Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

2022: Mirziyoyev vs. Blogerlar. Tayoq, tahdid va ta’ma


O‘zbekiston prezidenti blogerlar bilan, 26-avgust, 2019, Samarqand
O‘zbekiston prezidenti blogerlar bilan, 26-avgust, 2019, Samarqand

Blogerlar - bugunga kelib O‘zbekistonning yangi so‘zi va yuziga aylandi. Har holda hokimiyat uni shunday taqdim etadi.

Garchi blogerlar Karimov davrida maydonga chiqishni boshlagan esa-da, so‘z erkinligining ko‘rinishi sifatida Mirziyoyev hokimiyatga kelgach e’tirof etildi va kengroq yo‘l berildi.

Mirziyoyevning o‘zi ularni yordamchilarim, deb ataydi... Ammo blogerlarning o‘zlarining e’tiroficha, bu erkinlik nisbiy.

Avvalo, blogerlar va bloging haqida.

Blog so‘zi inglizcha blog so‘zidan, inglizcha blog so‘zi esa web log so‘zlarining qisqartmasi — hozirda internet-kundalik yoki onlayn-kundalik ma’nosida qo‘llanadi.

Bloger - blog yurituvchi shaxs. Blogosfera - blogerlar tunu-kun yashab ijod qilayotgan virtual olam. Blogerlik - mutlaqo Internet hodisasi va nisbatan yangi hodisa.

Ilk bloglar - bir necha jumlalik matn va fotosuratlardan iborat xabar shaklida - Internet tarmog‘idagi saytlarda, 1990-yillarda paydo bo‘lgan. Ya’ni, blogerlikning asli - xabarchilikdan boshlangan, deyish mumkin.

Ammo, keyinchalik blog yozayotganlar - ya’ni, blogerlar xabarchilikdan tashqari o‘zaro fikr almashish, shaxsiy kechinmalarini ulashish, o‘zini tanishtirish, muloqot qilish va olish-sotish kabi yo‘nalishlarni sinay boshladilar. Tez orada, shaxsiy bloglar yoniga, jamoaviy va korporativ bloglar qo‘shildi.

Blog terminining o‘zi, oradan qariyb 10 yil o‘tib - 2000-yillarda keng iste’molga kirdi. Aynan shu yillardan avvaliga AQShda, keyin dunyoning boshqa mamlakatlarida siyosat va jamoat arboblari yurita boshlagan siyosiy bloglar ko‘zga tashlana boshladi.

O‘zbekistonda blogerlik qanday va qachon ommalasha boshladi?

Hozirga kelib bloging dunyoda va shu jumladan O‘zbekistonda ham shitob bilan faollashib bormoqda. Ayniqsa, YouTube, Instagram, Facebook, Twitter va Tik tok kabi ijtimoiy tarmoqlarida millionlab auditoriyaga ega bo‘lgan foydalanuvchilar bor.

Ular o‘z navbatida bloger va vlogerlarga ajralib qoldi. Ya’ni, voqelikka o‘z shaxsiy pozitsiyasini matn shaklida yozib yoki foto-videoxabar ulashib o‘quvchi qozonayotgan an’anaviy veb-blogerlar.

Vlogerlar videosharh yoki videokontent ulashadi, tomoshabin qozonayotgan. Ularning safi Internetning o‘zbek segmentida ham favqulodda kengaymoqda.

Bundan tashqari, tahlillari va taqdim qilayotgan eksklyuziv ma’lumotlar bois, blogerlar sohalariga ko‘ra ham ajralib qoldi:

  • siyosat;
  • inson huquqlari;
  • iqtisodiyot va banking;
  • huquqshunoslik;
  • davlatchilik va jamiyat,
  • tibbiyot;
  • ta’lim;
  • din;
  • ijtimoiy muammolar,
  • maishiy hayot,
  • Shou-biznes

va hokazo, o‘nlab yo‘nalishda nomi chiqqan blogerlar ko‘zga tashlanmoqda.

Berilgan erkinlikning chegarasi bormi va u qayerda?

Shavkat Mirziyoyev, 2016-yilda Islom Karimov vafot etishi bilan hokimiyatga keldi va ilk kunlaridan katta-katta islohotlar va’dasini bera boshladi.

O‘zbekistonning diktatorlik rejimi ostida kechgan qariyb 30 yillik hayotidan so‘ng - o‘zini islohotchi prezident sifatida taqdim qilgan Shavkat Mirziyoyevning bu gaplaridan jamoatchilik - o‘zbek matbuotiga uzoq kutilgan erkinlik berilishini kutgan edi.

Oradan qariyb 7 yil o‘tdi. Rasmiy matbuot erkinlashmadi. Buni nafaqat xalqaro tashkilotlar, hatto prezidentning o‘zi ham kuni-kecha qilgan chiqishida tan oldi:

«Shaxsan o‘zim OAVda chiqqan takliflarni muntazam kuzatib boryapman. Davlat televideniyesida ko‘p narsa yo‘q. Xususiy OAV, telekanallar faol ishlayapti. Xalqimizning erkin fikri, yaxshi takliflarini oshkora berishyapti. Bu ham ochiqlik sari qilgan harakatlarimiz belgisi, bu islohotlarda davom etamiz».

Ammo, Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi Yangi O‘zbekistonda, prezident va’da qilganidek, umumiyatla matbuot erkinlashmadi.

Ijitmoiy tarmoqlarda, matbuot yozmagan mavzularni yozib, jiddiy tahlil qilayotgan hamda buning uchun turli darajadagi hokimiyat organlari, huquq-tartibot idoralari nazariga tushayotgan blogerlarning aksari - so‘z erkinligi cheklanganini e’tirof etadilar. Garchi bu haqda Ozodlikka ochiq aytishga rozi bo‘lgan blogerlar ko‘pchilik emas.

Shu holatning o‘zi ham rasmiy va xususiy ommaviy axborot vositalari uchun o‘ta cheklangan va hatto, qariyb ko‘rinmayotgan so‘z erkinligi - aslida blogerlar uchun ham keskin chegaralanganidan dalolatdir.

Blogerlar tegmayotgan mavzular esa talay - prezident va uning oilasi, Bosh vazir, Toshkent va boshqa viloyatlar hokimlaridan ayrimlari va oilasiga aloqador tanqidiy, korrupsion iddaolarga oid mavzular, davlat xaridlariga oid korrupsion iddaolar, gaz-neft sohasida hukumat darajasidagi mulozimlar aralshgani da’vo qilinayotgan katta ko‘lamdagi o‘g‘riliklar va hokazo.

Bundan tashqari, joylarda hokimiyat, kuch ishlatar tuzilmalari qilayotgan qonunbuzarliklar.

Bu kabi, norasmiy tabu qo‘yilgan mavzularni yoritgan yoki tilga olishga uringan blogerlarga nisbatan jiddiy bosim bo‘layotgan, hibs va qamoq jazolari qo‘llanganiga oid misollar tobora ko‘payib bormoqda.

- Mahalliy hokimiyat organlarini korrupsiya uchun keskin tanqid qilgan surxondaryolik bloger Otabek Sattoriy 6 yarim yilga qamalgan,

- Hokimiyat idoralaridagi korrupsiyani tanqid qilgan, so‘z erkinligi va LGBT huquqlari himoyasiga chiqish qilgan toshkentlik bloger Miraziz Bozorov avvaliga kaltaklab ketildi, so‘ngra 3 yilga uy qamog‘iga tashlangan,

- O‘zbekiston rasmiylarining din bo‘yicha siyosatini tanqid qilgan toshkentlik bloger Fozilxo‘ja Orifxo‘jayev 7,5 yilga qamalgan.

- 2022-yil yakuniga kelib esa, energetik inqiroz uchun hukumatni keskin tanqid qilgan farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov qisqa muddat hibs qilindi va 21 million jarimaga tortildi.

- Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda oilasini nepotizm hamda korrupsiyada ayblagan toshkentlik tarmoq faoli Shohida Salomova avvaliga g‘oyib bo‘ldi, so‘ngra hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

- O‘zbekistonda korrupsiya, xususan prezident kuyovlarini keskin tanqid qila boshlagan Youtube tarmog‘idagi Ko'zgu kanali muallifi jurnalist Abduqodir Mo‘minov uyi yaqinida kaltaklab ketildi, uning o‘zi buni “suiqasd” deb da’vo arizasi kiritdi.

O‘zbekistonda blogerlarga nisbatan bosim va tazyiqlar Human Right Watch, "Chegarasiz muxbirlar" tashkiloti, Xalqaro Jurnalistlar qo‘mitasi, AQSh Davlat departamenti, Amnesty International kabi tashkilotlar tomonidan muttasil qoralanmoqda.

  • “Blogerlar tahdid qilinmoqda yoki hibsga olinmoqda. “Xalq fikri” kanali asoschisi Otabek Sattoriy qismati bunga misol. Uning sud jarayonini yoritishga uringan jurnalistlar hujumga yoki asossiz jinoiy ta’qibga uchradi”. “Chegarasiz muxbirlar” tashkiloti, 2021
  • “O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha islohotlar sur’ati 2021-yilda, ayniqsa, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozongan oktabrdagi prezident saylovi arafasida to‘xtab qoldi va ayrim jihatlarda orqaga chekindi”. Human Rights Watch tashkiloti, 2022
  • “Xalqaro maydondagi blogerlar mamlakatda turizm va maishiy hayot haqida ommaviy hamda yengil mavzularni yoritishga rag‘batlantirilar ekan, hukumatning mahalliy faollar tomonidan tanqid qilinishi hanuz imkonsizdir, bu esa mamlakatda so‘z erkinligi qattiq cheklanganicha qolayotganini anglatadi”. Amnesty International, 2022

Ammo, O‘zbekistonda hokimiyat va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan 4-hokimiyat vakillaridan ko‘ra ta’siri kuchliroq bo‘lib borayotgan o‘nlab nisbatan mustaqil va nisbatan erkin fikrlovchi blogerlar ham bor.

Bunday blogerlarning aksari, savodli va professional matn yozadigan tahlilchi, sharhlovchi va xabarchilik qilayotgan turli kasb egalari. Quyida ulardan ba’zilari:

  • Davletov.uz - Qobiljon Hidirov, jurnalist
  • Bakiroo - Otabek Bakirov, iqtisodchi
  • Xushnudbek.uz - Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos
  • TROLL.UZ - G‘ofur Ibragimov,
  • TentakMinds
  • Zafarbek Solijonov huquqshunos
  • Diyor Imomxo‘jayev sport sharhlovchisi
  • Muxbir Daliyev jurnalist
  • Effekt Makarenko
  • Muhrim,
  • Aqida Hanum
  • Aziza Umar kundaligi
  • Sanjar Xo'ja
  • Alter Ego

Bundan tashqari, shu kunda nisbatan erkinlashgan ijtimoiy tarmoqlar - ayniqsa, YouTube, Telegram va Facebook tarmog‘ida sahifa ochib, kattagina auditoriya yig‘ishga ulgurgan inflyuyenserlarning kattagina jamoasi bor.

Ammo, kuzatuvchilar va blogerlarning o‘zlari, O‘zbekistonda auditoriyasi katta va kun sayin o‘sib borayotgan blogerlar bir necha toifaga ajralib borayotganini qayd etmoqda:

  • Hokimiyatga moyil yoki hokimiyatga yaqin blogerlar,
  • Pul topish maqsadida o‘zi uchun ishlayotgan blogerlar,
  • O‘z fuqarolik pozitsiyasini xolis bildirib davlat va jamiyat ravnaqi uchun ishlayotgan mustaqil blogerlar.

OAV o‘rniga qo‘yilayotgan blogerlar faoliyati qanday tartibga solinadi?

Yana bir jiddiy masala - O‘zbekistonda blogerlik faoliyatining hozircha qonunchilik bilan tartibga solinmaganidir. Ya’ni, blogerlik faoliyati, majburiyati va himoyasini belgilovchi huquqiy asos yo‘q.

Jamiyatdagi jiddiy muammolar va bir uchi hukumat va hatto prezident oilasiga borib taqaladigan jiddiy korrupsion muammolar haqida chiqish qilayotgan blogerlarning erki hukumat tomonidan cheklanayotganiga oid jiddiy iddaolar bor.

Jumladan, hokimiyat organlarida “saroy javohirlari” deb nomlanayotgan blogerlar guruhi paydo bo‘lgani va AOKA maxsus nazoratga olgani, senzura qilayotganiga oid iddaolar shular jumlasidandir.

AOKA - prezident huzuridagi Axborotlashtirish va ommaviy kommunikatsiya agentligi. O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatga oluvchi va ularning faoliyatini regulyatsiya qiluvchi davlat organidir.

Ozodlik mana bu savollarni AOKAga yo‘lladi va tashkilot yozma javob berdi:

1. AOKA blogerlar faoliyatini regulyatsiya qiladimi va agar qilsa, qanday huquqiy asosda va tartibda regulyatsiya qiladi?

JAVOB:

“Blogerlar faoliyatini AOKA hech qachon regulyatsiya qilmagan, chunki bunday qonuniy normaning o‘zi yo‘q, ularning faoliyatiga hech qachon aralashmaydi. Faqat qonun(lar)ni buzishsa, xabarnoma jo‘natiladi (VMQ-707 va VMQ-807 asosida).

"Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida ta’rif berib o‘tilgan hamda ushbu qonunning 121-moddasida axborot tarqatishda qonunga zid qanday axborotlar olib tashlanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Axborot manbasini tanlashda va uni tarqatishda blogerlar butkul erkin faoliyat yuritishmoqda. AOKA qonunchilikdan kelib chiqqan holda blogerlarni faoliyatini tartibga solish, nazorat qilish, ro‘yxatga olish, ularni alohida rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib bormaydi.”

2. AOKA O‘zbekistonda auditoriyasi oshayotgan va jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatayotgan blogerlarni senzura qiladi, degan iddaolar bor, bu to‘g‘rimi?

“Noto‘g‘ri. Faqat yolg‘on axborot berishsa, xabarnomalar jo‘natiladi (VMQ-707 va VMQ-807 asosida).

Mazkur taraqatilayotgan kunlik axborotlar blogerlarning shaxsiy fikri yoki vaziyatga shaxsiy qarashi sifatida qaraladi va ulardan ommaviy axborot vositalariga bo‘lgani kabi ma’lumotni tekshirish, xolislikni talab etish shartlari so‘ralmaydi.

Ba’zan bu kabi erkin axborot tarqatish jarayonlarida vaziyatdan jumbushga kelgan blogerlar tomonidan axborotda yolg‘on, kamsituvchi, so‘kinish va boshqa qonunchilikka zid so‘zlar ifodalangan bo‘lsa, kommentlarda jamoatchilikka tahdid soluvchi so‘zlar, haqoratlar yozilgan bo‘lsa, joylashtirilgan postini o‘zgartirish yoki qonunchilikka asosan moderatsiya qilish talab etiladi”.

3. AOKA vositachiligida, hukumat va ayrim konkret amaldorlarga xizmat qiladigan, davlat va lobbi guruhlari siyosatini targ‘ib qiluvchi blogerlar guruhi borligi iddao qilinadi, bu to‘g‘rimi?

“Noto‘g‘ri. AOKAga unday vakolat berilmagan. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi real foydalanuvchilarni maxsus botlardan yoki buyurtma asosida yollangan shaxslardan ajratib olish qiyinchiligini ko‘rsatmoqda.

Bu ishlar platforma egalari tomonidan iste’molchilarga, foydalanuvchilarga, guruh rahbarlari va adminlariga beriladigan texnik imkoniyatlarni, ularga o‘rnatilgan tartibda shu ijtimoiy tarmoqlarni barcha funksiyalaridan, shikoyatlar berish orqali moderatsiya funksiyalaridan, o‘zini-o‘zi boshqarish funktsiyalaridan foydalanishni joriy qilish kerak bo‘ladi. Bu bilan barchaga so‘z erkinligi berilishini ta’minlagan holda, ikkinchi tomonidan yuqoridagi kabi yollanma maxsus tor, maqsadli doiradagi manfaatlarga xizmat qiluvchi blogerlarni oddiy fuqarolarning fikridan ustun kelmasligiga erishish mumkin bo‘ladi”.

Ammo, AOKA va shu kabi rasmiy davlat organlarining bu kabi bayonotlaridan jamoatchilik o‘rtaga tashlagan savollarga javob topilmaydi.

Jumladan, aksar tarmoq faollari va kuzatuvchilar hanuz Mirziyoyev va hukumati nega matbuotga emas, tanlangan blogerlarga cheklangan erkinlikni berdi, degan savolni bot-bot o‘rtaga tashlaydi.

Zotan, prezident axborot oluvchi manba sifatida blogerlarga ko‘proq ishonishini bir necha bor aytgan. Prezident, bunday blogerlardan ayrimlarini, hatto xalq va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lgan "To‘rtinchi hokimiyat" - OAV va ularning jurnalistlaridan ustun qo‘yib, yoniga olgan.

Bundan tashqari, Ozodlikning "Shovvozsoy" majmuasi haqidagi surishtiruvidan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev OAVga emas, aynan bloger Aziza Qurbonovaga izoh bergandi.

Aksar tahlilchilar, jumladan Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov, bu savol-javob sahnalashtirilgan, deb baholagan:

"Bloger Aziza Qurbonova “Shovvozsoy” haqida savol berganini olaylik. Bu blogerlar toifasiga bir oz yon bosish, ularga qandaydir savol berish imkoniyatini yaratish edi, xolos. Ayni chog‘da, agar shu savol keskinroq tarzda jurnalistlar tomonidan berilganida javob bunchalik jiddiy, shaffof va ishonchli chiqmagan bo‘lardi. Tabiiyki, jurnalistlarning o‘zi ham professionallik darajasi va qanchalik mustaqil ekaniga ko‘ra, bir-biridan farq qiladi. Mening fikrimcha, agar Mirziyoyev fikr bildirish va axborot erkinligini cheklashni xohlab qolsa, bundan blogerlardan ko‘ra ommaviy axborot vositalari ko‘proq zarar ko‘radi, chunki blogerlarni jilovlash rejim uchun ancha oson kechadi".

Tahlilchilar, rasmiy va davlat matbuotiga, xuddi tanlangan bloger va xususiy nashrlariga berilgani kabi erkinlik berish – aynan hukumatning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolayotganini qayd etmoqda.

Matbuot erkinligi ahvolini kuzatayotgan xalqaro tashkilotlar esa O‘zbekiston hukumatini so‘z erkinligi borasida berilgan va’dalar va e’lon qilingan islohotlarni tilda takrorlash emas, amalda bajarishga chaqirib kelmoqdalar.

XS
SM
MD
LG