Jizzax viloyat, Zomin tuman, Dashtabod shaharchasidagi avtomobil yo‘lida 13-mart kuni tushdan keyin sodir bo‘lgan avtohalokatda bir oilaning 8 nafar a’zosi halok bo‘ldi.
Halok bo‘lganlarning uch nafari 5, 7 va 10 yoshdagi bolalardir.
Dashtobod-Zomin yo‘lida harakatlanayotgan “KIA” rusumli avtomobil haydovchisi boshqa mashinani katta tezlikda quvib o‘tish jarayonida boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi tomondan kelayotgan “Neksiya” avtomobiliga borib urilgan.
Mudhish yo‘l-transport hodisasi guvohlari va Jizzaxdagi manbalar avtohalokatni sodir qilgan “KIA” avtomobili haydovchisi 15 yashar Ibrohim Abdukarimov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilasiga qarindoshligini iddao qilmoqda.
Ismi sir qolishini so‘ragan hodisa guvohlaridan birining aytishicha bu avtohalokat uning uyiga yaqin joyda sodir bo‘lgan.
“Men voqeadan taxminan besh minut o‘tib o‘sha joyga yetib bordim. Juda ham dahshatli manzarani ko‘rdim. “KIA” haydovchisi, yosh bir bola ekan. Uni darhol boshqa bir moshinaga o‘tqazib, kasalxonaga olib ketishdi. Neksiyadagilarga esa qarab bo‘lmasdi. “Tez yordam” kelib, ularni ham olib ketdi”.
Ozodlikka yuborilgan, kuzatuv kameralaridan biridan olingan tasvirga ko‘ra, oq rangli “Neksiya”ni o‘ng tomondan katta tezlikda quvib o‘tgan “KIA” avtomobili boshqaruvni yo‘qotib qarama-qarshi tomonga chiqib ketadi va qora rangli “Neksiya”ga kuchli zarb bilan uriladi.
Ozodlik qo‘lga kiritgan, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i B. Xolmurzayevning Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuborgan “bildirgi”sida bu avtohalokatda 8 kishi halok bo‘lgani va bir kishi tan jarohati olgani yozilgan.
“Bildirgi”ga ko‘ra, Zomin tumani Xolqabod MFYda yashaydigan 60 yashar Xo‘jam Bekmurodov, uning xotini, o‘g‘li bilan kelini, uch nafar nevarasi va akasining o‘g‘li(“Neksiya” haydovchisi), jami “Neksiya” avtomobilida bo‘lgan 8 kishi vafot etgan.
“KIA” haydovchisi, 15 yashar Ibrohim Abdukarimov bosh miya lat yeyishi, o‘ng son suyagi va chap boldir suyaklari yopiq sinishi kabi jarohatlar bilan reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Zarbdor tumani davlat idoralaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasining aytishicha, o‘n besh yashar haydovchi Ibrohim Abdukarimov prezident amakivachchasi, ayni paytda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining yuqori martabali mulozimi ekani ishoniladigan Muxtor Mirziyoyev qayinsinglisining o‘g‘lidir.
Bu iddaoni ismi sir qolishini so‘ragan Zomin tumanidagi MFY raislaridan biri ham tasdiqladi:
“Ibrohim degan bola Eldor Mirziyoyevning(Muxtor Mirziyoyevning o‘g‘li - tahririyat) onasini singlisining, ya’ni xolasining o‘g‘li. Bizda "bo‘la" deyishadi. Ibrohimning dadasi Vahobiddin viloyat gaz tashkilotida ishlaydi. O‘sha kuni Ibrohim onasini Dashtobod shahridagi Mirziyoyevlarning yana bir qarindoshi, ikki yil avval kovid tufayli olamdan o‘tgan marhum bozorqo‘m No‘’mon Egamberdiyevning uyiga tashlab qaytayotgan bo‘lgan. Bozorqo‘mning uyida qanaqadir ma’raka bo‘layotgan ekan”.
Avtohalokatda vafot etgan, “Neksiya” avtomobili haydovchisi Ismat Begmurodovning akasi Hasan Begmurodov, aybdor jazosini olishi kerak deb ishonishini aytadi:
Sakkizta qabr o‘zi bo‘lmayapti, bu jazosiz qolmaydi
“O‘n besh yashar bolaga rul berib qo‘yish yaxshi emas. Uch oilani nobud qilyapti. Sakkizta qabr o‘zi bo‘lmayapti. Bu jazosiz qolmaydi. Xudo xohlasa, yopiqligicha qolmaydi”.
Ozodlik Zomin tumani ichki ishlar bo‘limiga bog‘lanib, bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan-ochilmagani to‘g‘risida ma’lumot so‘radi. Mulozim Jizzax viloyat IIB matbuot xizmatiga bog‘lanishni maslahat berdi.
Jizzax viloyat IIB matbuot xizmatining saytda ko‘rsatilgan telefoni Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.
Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hodisa sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, bu haqda o‘zining Telegram-kanalida xabar tarqatdi:
“2022-yilning 13-mart kuni taxminan soat 14.50 da Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahri hududidan o‘tuvchi Dashtobod – Zomin – Supa – Baxmal – G‘allaorol 4R-40 yo‘lining 2-kilometrida “KIA K5” va “Neksiya-2” avtomashinalari to‘qnashishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Yo‘l-transport xodisasi ishtirokchilaring 2 nafari voqea joyida hamda 6 nafari shifoxonaga yetkazilgandan so‘ng ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etganlar. “KIA K5” rusumli avtomashina haydovchisi I.A. yo‘l-transport hodisasidan olgan tan jarohatlari bilan Zomin tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan”.
Xabarga ko‘ra, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
266-modda “Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” deb ta’riflanadi.
Moddaning 3-qismi “a” bandi esa:
O‘sha qilmish:
a) odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa, —
muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Rasmiy xabarda haydovchining yoshi ko‘rsatilmagan. Ozodlikning rasmiy izoh olish maqsadida O‘zbekiston IIV matbuot xizmati bilan bog‘lanishga urinishlari hozircha natija bermadi.
Advokat Umid Davletovning aytishicha, O‘zbekistondagi qonunchilikka binoan, voyaga yetmagan shaxs jinoyat sodir qilsa, qamoq jazosidan qutulib qolishi mumkin:
“O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 85-moddasiga ko‘ra, “voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi olti oydan o‘n yilgacha muddatga tayinlanadi. Lekin o‘sha moddaning davomida yana shunday talab bor. Voyaga yetmay turib ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etgan, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan yoxud qasddan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlanmaydi. Hozir bu bolaga nisbatan 266-modda qo‘llanilyapti, bu ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etganga kiradi. Bunday shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanmaydi, deb kodeksda ko‘rsatilyapti”.
Advokatning aytishicha, bolaning ota-onasi avtomobilning kalitini berib qo‘ygani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalasi izdan chiqib ketganini ta’kidlagan edi:
"Bu biz uchun katta fojia emasmi? Bir yil ichida 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, 2,5 mingdan ortiq odam halok bo‘lyapti. Fojia bu!"
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yildagi avtohalokatlarda, jumladan, 263 nafar bola ham halok bo‘lgan.
Ozodlikda Jizzaxda 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan transport hodisasini sodir etganlikda gumon qilinayotgan 15 yashar Ibrohim Abdukarimovning prezident Mirziyoevga qarindoshligini tasdiqlovchi rasmiy hujjat mavjud emas. Ozodlik hodisa tafsilotlari yuzasidan rasmiylarning izohlariga ochiq.
Bundan avval prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarov boshqarayotgan mototsikl 2021-yilning 13-fevral kuni Toshkentdagi Pushkin metro stansiyasi yaqinida yo‘l chetidagi beton bordyurga urilib, qattiq jarohat olgan va Janubiy Koreyada jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.
Bundan avval 2019-yilning 19-iyul kuni Otabek Umarov Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati tomonidan poytaxt ko‘chalarida tezlikni oshirgani uchun ma’muriy jazoga tortilgan.
2019-yilning 6-avgustida xalq orasida “Prezident trassasi” nomini olgan Toshkentning Pushkin metro stansiyasi yaqinidagi Mustaqillik ko‘chasida Otabek Umarovga tegishli Nissan GT-R R35 rusumli oq rangli sportkarda yo‘l-transport hodisasi sodir etilgani xabar qilingan.