashkilotlarining veb-saytlarini yopish kabi hanuz davom etayotgan amaliyotlar borasida ham shikoyatlar bo‘lgani aytilgan.

YeXHT o‘tgan oy Ouen Merfi boshchiligidagi 26 davlatdan tanlab olingan kuzatuv missiyasini O‘zbekistonga jo‘natgandi.

Tashkilot Islom Karimov boshqaruvi davrida O‘zbekistondagi parlament va prezident saylovlariga cheklangan yoki baholovchi missiyasini yuborish bilan kifoyalangan, ammo Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan 2016 - yil dekabridagi prezident hamda 2019 - yildagi parlament saylovlariga to‘laqonli kuzatuvchilar guruhini yuborgan edi.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini baholagan YeXHT missiyasi “nisbatan erkin matbuot muxolifatning o‘rnini bosolmagani”ni ta’kidlagan.

Ammo o‘tgan saylovlardagi ushbu muhim kamchilik, aftidan tashkilotning 24 - oktabrda o‘tadigan prezident sayloviga to‘laqonli missiya yuborishiga to‘sqinlik qilmagan ko‘rinadi.

Ozodlik YeXHT o‘z hisobotidagi oldindan ma’lum kamchiliklar, jumladan siyosiy raqobat muhiti yo‘qligiga qaramasdan, nega to‘laqonli hay’at yuborgani haqidagi savol bilan Toshkentdagi YeXHT missiyasi rahbari Ouen Merfiga murojaat qildi, ammo hanuz javob olgani yo‘q.

“Saylovsiz saylov”

Ayni paytda saylovlardan chetlatilgan o‘zbek muxolifati vakillari tashkilotning oraliq hisobotidagi tanqidlarni olqishlagan holda, uning O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish qarori borasida turlicha fikr bildirishmoqda.

Shu yil yozida O‘zbekiston Adliya vazirligi "imzo to‘plashdagi kamchiliklar" vajidan ro‘yxatga olishni rad etgan “Xaqiqat va taraqqyot” sotsial-demokratik partiyasi rahbari, professor Xidirnazar Allaqulov Ozodlik bilan suhbatda YeXHT kuzatuv missiyasi xulosasini olqishdi:

“YeXHT bir so‘z bilan aytganda, saylov emas bu, debdi. Bu g‘irrom saylov ekani oldindan ma’lum edi. Mening fikrim shundayki, ular shu holatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi. Ko‘rishsin, bu saylov aslida saylov emasligini. Shu jihatdan qaraganda, kuzatuvchi bo‘lgani, ko‘p bo‘lgani yaxshi. Xalq norozi ekanini ko‘rsin. Ularning to‘g‘ri xulosasi zarur”, - deydi Allaqulov.

Saylovlarda ikkinchi muddatga saylanishi kutilayotgan amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev ovoz berish jarayonlari barcha xalqaro andozalarga mos va demokratik tarzda o‘tishini aytgan. O‘zbek rasmiylari saylovlarga muxolifat qo‘yilmagani. saylovchilar haqiqiy tanlov imkoniyatidan mahrum ekani haqidagi tanqidlarni rad etishadI.

O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev o‘tgan oy Londonga safari chog‘ida saylovlar so‘z erkinligi va demokratik o‘zgarishlar muhitida o‘tayotganini iddao qilgan.

Bi-Bi-Si muxbirining "Nega O‘zbekistonda aftidan tabiiy tarzda yetilgan yangi muxolif partiya - "Haqiqat va taraqqiyot" partiyasi nomzodi Xidirnazar Olloqulov saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilmadi?", degan savoliga Safoyev:

"Bu partiya kerakli ovozlarni yig‘olmagan. Qolgan narsalarni muhokama qilish mumkin. Lekin qonun talablari bajarilmagan bo‘lsa, hech kim ko‘zini yumib, mayli bajarmabdi, demaydi.... Bugun O‘zbekistonda hamma tushunadi, muxolifat bu jamiyat rivoji faktorlaridan biri. Muxolifatsiz, tanqidsiz, muqobil fikrlarsiz jamiyat rivojlanolmaydi. Men sizga aytishim kerakki, O‘zbekiston muxolifatdan manfaatdor. Qonun talabiga rioya qiladigan muxolifatdan. Bugun hech kim muxolifatni qo‘poruvchi kuch, deb o‘ylamaydi, agar kim shunday o‘ylasa, noto‘g‘ri", deya javob qaytargan edi.

Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi avvalroq prezident saylovini "tomosha" deb atab, uni boykot qilishga chaqirgan edi. Partiya rahbari Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda YeXHT oraliq hisobotidagi xulosaga qo‘shilishini aytarkan, tashkilotning O‘zbekistonga to‘laqonli kuzatuvchilar guruhini yuborish qarori o‘zi uchun tushunarsiz ekanini bildirdi.

“YeXHT juda to‘g‘ri xulosa bergan. Hech qanaqa raqobat yo‘q, saylovsiz saylov. Lekin, meni hayron qoldirgan narsa, bu -tashkilotning O‘zbekistonga katta kuzatuv missiyasini jo‘natgani bo‘ldi. Ya’ni bugungi erkin bo‘lmagan saylovni, saylovsiz saylovni bu bilan legallashtiryapti. YeXHT o‘zining to‘laqonli hay’atini yuborish bilan bu saylovga legitim bir maqom beryapti. Bunday qilmasligi kerak edi, zotan bu saylovning oldingilaridan hech farqi yo‘q”, - deydi Muhammad Solih.

"Bosimlar"

Shu yil boshida muxolifatdagi “Erk” partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodini ilgari surishini e’lon qilgan, keyinroq o‘zi va yaqinlariga bosimlar tufayli siyosatdan chekinishini aytgan sobiq xonanda Jahongir Otajonov saylov arafasida bosimlar kuchayganini aytmoqda.

8 - oktabr kuni YouTube kanalida e’lon qilgan videosida Otajonov o‘zi va ota-onasi doxil barcha yaqinlari kuzatuvga olingani, "butun mol-mulki kuch ishlatar tizimlarning nazorat ostida" ekanini aytadi

“Erk” partiyasi raisi Muhammad Solih hozirda Jahongir Otajonov uning partiyasini tamsil etmasligi, ammo u va boshqa faollarga qarshi bosimlarni qoralashlarini aytdi.

“Biz albatta, Jahongir Otajonga bo‘layotgan bosimlarni qoralaymiz. Lekin shuni aytishim kerak, biz uni partiyadan nomzodlikka ko‘rsatganmiz, lekin u bosimlardan so‘ng nomzodlikdan voz kechdi. Hozir “Erk” va Otajonov o‘rtasida bog‘liqlik yo‘q. Saylovoldi tazyiqlari davom etyapti. Partiyamiz faollaridan Rahmiddin Abrayev yaqinda qamoqqa olindi”, - deydi Muhammad Solih.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik sanasining 30 yilligida qilgan chiqishida, "bo‘lg‘usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi va yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etishiga ishonishi"ni aytgan.

Mirziyoev 2019 - yilda "muxolifatga qarshi emasligi, ammo u mamlakat ichidan chiqishi kerakligi"ni aytgan, biroq o‘tgan vaqt davomida Adliya vazirligi bironta ham yangi siyosiy partiyani ro‘yxatga olmadi.

2020 - yil 10 - yanvarida "Erk" faollaridan bir guruhini qabul qilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "Erk" partiyasi tarixda qolgani"ni aytib, hukumatning uni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish rejasi yo‘qligini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG