Qoraqalpog‘istondagi Ellikqal’a tumanining 44 nafar fermeri “Bo‘ston Klaster” MChJ faoliyatidan norozi bo‘lib, mustaqil qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasi tuzib, ishni boshladi.
Kooperatsiyaga uyushgan fermerlar, davlatdan biror so‘m kredit olmasdan, o‘z imkoniyatlari bilan paxta yetishtirish va uni birjada mustaqil sotishni maqsad qilganlar.
Ammo fermerlarning aytishlaricha, tuman hokimligi mulozimlari ularni alohida-alohida chaqirib, klaster bilan shartnoma qilishga majburlamoqda.
Tuman hokimi Seydamat Avezov Ozodlik bilan suhbatda fermerlar majburlanayotganini inkor qilib, ularning “muvaffaqiyatli ishlashini ta’minlash maqsadida” klaster bilan shartnoma imzolash tavsiya qilinayotganini aytdi.
Ellikqal’a tumanidagi 44 fermer joriy yilning fevral oyida o‘zlari mustaqil kooperatsiya tashkil qilib, unga “Oltin tola Bo‘ston” ishlab chiqarishi kooperativi degan nom berdi.
Kooperativ 2022-yilning 4-fevral kuni Ellikqal’a tumani Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ro‘yxatga olindi.
Fermerlar “Bo‘ston Klaster” MChJ paxtani juda arzon narxda olganidan norozi bo‘lib mustaqil ishlash maqsadida kooperativga birlashganini aytmoqdalar.
Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash fondidan bir so‘m olmay, o‘zlarining mablag‘lari bilan chigit ekishni boshlagan fermerlarning iddao qilishlaricha, tuman hokimi va uning qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, fermerlarni klasterga qaytarish uchun bosim o‘tkazmoqda:
“9-apreldan 10-aprelga o‘tar kechasi tuman hokimi va uning o‘rinbosari kooperativga birlashgan 7-8ta fermerni chaqirib, boshqa bir klaster “Ellikqal’a oltin tolasi klaster” MChJ bilan shartnoma qilishga majburlashgan. “Kooperatsiyani to‘xtating bu ishlaringiz bo‘lmaydi, G‘aniyev yig‘ilishi qarori chiqqan, svodkada ketib qoldi, G‘aniyev selektorda meni yomon qildi, tumanning nomi yomon bo‘lib chiqmasin, mana yangi klaster bilan shartnoma tuzinglar", deb hokimimiz do‘q urdi. Keyin o‘rinbosariga va tuman Agroinspeksiya boshlig‘i Davlat og‘aga bizning oldimizda, o‘z kabinetida topshiriq berdi: "ertalabgacha Kooperatsiyaga a’zo bulgan barcha fermerlarga klaster bilan shartnoma tuzdiringlar!”
Fermerlarning aytishlaricha, tuman hokimi Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning tumandagi fermerlarni klasterlarga birkitib berish haqidagi g‘ayriqonuniy farmoyishini bajaraman deb, ongli ravishda prezident farmonini buzmoqda:
“Fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy birlashishi asosida paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizomning 9-bandida "davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari kooperatsiyaning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishiga haqli emas", deb yozilgan. Ammo bizning hokimlar prezident imzolagan farmondan emas, Shuhrat G‘aniyevning noqonuniy buyruqlaridan qo‘rqadi”.
Fermerlar nega kooperativga birlashdi?
Ozodlik suhbatlashgan fermerlarning aytishlaricha, klaster bilan ishlab, haq-huquqlari poymol bo‘laverganidan bezgach, kooperativga birlashish qaroriga kelishgan:
“2020-yil 6-martdagi prezident qarori bilan uchtadan ortiq fermer mustaqil kooperativ tuzishi mumkinligi yozilgan. Avvaliga 3 kishi, keyin to‘rt va bir oyda 44 fermer birlashdik. Biror so‘m kredit olmadik. Kimdir moshinasini sotib pul qo‘ydi, kimdir molini sotib, kimdir qarzga olib. Xullas, o‘z kuchimiz bilan ishni boshladik. O‘g‘it, yonilg‘i muammosini yechib oldik, paxta ekyapmiz. Shaxsiy mablag‘imizni kooperatsiyaga yig‘ib paxta tozalash zavodi va chigitni qayta ishlash zavodi quramiz, paxtamizni birjada sotamiz, degan rejalarimiz bor. Ammo bizni tinch qo‘yishmayapti”.
Fermerlarning “Bo‘ston Klaster” MChJ faoliyatidan norozi bo‘lishining sabablari bunday:
“Shartnomadan ortiqcha yetishtirilgan paxta xom ashyosi uchun qo‘shimcha haq tushmadi, ko‘pchilik klasterlar 30% ustama haq to‘ladi.
-paxtani tashib keltirish xarajatlarini 3 marotaba kam, 2019-yilning kalkulyatsiyasi bilan to‘lagan;
- 2021-yilda yonilg‘ining bir litri yil boshida 5 yarim ming bo‘lgan bo‘lsa sentabrga borib 10 ming so‘mdan oshdi. Ammo paxta xarid narxi eskiligicha qoldi;
- tushirib berish xarajatlariga bir so‘m ham to‘lamadi, paxtani quritish va tozalash uchun shartnomada yo‘q narsaga pul ushlab qolingan. Undan tashqari konditsion og‘irlik va fizik og‘irlik o‘rtasida katta farq bor;
- xalqqa murojaat qildi qo‘shimcha haq to‘laymiz, kunjara, paxta yog‘ini beramiz deb, lekin berishmadi;
- shartnomada paxta miqdori VMning 2014-yilgi 235-sonli qaroriga zid ravishda ko‘p yozib qo‘yiladi va shartomadan ortiqcha paxta yetishtirish imkoniyati qolmaydi, ya’ni yerning ball banitetiga nisbatan hosildorlikni juda yuqori qilib yozib, shartnomani bajarmasdek darajada qilib qo‘yishadi”.
“Men majburlaganim yo‘q, tavsiya qilyapman”
Ellikqal’a tumani hokimi Seydamat Avezov Ozodlik bilan suhbatda fermerlar majburlanayotganini inkor qilib, ularning muvaffaqiyatli ishlashi maqsadida klaster bilan shartnoma imzolash tavsiya qilinayotganini aytdi:
“Ularning o‘zini ixtiyori, men ularga tuman hokimi sifatida ikkita klaster bor, biri yoqmasa ikkinchisiga a’zo bo‘lishingiz mumkin, deb taklif qildim. Kooperatsiyani yoping, qo‘ying, degan gap bo‘lgani yo‘q. Qonun doirasida ro‘yxatdan o‘tkazishgan. Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasi asosida bizda yana bir yangi tashkil qilingan “Ellikqal’a oltin tolasi” MChJ klasteriga fermerlarni taklif qildim. Chunki klasterlarga imtiyozli kreditdan pul ajaratiladi, ertaga qiynalib qolmanglar, dedim. Kooperatsiya esa biz umuman kredit olmaymiz, deyapti. Endi bularning orasida mablag‘i yo‘q, klasterdan qarzdor fermerlar ham bor. Ertaga ular qiynalib, paxtani qilolmay qolsa, tuman hokimi sifatida men javob beraman. Tumanning 165 ming xalqi bor, dehqonchiligi bor, suv muammosi bor, yeri ekilmay qolsa, yoqilg‘i, o‘g‘it ololmay qoladimi, keyin xafagarchilik bo‘lsa bo‘lmaydi. Shuning uchun taklif qilaman, chaqiraman, lekin majburlamayman”.
Qaror va farmon nima deydi, G‘aniyev nima deydi?
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2020-yilning 22-iyunida “Paxta xom ashyosini yetishtirish va qayta ishlash kooperatsiyalari faoliyatini tashkil etish” haqida qaror qabul qildi.
Bu qarorga ko‘ra, fermerlar o‘zlari uyushib kooperatsiya tashkil etishi mumkin.
Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunning 34-moddasiga asosan Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari dehqon va fermer xo‘jaliklarining tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan ushbu xo‘jaliklarning agrotexnika usullarini, yetishtiriladigan mahsulot turini tanlashiga, bu mahsulotning bahosini hamda realizatsiya qilish yo‘nalishini belgilashiga aralashishi mumkin emas .
2021-yil 16-noyabrida esa prezidentning fermerlar o‘z viloyatida klaster tanlash huquqiga ega bo‘lganligi haqidagi farmoni chiqdi.
Bu qaror va farmondan anglashinishicha, fermerlar endi o‘zlari mustaqil tarzda kooperatsiya tashkil qilib ishlashi yoki o‘z viloyatidan boshqa klasterni erkin tanlash huquqiga ega bo‘ldi.
Ammo 2022-yilda o‘zbekistonlik fermerlarning kooperatsiya tashkil qilishda yoki klaster tanlashda mahalliy hokimlar to‘siq bo‘layotgani haqidagi xabarlar ko‘paydi.
Vazirlar Mahkamasi qarori va prezident farmonining to‘la-to‘kis ijro etilishda, fermerlarning aytishicha, Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevning 2022-yil 18-martda o‘tkazgan yig‘ilishi bayonnomasining ilovasi to‘siq bo‘lmoqda.
Bu ilovaga ko‘ra, har bir tumandagi yerlar ma’lum klasterlarga biriktirib berilgan va fermer o‘z tumanidan tashqaridagi boshqa klaster bilan shartnoma qilish huquqi yo‘q.
G‘aniyevning idorasi hozirgacha tuman hokimlari tomonidan “qat’iy farmoyish” sifatida qabul qilingan va prezident farmoniga zid ushbu bayonnoma yuzasidan rasmiy izoh bergani yo‘q.